AsosiyJamiyat

​Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foizgacha ko`tarish to`g`risida qaror qabul qildi

'​Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foizgacha ko`tarish to`g`risida qaror qabul qildi'ning rasmi

Markaziy bank Boshqaruvining pul-kredit siyosati chora-tadbirlarining iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta`minlashdagi samaradorligini muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilishi yakuni bo`yicha joriy yilning 28 iyun kunidan qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foizgacha ko`tarish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Mazkur qarorning qabul qilinishi joriy yilning o`tgan davrida inflyasiya sur`atlarining tezlashishi hamda inflyasion xatarlarning ortishini cheklash bo`yicha choralarni kuchaytirish zaruriyatining yuzaga kelganligi bilan izohlanadi.

Inflyasiya darajasiga narxlarning mavsumiy o`zgarishi hamda taklif omillari bilan bir qatorda iqtisodiyotni kreditlash hamda milliy valyuta devalvasiyasining o`tgan yilga nisbatan yuqoriroq sur`atlarda oshib borishi ham o`z ta`sirini o`tkazdi.

Yuzaga kelgan sharoitda amaldagi foiz stavkalari kredit resurslariga spekulyativ talabning oshishiga hamda inflyasion spirallar paydo bo`lishi xavfining ortishiga olib kelmoqda.

Ushbu holatda qayta moliyalash stavkasini oshirish to`g`risidagi qaror Markaziy bank tomonidan inflyasiya o`sishining oldini oluvchi ta`sirchan chora sifatida quyidagi maqsadlarni ko`zlaydi:

monetar omillarning narxlar darajasi o`sishiga ta`sirini va inflyasion xatarlarni cheklash hamda inflyasiyani maqsadli ko`rsatkichlar doirasida saqlab qolish;

ijobiy real foiz stavkalarini ta`minlash va iqtisodiyot real sektorini kreditlashda muvozanatli sharoitlarni yaratish;

valyuta kursi shakllanishining erkin bozor rejimiga o`tish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish;

narxlar barqarorligi va past inflyasion kutilmalarni ta`minlash hamda o`rta va uzoq muddatli investision qo`yilmalarni rag`batlantirish orqali tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy sharoitlarni shakllantirish.

Markaziy bank kelgusida ham narxlar darajasining o`sishiga yo`l qo`ymaslik va iqtisodiyotda barqaror past inflyasion kutilmalarni shakllantirishga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettiradi.

Iste`mol bozorida narxlar barqarorligi va inflyasion xatarlarning pasayishiga erishilishi bilan qayta moliyalash stavkasi qayta ko`rib chiqilib, pasaytirib boriladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar