Prezident Shavkat Mirziyoev Mirzo Ulug`bek tumaniga tashrifi chog`ida Katta Qorasuv mahallasiga tashrif buyurdi, deb yozadi O`zA.
Davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi davomida mahallalarda bo`lib, fuqarolar yig`ini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, xalq bilan muloqot qilmoqda.
Mamlakatimizda mahalla institutining huquqiy asoslarini mustahkamlash, vakolati va vazifalari ko`lamini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan o`zaro munosabatlarini ta`minlashga qaratilayotgan alohida e`tibor samarasida o`zini o`zi boshqarish organlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o`rni tobora ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni bilan mazkur tizim faoliyatida yangi taraqqiyot bosqichi boshlandi, tuzilma tubdan isloh qilinib, zamon talablari asosida takomillashtirilmoqda.
“Katta Qorasuv” mahalla fuqarolar yig`inida olib borilayotgan ishlar bunga yorqin misoldir.
Mahallada istiqomat qiladigan 3 ming 400 dan ortiq aholi orasida turli millat vakillari bor. Kapital ta`mirlangan mahalla markazi odamlarni o`zaro yaqinlashtirishga, do`stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Fuqarolar yig`inida mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xizmat xonalari bo`lib, ular zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari, mebel, tegishli adabiyotlar bilan ta`minlangan. Turli kitoblar, minglab elektron adabiyotlar bazasiga ega kutubxona aholining bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, yoshlar o`rtasida kitobxonlik madaniyatini keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari mahalla faollari bilan yoshlar tarbiyasi, aholi bandligini ta`minlash, mahallada jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.
Mahalla markazlarida choyxona, novvoyxona, “Go`zallik saloni”, do`konlar, sport va bolalar maydonchalari bo`lishi odamlarning zarur ehtiyojlarini qondirish bilan birga, hududdagi ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz mahalla hayoti bilan tanishdi. "Kristall" bolalar raqs ansambli a`zolari turli raqslar ijro etdi.
Yosh iste`dodlarga musiqa asboblari sovg`a qilindi.
Mahallada uyushmagan yoshlar bilan ishlashda aniq tizimni yo`lga qo`yish, ularni turli yot g`oyalar ta`siriga tushib qolishdan asrashda mahalla etakchi o`rin tutishi ta`kidlandi.
Aholi bilan doimiy muloqot o`rnatish, fuqarolar osoyishtaligi va xavfsizligini ta`minlash, voyaga etmaganlar bilan samarali ishlashi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish bo`yicha aniq ko`rsatmalar berildi.