Bundan bir necha kun avval xonanda Bahrom Nazarovning muxlislarga manzur bo`lgan taronalaridan biri “Nahotki”ga ishlangan klipi aslida o`g`irlangan bo`lib chiqqani haqida saytimizda xabar bergandik.
Ma`lum bo`lishicha, “Nahotki” klipining g`oyasi turk xonandasi Mustafa Ceceli`ning Illede ask klipidan o`g`irlangan.
Mazkuz vaziyat yuzasidan xonanda Bahrom Nazarov, klipning g`oya muallifi Anvar Haydarov hamda rejissyori Sunnat Namozovlar o`zi fikrlarini bildirishdi:
Anvar Haydarov (g`oya muallifi):
—Kimningdir aybini aytish, uni ko`rsatish oson ish, kimgadir shu klip g`oyasidan foydalanganimiz ma`lum bo`libdi-yu, ammo klipni birga bir ko`chirmaganimiz, o`zimizdan ham fikr qo`shganimiz ma`lum bo`lmapti. G`oya mendan chiqqan edi, ammo bugungi kunda ikkala klipni taqqoslayotganlar faqatgina aynan ko`chirilgan kadrlar bilan maqtanishmoqda. Aslida “Istiqlol” saroyidagi kadrning o`ziga bir kundan ortiq vaqtimiz ketgan, uni hech kim hisobga olmayapti. Klip rejissyori Sunnat Nomozovda “Nahotki” qo`shig`ining klipi uchun g`oyalar ko`p edi, biroq shu g`oya yaxshi ekanligini qayta-qayta takrorlab, ko`chirma variantni o`tkazishga oxirigacha kurashdim. Sababi bu g`oya muxlislarimizga tezroq etib borishiga, ular tez qabul qilishiga ishondim. To`g`risi o`sha klipni birinchi marta ko`rganimdayoq menga juda ham yoqdi, shu klipni muxlislarimizga ham ilinmoqchi bo`ldim, klip g`oyasi yaxshilikka xizmat qilgani uchun ham shuni ilgari surgan edim. Bu dunyoda hech narsa o`z-o`zidan bunyod bo`lib qolmaydi, qaysidir ijodiy mahsulot, boshqa bir ijodiy mahsulotga qiyosan dunyo yuzini ko`radi. Bu orqali kimningdir ishiga qo`shimcha ish qo`shib, kimgadir ortiqcha tashvish ortirgan bo`lsak uzr so`rayman.
Sunnat Namozov (klip rejissyori):
—“Nahotki” klipi xonanda Bahrom Nazarov bilan ijodiy hamkorlikdagi uchinchi video klip hisoblanadi. Xonanda Bahrom Nazarovning mazkur qo`shig`i o`zimga ham juda yoqqanligi sababli, unga 3-4 ta orginal, takrorlanmas g`oya o`ylagan edim. Ammo Anvar Haydarov ushbu g`oya bilan qo`shiq yanada tezroq muxlislarga etib borishi haqidagi fikrlari ijodiy jamoani fikrini o`zgartirdi. Klip birga bir qilib, 100% ko`chirilmadi, menimcha buni ikkala klipni ham ko`rgan muxlislarimiz yaxshi bilishayotgan bo`lishsa kerak.
Bahrom Nazarov, xonanda:
—“Nahotki” qo`shig`imizning klipiga juda ko`p g`oyalar o`ylandi. O`shalar orasida Anvar Haydarovning g`oyasi ijodiy jamoamizga ham, menga ham birdek ma`qul bo`ldi. Shunga o`xshash g`oya boshqa bir xonandada ham borligini aytganida, unda o`sha g`oyaga yondosh g`oya izlab topishlarini, qiyosan olishlarini so`ragan edim. Klipni birga bir ko`chir degan fikr hech qachon bo`lmagan. Haqiqatdan ham suratga olish ishlari boshlanganida, tasvirga olish ishlarining teng yarmi “Istiqlol” san`at saroyida bo`lib o`tdi. Klip rejissyori talab qilgan barcha narsani unga hozirlab berdik. Tan olish kerak, garchand Mustafa Chechelining klipi boshqa g`oyaga, bizning qo`shig`imiz umuman boshqa g`oyaga xizmat qilsada, haqiqattan ham uning klipiga o`xshab qolibdi. Hozir “hamma o`z ishini qilishi kerak edi, bu erda g`oya muallifi yoki rejissyor aybdor, men faqat qo`shig`imga javob beraman”, desam ham insofdan bo`lmaydi. Demakki, bu erda barchamizning ham o`zimizga yarasha aybimiz bor.
Mana ijodkorlarning fikrlariga guvohi bo`ldingiz. Xonandaning “Nahotki” taronasi darhaqiqat omadli taronalaridan biriga aylangan bir paytda uning ortidan bunday o`g`irlangan, ko`chirilgan degan fikrlar kelib chiqishi noxush holat albatta. Bunday salbiy fikrlar yuzaga kelmasligi uchun nima qilish kerak? Birinchidan, izlanish kerak, takrorlanmas, hech kimda uchramaydigan g`oyalar topish kerak. Ayrim ijodkorlar nima uchundir tayyor mahsulotdan foydalanish omadliroq bo`ladi, degan fikrda to`xtalishadi. Aslida o`sha tayyor g`oyani ham o`zlariga o`xshagan ijodkorlar o`ylab topgan bo`ladi-ku. Nahotki, ichidagi sermazmun ma`nodan kelib chiqib “Nahotki”ni original video bilan taqdim etishdan qo`rqqan bo`lsa ijodkorlarimiz?!
Har nima bo`lganda ham kelgusida sermahsul ijod qilayotgan ijodkorlarimiz yaratayotgan tarona va videolarini hech kim e`tiroz bildira olmaydigan darajada suratga olish darajasiga etishadi deb, umid bildirib qolamiz.