Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida hamda bu borada keng jamoatchilik, avvalo, yoshlar vakillarining taklif va mulohazalarini e`tiborga olgan holda O`zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 3 yil va undan ko`p muddat davomida faol ishlab kelayotgan xodimlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlang`ich to`lovi, shuningdek, tashkilotning faol a`zosi bo`lgan oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga o`rtacha o`zlashtirish ko`rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo`lgan taqdirda ta`lim bo`yicha to`lov kontrakti miqdorining 35 foizi O`zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan to`lanadi.
Bu haqda Prezidentning Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida”gi farmoni bilan belgilab qo`yildi.
Farmonning muhim jihati shundaki, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni yanada qo`llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2018-2021 yillarga mo`ljallangan Yoshlar uylarini barpo etish dasturi ishlab chiqiladi. Mazkur dasturda barcha yirik shaharlarda – ko`p qavatli, qishloq tumanlarida – 1-2 qavatli namunaviy loyihalar asosida arzon uylar yoshlarning uy-joyga bo`lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib qurilishi nazarda tutiladi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqining viloyat, shahar va tuman kengashlari raislarini rag`batlantirish maqsadida ularga “Matiz” va “Damas” avtomashinalarini xarid qilish uchun 10 yil muddatgacha mo`ljallangan, boshlang`ich to`lovi 15 foizlik imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Respublikamizning tuman markazlari va shaharlarda Yoshlar tadbirkorlik klasterlari tashkil etiladi.
Foydalanilmayotgan davlat ob`ektlarini, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi ob`ektlarni O`zbekiston yoshlar ittifoqining a`zosi bo`lgan yosh tadbirkorlarga to`lovsiz ijaraga berish tartibi joriy etiladi.