AsosiyJamiyat

​ENDI PATRONAJ HAMShIRAGA YO`L HAQI TO`LANADI

'​ENDI PATRONAJ HAMShIRAGA YO`L HAQI TO`LANADI'ning rasmi

Prezident topshirig`iga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi qarori bilan “Qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari patronaj hamshiralarining yo`l haqi kompensasiyasini belgilash va to`lab berish tartibi to`g`risida Nizom” tasdiqlandi.

Qarorga ko`ra, 2017 yilning 1 iyulidan e`tiboran qishloq joylarda oilalarga borib tibbiy patronajni tashkil qiluvchi qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlarining patronaj hamshiralariga kompensasiya tayinlanadi, deya xabar beradi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.

Kompensasiyani belgilash tartibi qanday?

Qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlarining patronaj hamshiralariga kompensasiya ish vaqti oylik me`yorining haqiqatda ishlangan ish kunidan kelib chiqib tayinlanadi. Bunda patronaj hamshiraga biriktirilgan aholi yashash joyigacha bo`lgan masofa asos sifatida olinadi. Ya`ni, hamshira qatnovni amalga oshiradigan aholi xonadonlari joylashuvi 10 kilometr va undan ko`p bo`lganda eng kam oylik ish haqining 100 foizi miqdorida patronaj hamshiraga yo`l haqi kompensasiyasi to`lanadi.

Qarorda har bir patronaj hamshira uchun kompensasiyaning umumiy miqdori eng kam oylik ish haqining 100 foizidan oshmasligi belgilab qo`yilgan.

Aholi yashash joyigacha bo`lgan masofa tuman tibbiyot birlashmasining tegishli buyrug`ida ko`rsatilishi lozim. Ya`ni, buyruq bilan qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari patronaj hamshiralariga biriktirilgan aholi punktining nomi va aholi soni, shuningdek, uning ish joyidan biriktirilgan aholi punktigacha oraliq masofa ko`rsatilgan ro`yxat tasdiqlanadi.

E`tiborli tomoni, kompensasiya mablag`lari tuman tibbiyot birlashmalarining yillik xarajatlar smetasida shu maqsadda ko`zda tutilgan Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Kompensasiya puli patronaj hamshiralarning egallab turgan ish stavkasiga mos ravishda to`lanadi. Mazkur mablag` hamshiraning yo`l haqi kompensasiyasi bo`lgani bois, mehnat ta`tili yoki vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik davrida to`lanmaydi.

Hamshiralar kompensasiya mablag`ini alohida to`lov qaydnomasi bo`yicha tuman tibbiyot birlashmasi buxgalteriyasi orqali olishadi.

Yana bir jihati shundaki, ushbu Nizomda belgilangan kompensasiya mablag`i hamshiralarning daromadi sifatida qaralmaydi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i, yagona ijtimoiy to`lov va fuqarolar sug`urta badallari solinmaydi.

Kompensasiyaning to`g`ri tayinlanishi va to`lanishi ham nazoratga olingan. Bu vazifa O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi. Patronaj hamshiralarga kompensasiya mablag`larini to`lash tartibi buzilsa, aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo`ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar