AsosiyJamiyat

EKSKLYuZIV: JAHON YuLDUZLARINING O`ZBEKISTONGA KELIShI BILAN BOG`LIQ BARChA SAVOLLARGA ANIQ JAVOB BERIShDI

'EKSKLYuZIV: JAHON YuLDUZLARINING O`ZBEKISTONGA KELIShI BILAN BOG`LIQ BARChA SAVOLLARGA ANIQ JAVOB BERIShDI'ning rasmi

O`tgan haftada chiqqan bir yangilik butun O`zbekistonda katta shov-shuvga sabab bo`ldi. Adashmayapsiz, bu jahon kinosi afsonasi, millionlab insonlarning kumiri Jan Klod Van Dammning birinchi bor O`zbekistonga tashrifi bilan bog`liq xabar. Shuningdek, aralash janglar ishqibozlari Jef Monson va Fyodor Emelyanenkoning kelishidan boshi osmonga etdi.

Biroq bu xabar o`z tasdig`ini topmadi. Aniqrog`i tashkilotchilar xalqaro turnir hujjatlari hali tayyor bo`lmaganini e`lon qilishdi. Bu haqida Darakchi.uz sayti ham tegishli materialni chop etdi.

Xo`sh, 2017 yil 9 sentbyar kuni “Bunyodkor” stadionida “ASIAN FIGHT - 2017” xalqaro sport turniri rostdan ham bo`ladimi? Van Damm, Jef Monson, Fyodor Emelyanenko, Van Byurenlar yurtimizga haqiqatan tashrif buyurishadimi?

Oldindan berilgan va`da bo`yicha savollarga rasman javob olish uchun O`zbekiston Penchak Silat federasiyasi raisi, “ASIAN FIGHT - 2017” xalqaro sport turniri tashkiliy qo`mitasi raisi Aziz Jo`raboev bilan batafsil suhbat uyushtirdik.

– Aziz Abdullaevich, to`g`ridan-to`g`ri savol: xalqaro turnir o`tishi va faxriy mehmonlar ishtiroki qanchalar haqiqatga yaqin?

- “ASIAN FIGHT - 2017” xalqaro sport turniri O`zbekiston Penchak Silat federasiyasining 2017 yil uchun tasdiqlangan yillik taqvimiga kiritilgan edi. Ya`ni bu o`tgan yilning oxiridayoq rejalashtirilgan. May oyining so`nggida turnir nizomi tegishli tartibda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasiga tasdiq uchun kiritildi va iyun oyining boshida tasdiqlandi.

- Demak, turnirni o`tkazish uchun ruxsat olindi, huquqiy asos bor?!

- Ha, albatta. Xalqaro sport turnirini o`tkazish uchun rasman ruxsat bor. Faqatgina “Bunyodkor” stadionida bunday keng miqyosda o`tkaziladigan ommaviy tadbirni tashkil etish bo`yicha tegishli tartib-qoidalar mavjud. Sir emaski, mazkur tadbir O`zbekiston nufuzini dunyo miqyosida yanada oshirishga, etishib kelayotgan yosh avlodda sog`lom turmush tarzi, xususan sportga muhabbatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Barcha ishlarning amaldagi qonunchilik va me`yoriy hujjatlar doirasida bo`lishidan birinchi navbatda o`zimiz manfaatdormiz. Shu maqsadda zaruriy hujjatlar to`plami Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Rasmiylashtirish ishlari tezroq yakuniga etishi uchun astoydil harakat qilyapmiz.

- Endi mehmonlar bo`yicha! Rostdan ham kino, sport va musiqa yulduzlarini ko`rish baxtiga muyassar bo`lamizmi?

- Jan Klod Van Damm, Jef Monsonning ishtirokini tasdiqlovchi hujjatlar qo`limizda turibdi. Bu borada gap-so`z bo`lishi mumkin emas. Fyodor Emelyanenkoning og`zaki tasdig`i olingan. Endi rasmiy xatini kutyapmiz. Faqatgina DJ Armin Van Byuren bilan vaqtlarimiz to`g`ri kelmadi. Shu sababli uning kelmasligi aniq bo`lib ulgurdi. Lekin musiqa shaydolari tashvishlanmasa ham bo`ladi. Ular kutgandan ham ajoyib syurprizlarimiz bor, uni keyinroq e`lon qilamiz.

- Hammaga qiziq bo`lgan bir savol: tashkilotchilar kim va turnir qay tarzda o`tadi?

- Xalqaro turnir tashkilotchilari –O`zbekiston Penchak Silat federasiyasi va “Sunrise Entertainment” MChJ.

Turnir rejasi quyidagicha: “Bunyodkor” stadioni o`rtasiga ring quriladi. Maysaga zarar etkazmaslik uchun maxsus materialdan yasalgan qoplama xorijga buyurtma qilindi. Ring jahon talablari darajasida, etarlicha yorug`lik berilgan holda, stadionning istalgan qismidan ko`rinadigan tarzda o`rnatiladi. Xalqaro turnirda miks-silat professional yo`nalishi bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zolari xorijlik raqiblari bilan kuch sinashadi.

- Bir paytlar “Rossiya protiv mira” shiori ostida janglar tashkil etilgan. Xuddi shunga o`xshaydi-da?

- Umuman olib qaraganda konsepsiya shunday. Miks-silat professional yo`nalishi bo`yicha terma jamoa a`zolari – haqiqiy o`zbekning mard o`g`lonlari. Ularning aksariyati xorijda ko`plab musoqalarda g`oliblik shohsupasini egallamoqda. Eng asosiysi, ularning barchasi O`zbekiston bayrog`i ostida ringga ko`tarilmoqda. Masalan, Anvar Boynazarovni olaylik. Qachon qarasangiz, xorijda. Bugungi kungacha 110 dar ortiq jang o`tkazdi. Lekin har doim yurtimiz bayrog`ini ko`tarib yuribdi. O`zbekistonga o`ziga yarasha obro`-e`tibor keltiryapti. Alpomishlar yurtidan chiqayotgan pahlavonlar g`alabaga doim tashna ekanini isbotlayapti. Bir so`z bilan aytganda, bizning terma jamoa ana shunday vatanparvar, yurtini, bayrog`ini sevuvchi, bugungi kun qahramonlaridan iborat. Ular safida Anvar Boynazarovdan tashqari, nafaqat O`zbekiston balki butun dunyoga o`z ismini tanitayotgan Mahmud Murodov, Hasan Barotov, Muxammadali Toshturg`unovsportchilarimiz. Agar internetga kirib, qidiruvga bersangiz ular o`tkazgan janglar videolari mavjud. Shu orqali ular haqida kengroq ma`lumot olish mumkin.

- Bunday jahon darajasidagi xalqaro turnirlarni tashkil etish bo`yicha sizda etarlicha mutaxassislar bormi?

- Albatta, bu juda katta masshtabli tadbir. Federasiya ham, “Sunrise Entertainment” ham bunday tajribaga ega emas. Shu sababli turnirni yuqori saviyada o`tkazish uchun rossiyalik va gollandiyalik tajribali promouterlarni jalb qildik. Ular iyul oyining yarmidan boshlab shu erda yashab, tayyorgarlik ishlariga yordam berishadi.

- “ASIAN FIGHT - 2017” ga O`zbekistondan boshqa davlatlarda ham qiziqish bormi?

- Ha. Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi qo`shnilarimiz allaqachon chipta va mehmonxona qidirishga tushgan. Har kuni ularning turli sport federasiyalaridan, sport ishqibozlaridan tinimsiz murojaatlar bo`lyapti. Hozircha rasmiylashtirish ishlari tugamagani sababli, ularga javobni kechiktiryapmiz.

Lekin bir narsani g`urur bilan aytishim mumkin, “ASIAN FIGHT - 2017”ni bir nechta xorijiy telekanal to`g`ridan-to`g`ri efirga uzatadi. Hozircha faqatgina EuroSport bilan muzokaralar oxiriga etdi.

- O`zimizning kanallarchi? Ular bilan hamkorlik qilinmaydimi?

- Axborot hamkori sifatida bitta telekanal, radiostansiya va internet nashrini tanlashimiz kerak. Chunki faxriy mehmonlar ishtirokidagi eksklyuziv intervyu yoki ularning qaysidir ko`rsatuvda qatnashishi bo`yicha oldindan aniq reja taqdim qilishimiz kerak. Bu borada taklif bilan chiqishyapti, lekin hali hal qilganimiz yo`q.

- Homiylarchi? Hozir yurtimizda juda ko`plab kuchli kompaniyalar bor. Ular o`z brendlarini butun dunyoga ko`rsatishni xohlashlari aniq. EuroSport kabi kanallar bu uchun juda katta imkoniyat. Yana bir savol: homiylar uchun nima va`da qila olasiz?

- Turnir nizomi tasdiqlangandan keyin homiylik bo`yicha uchrashuvlarni boshladik. Lekin hali aniq to`xtamga kelmadik. Bu bo`yicha “Sunrise Entertainment” vakillari shug`ullanishyapti. Homiylar uchun manfaatli takliflar berildi. Masalan, xalqaro turnir Bosh homiysi TV, radio, internet, umuman barcha joylarda doimiy e`lon qilinishi bilan bir qatorda, uning logotipi ring o`rtasiga qo`yiladi. Bu degani barcha janglar uning logotipi ustida bo`lib o`tadi. Mahalliy va xorijiy telekanallar, internet tarmoqlaridagi barcha videolarda u yaqqol ko`rinib turadi. Shuningdek, Bosh homiyning ofisi, ob`ekti yoki biron tantanali tadbirida faxriy mehmonlar ishtirok etadi. Bundan tashqari yana bir nechta jozibador takliflar berildi.

Bosh homiydan tashqari yana ikkita rasmiy homiy bo`ladi. Ularga ham o`ziga yarasha qulayliklar yaratilgan. Ulardan biri ring ustunlariga logotip joylashtirish.

Asosiy homiylardan tashqari “Turnirning Bosh ichimligi”, “Turnir enerjayzeri”, “Turnir internet provayderi” kabi 10 ga yaqin yo`nalishda hamkorlarni jalb qilish niyatidamiz.

- Faxriy mehmonlarning asosiy roli nimada?

- Faxriy mehmonlar avvvalambor yurtimizning xalqaro nufuzini ko`tarish uchun taklif etilyapti. Chunki jahon kino va sport yulduzlari butun dunyoning nigohida bo`ladi. Ko`plab xorijiy ommaviy axborot vositalari ularning ortidan kuzatadi. O`zbekistonda bunday yulduzlarning tadbirda ishtirok etishi yurtimizga bo`lgan e`tiborni keskin kuchaytiradi. Mehmonlar tadbirdan bir-ikki kun oldin kelishadi, jannatmakon yurtimiz bilan tanishadi.Shuningdek, xalqaro turnirdan oldin faxriy mehmonlar ishtirokida alohida dastur asosida yosh sportchilar va kinoaktyorlar uchun master-klasslar va matbuot anjumani o`tkaziladi.

- Turnirni yoritish bo`yicha OAV vakillariga kirish erkinmi?

- Tartibni saqlash maqsadida barcha ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditasiyadan o`tkaziladi.

- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Umid qilamanki, qo`shimcha ma`lumotlar paydo bo`lganida uni biz orqali o`quvchilariga havola etasiz.

- Sizga ham aniq va lo`nda savollar uchun rahmat. Yangiliklar bo`lganida albatta, yana bir suhbatlashamiz.

Laylo RUSTAMOVA suhbatlashdi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar