AsosiyShou-biznes

“Aladdin” guruhi “Korean POP World Festival 2013”da Gran-prini qo`lga kiritdi

Janubiy Koreya Respublikasining Chanvon shahrida har yili muntazam ravishda “Korean POP” xalqaro musiqa festival-tanlovi o`tkaziladi.

Bu yil ham mazkur festivalda ishtirok etish uchun dunyoning 43 mamlakatidan jami 10 mingta ariza tushgan. Undan ikkinchi turda xalqaro internet tarmoqlari orqali ovoz berish yo`li bilan 30ta mamlakat qatnashchilari tanlab olingan, bu haqda O`zbeknavo estrada birlashmasining rasmiy sayti xabar beradi.

Festivalning final bosqichida Argentina, Xitoy, Kosta-Rika, AQSh, Indoneziya, Yaponiya, Keniya, Yangi Zelandiya, Paragvay, Gresiya, Ruminiya, Rossiya, Turkiya, Chexiya hamda O`zbekistondan tashrif buyurgan guruhlar ishtirok etishdi. Ushbu tanlovda yurtimiz sharafini himoya qilgan “Aladdin” guruhi “Girl” qo`shig`ini mahorat bilan ijro etib, festival bosh sovrini – Gran Prini qo`lga kiritishdi.

“Aladdin” estrada studiyasi 1990 yilda tashkil topgan. O`tgan yillar davomida 15dan ortiq xalqaro festival, tanlov va musiqiy loyihalarda ishtirok etib, faxrli o`rin va sovrinlarni qo`lga kiritgan. 

“Aladdin” estrada studiyasida 7ta guruh faoliyat olib boradi. Unda 6 yoshdan 25 yoshgacha bo`lgan 100dan ortiq o`quvchi va talaba yoshlar ishtirok etishadi. Joriy yilda studiyaning 9 nafar a`zosi “Yangi avlod” Respublika ko`rik-tanlovining laureatlik diplomini qo`lga kiritdi hamda 48 nafari Xalqaro ko`rik-tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o`rinlarni egalladi.

    Boshqa yangiliklar