14.11.2013 17:22
Afg`onistonda qoradori etishtirish rekord darajaga etdi
Bir yil ichida Afg`onistondagi ko`knori etishtiriladigan maydonlar 193 ming gektardan 210 ming gektargacha oshgan. Bu bir necha yil davomida afg`on dehqonlarini qoradori o`rniga foydali qishloq xo`jalik ekinlarini etishtirishga yo`naltirish uchun katta mablag` sarflagan mamlakatlar uchun juda noxush “sovg`a” bo`ldi, deyiladi ma`ruzada.
Unda qayd etilishicha, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish Afg`onistondan xorij qo`shinlarining olib chiqilishi arafasida sezilarli darajada oshgan. “Giyohvand moddalar savdosidan olingan mablag`lar qoradorifurushlar tomonidan kelasi yili bo`lib o`tadigan prezidentlik saylovlarida o`z nomzodlarini qo`llab-quvvatlash uchun ishlatilishi mumkin”.
Shu o`rinda, Afg`oniston hamon dunyodagi eng yirik qoradori etishtiruvchi mamlakat bo`lib qolayotganini qayd etish joiz. Agar o`tgan yili jahon “qoradori bozorining” deyarli 75 foizi shu mamlakat ulushiga to`g`ri kelgan bo`lsa, joriy yilda ushbu ko`rsatkich 90 foizga oshgan. Tahlilchilarning fikricha, buning sabablari ko`p, ulardan asosiysi xavfsizlik va qoradorining yuqori narxlari muammosi hisoblanadi.





