AsosiyShou-biznes

Ziyoda: “Farzandli bo`lsam ham, ijodiy tanaffus qilmayman”

So`nggi ikki yil o`zbek san`akorlari uchun juda ham omadli keldi, desak, adashmaymiz. Chunki aynan shu yillarda ko`plab mashhurlarning baxt to`ylariga guvoh bo`ldik. Bugungi suhbatdoshimiz Ziyoda ham  24 noyabrda sevgan insoni bilan o`z visol oqshomini nishonlagan edi. Shu kunlarda esa ona bo`lish arafasida. Bugun uning xonandonida mehmon bo`lar ekanmiz, suhbatimiz faqat oila mavzusiga qaratilishiga harakat qildik.
— Kelinlik “lavozim”iga erishganingizga ham yarim yildan oshdi. Ancha o`rganib qolgandirsiz...
— Bugungi hayotimdan, baxtimdan, oilamdan juda xursandman. Ilgari turmush qurgan dugonalarimning qiynalganini ko`rib, “hayot shumi?”, degan xayol o`tardi yuragimdan. Ammo bugun oilam bilan baxtli hayot kechirayapman deb bemalol ayta olaman. To`g`ri, qiyinchiliklar bor, mas`uliyati ham katta. Ishimizdan tashqari oilamiz uchun vaqt ajratib, ro`zg`orga ham ulgurishimiz kerak. Ammo bularning barini bajarish men uchun zavqli. O`rganib qolganimdanmi, bugun hech qanday qiyinchilik sezmayapman.

— Kunni reja asosida o`tkazsang, hamma narsaga ulgurasan, deyishadi... Siz ham kunni rejadan boshlaysizmi?
— (Kulib) Bizning sohada reja bilan ishlashning iloji yo`q. Chunki “bugun ishim yo`q, bor vaqtimni uyda o`tkazib, ro`zg`or yumushlarini qilaman” deganimda albatta, kutilmagan xizmat vazifalari chiqib qoladi. Shu sababli reja uchun ortiqcha vaqt sarflab o`tirmayman.
— Aksariyat turmushga chiqmagan qizlar negadir qaynonalar haqida salbiy fikrda bo`lishadi. Siz-chi?
— Tan olaman, turmush qurishimdan avval menda ham yomon xayollar bo`lgan. “Qaynonam qanday bo`lar ekan? “Ayrim filmlarda ko`rsatiladigandek zug`umkor bo`larmikan?” deb o`ylaganman. Lekin doim yaxshi niyat qilardim. Alloh niyatga qarab etkazar ekan, bugun qaynonam mening ikkinchi onam. Bizlar uchun barcha sharoitni yaratib berganlar. Ishimni, san`atimni tushunib qo`llab-quvvatlashga harakat qiladi. Bizlarni alohida uyga chiqarib, hech narsaga chalg`imasdan ijod bilan shug`ulanishimga imkon yaratganlar. Qaynonam bilan birga yashamasak-da, dam olish kunlari borib xabar olib turishni kanda qilmaymiz. Kelinlik vazifamni bajarishni yaxshi ko`raman.




— Shu sabab ham turmushga chiqqaningizdan keyin ijoddan to`xtamagan ekansiz..

— Ha. Yangi oila a`zolarim, sevimli turmush o`rtog`im ishlashim uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishdi. To`ydan bir hafta o`tib, doimgidek ishimni davom etiraverganman. Lekin turmush o`rtog`im doim yonimda. Birga ishlaganimiz uchun ijodimni  tanaffussiz davom ettirdim.
— Demak, prodyuser, ma`murlik vaziflarini unga topshirgansiz?
— Yo`q. U ular mening doimiy hamrohim, ko`makdosh, suyanchig`im. Ammo prodyuserlik va ma`murlik qilmaydi. 
— Bugun yana bir katta baxtga erishish arafasiz...
— (Jilmayib) Yaratganga shukr, meni shunday baxtga munosib ko`rdi. Yuragimdan o`tayotgan hislar haqida gapirishning o`zi hayajon bag`ishlaydi. Qalbimda kechayotgan hislar to`fonini so`zlar bilan tushuntirib berolmayman. Ilgari onalardan “bolamga kiyim olsam, o`zim kiyadigandek xursand bo`lib yuraman” degan gaplarni eshitardim. Bu haqiqat ekan. Farzandim hali dunyoga kelmagan bo`lsa ham unga xarid qilgan liboslarni o`zim kiyadigandek sevinib yuraman.
— Ona bo`lishingizni bilganingizda-chi?
— Bu xabarni bilganimda, ochig`i ko`zimdan tinimsiz yosh quyilavergan. Birinchi bo`lib turmush o`rtog`imga qo`ng`iroq qilib quvonchim bilan bo`lishganman. Mening  holatimni ko`rib turmush o`rtog`im ham ko`ziga yosh olgan edi.  
— Sir bo`lmasa, o`g`il kutyapsizmi yoki qiz?
— Xudo etkazgani. Menga qolsa, birinchi farzandim  — qiz, keyingisi o`g`il bo`lishini istayman. Sababi, ayolga yordamchi kerak. Ammo bu fikrimga turmush o`rtog`im qo`shilmayapti. Hamma erkaklar singari u ham birinchi farzandi o`g`il bo`lishini istaydi. Ammo oldindan farzandimizning jinsini bilishga shoshilmayapmiz. Bizga qizmi, o`g`ilmi farqi yo`q. Asosiy maqsadim - sog`lom farzand ko`rish.



— Homiladorlikda ko`pchilik ayollar biroz injiq bo`lib qoladi...

— Bu bor gap. Ochig`ini aytsam, mening ham ancha-muncha yangi “qiliq”larim paydo bo`lgan (kuladi). O`z-o`zidan injiqligim tutib, hech narsa yoqmay qoladi, hamma bilan urishib qolaman, sababsiz yig`lashim ham mumkin. Hatto turmush o`rtog`im bilan ham gap talashadigan bo`lib qolgandim. Avvaliga bu narsani unchalik tushunmay, o`zim ham hayron bo`lardim. Ammo onam, qaynonam bu tabiiy hol ekanligini, bularning hammasi o`tib ketishini tushuntirishgach, yon-atrofimdagilar ham mendan xafa bo`lmaydigan, o`zim ham injiqliklarimdan xijolat chekmaydigan bo`ldim.
— Ona tug`ilajak farzandi bilan ko`p suhbatlashishi kerak deyishadi...
— Ha, bu haqida men ham eshitganman. Ko`pincha yolg`iz qolganda u bilan gaplashib, ertak kitoblar o`qib beraman. Birga qo`shiq tinglaymiz. Tug`ilajak farzandim bilan muloqotni uzmaslikka harakat qilaman. Chunki u meni eshitadi, ba`zida harakatlari bilan menga javob ham qaytaradi (kuladi).
— So`nggi vaqtlarda ijodingizda yangi qo`shiqlar nisbatan kam. Lekin to`y xizmatlarini kanda qilmayapsiz...
— To`g`ri. Lekin doim shifokorim nazoratidaman. U menga doim harakatda bo`lishni tavsiya etgan. Ayol homiladorligida doimiy harakatda bo`lsa, farzand qiyinchiliksiz dunyoga kelarkan. Bundan tashqari, ko`z tegmasin sog`lig`im ham ishlashimga imkoniyat yaratyapti. Imkoniyat bo`lsa, nega endi ishlashdan to`xtashim kerak? Buni odamlar noto`g`ri tushunmasligini istardim.
— To`y-hashamlarda, odamlarning nazari tegishidan qo`rqmaysizmi?
— (O`ylanib)  Qo`rqaman. Lekin Allohga ishonaman.  Uning O`zi yomon ko`zlardan asrasin. 
— O`zingizni onalikka tayyorman deb o`ylaysizmi?
— (Jilmayib) Bilmasam, qo`ldan kelguncha yaxshi ona bo`lishga harakat qilaman. Kelgusida farzandlarimga yaxshi imkoniyatlar yaratib berish niyatidaman. Ayol kishi uchun berilgan bu baxtni hech narsani bilan o`lchab bo`lmaydi.
— Ko`pchilik onalar tashqi ko`rinishini saqlab qolish uchun farzandini sun`iy yo`l bilan oziqlantirishga  harakat qiladi...
— Men bu narsaga mutlaqo qarshiman. Ona va bolaning mehri aynan ona suti orqali o`tishini eshitganman. Buni bila turib bolamni turli sun`iy ozuqalar bilan boqish niyatim yo`q. Farzandimni rizqidan ayirmayman, qaddi-qomat vaqt o`tsa, to`g`rilanishi mumkin.
— Farzandingiz dunyoga kelgandan keyin ijodingizda tanaffus bo`ladimi?

— Rosti, tanaffusga chiqish niyatim yo`q. Chaqaloqning chillasi chiqqach,  ijodimni davom ettiraveraman. Ammo uyda o`tirgan kezlarimda ham oldin kuylangan qo`shiqlar va ularga suratga tushirilgan kliplar “aylanaveradi”. Tinglovchilar uyda qirq  kun o`tirib qolganimni sezishmaydi ham (kuladi).
— Demak, farzandingiz tarbiyasida enaganing yordamidan foydalanasiz?

— Oilamizda enagalar juda ko`p (kuladi). Bolamni begonalar qo`liga emas, o`zimning opa-singillarim qo`liga topshiraman. Ammo o`zim ham chetda qarab turmayman. Ular faqat vaqtim bo`lmagan kezlardagina menga yordamga kelishadi.
— Irimlarga e`tiborlimisiz? Masalan, oldindan farzandingizga ism tanladingizmi?

— Aslida irimchi emasman. Ammo bolamizga ismni tug`ilgach, tanlashni istadik. Ismlar kitobini ham olib kelib qo`yganmiz. Farzandimiz eson-omon dunyoga kelgach, unga ism tanlaymiz. Irim qilmasdan qanchadan-qancha kiyimlarni ham xarid qilib qo`yganmiz.

 
IJOD HAQIDA QISQAChA

—Jahongir Poziljonov bilan kuylagan so`nggi “Olaver” nomli duetingizni ko`pchilik tanqid qildi. “Ziyoda bu kabi qo`shiqlar kuylab, o`z ovozini qadrsizlantiryapti” deganlar ham bo`ldi.

— Ijodimni ilk boshlagan yillarimda “Bojalar” guruhi bilan juda ko`p duetlar kuylaganmiz. Ammo so`nggi yillarda hamma o`z ijodi bilan ovora bo`lib qolgandi. Bu xonanda bilan  birgalikda ijod qilishni sog`inganimiz uchun duet kuylashga qaror qilgandik. Hazilomuz qo`shiq va klip bo`lgan. Tinglovchilar buni noto`g`ri tushunishlarini istamasdim.Tez kunlarda “Sevadi yorim mani” nomli yangi qo`shig`imga olingan klipni taqdim etamiz. Aynan shu sho`x tarona tinglovchilarga yoqadi degan umiddaman.Ziyoda bilan suhbat jarayonida uning baxtidan sarxush ekanini sezdik. Oilasi, onalikka tayyorlanayotgani haqida sevinch bilan gapirib charchamadi. Biz ham u bilan xayrlashar ekanmiz, undagi mayin tabassum, baxtli nigohlar bir umr tark etmasligini tilab qoldik. 
Aliya TULEMBAEVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir Husan QOSIMOV

    Boshqa yangiliklar