20.11.2013 18:14
2014 yilgi Davlat byudjeti tasdiqlandi
Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar O`zbekiston Respublikasining 2014 yilgi Davlat byudjeti loyihasini ko`rib chiqdilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar qiladi. Yig`ilishda ta`kidlanishicha, mamlakatimizning 2014 yilgi Davlat byudjeti loyihasi 2013 yil yanvar oyida o`tkazilgan Hukumat majlisida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hamda joriy yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarining prognoz bahosi asosida ishlab chiqilgan. Byudjet loyihasi iqtisodiyotning barqaror yuqori sur`atlarda o`sishini, iqtisodiy barqarorlikni, eksport o`sishining muvozanatlashtirilgan ko`rsatkichlarini, tashqi savdo va to`lov balansining ijobiy saldosini saqlab qolishga, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgandir. Ayni bir vaqtning o`zida 2014 yilda ishlab chiqarishni modernizasiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash miqyoslarini jadallashtirish va kengaytirish hamda yo`l-transport va muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturlarini faol amalga oshirish davom ettiriladi. Bu haqda O`zA xabar beradi. 2014 yilda yalpi ichki mahsulot 108,1 foizga, sanoat mahsuloti 108,3 foizga, qishloq xo`jaligi mahsuloti ishlab chiqarish 105 foizga va kapital qo`yilmalar 109,5 foizga o`sishi nazarda tutilmoqda. Davlat byudjeti loyihasida yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliqning bazaviy stavkasini 9 foizdan 8 foizga kamaytirish nazarda tutilmoqda, bu esa 132 milliard so`mni korxonalar ixtiyorida qoldirish imkonini beradi. Jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan soliq bo`yicha daromadlarga soliq solishning eng kam stavkasini 8 foizdan 7,5 foizga kamaytirish nazarda tutilmoqda. Mamlakatimizning kelgusi yildagi asosiy moliyaviy hujjati aniq ijtimoiy yo`nalishga ega. Unda ijtimoiy soha, sog`liqni saqlash, ta`lim, madaniyat sohalarini yanada rivojlantirishga, umuman, mehnat haqini jadal oshirishga, manzilli ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni ta`minlashga katta e`tibor qaratilgan. Chunonchi, 2014 yilda ta`lim sohasiga ajratiladigan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 7,5 foizini, sog`liqni saqlashga ajratiladigan xarajatlar esa YaIMning 3,1 foizini tashkil etadi, bu esa barkamol va sog`lom avlodni voyaga etkazish, shuningdek, sog`liqni saqlash tizimini isloh etish bo`yicha qabul qilingan dasturlarda nazarda tutilgan tadbirlarni to`liq hajmda moliyalashtirish imkonini beradi. Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy jihatdan qo`llab-quvvatlash uchun sarflanadigan xarajatlar 2013 yildagi 59,3 foizdan 2014 yilda 59,6 foizga ko`payadi. Fuqarolarni ijtimoiy ta`minlashga ajratiladigan xarajatlarni oshirish ko`zda tutilmoqda. Ijtimoiy nafaqalar to`lash, kam ta`minlangan oilalarga moddiy yordam berish, shuningdek, kompensasiya to`lovlariga sarflanadigan xarajatlar YaIMga nisbatan 1,4 foiz miqdorida nazarda tutilmoqda. Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan markazlashtirilgan investisiyalar hajmi 1,5 trillion so`mni yoki YaIMga nisbatan 1,0 foizni tashkil etadi, ushbu mablag`lar qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta`minlashga va yangi tashkil etilayotgan turar-joy massivlarida ijtimoiy infratuzilma ob`ektlarini va ichki yo`llar barpo etishga yo`naltiriladi. Xususan, qishloq joylarda namunali loyihalar bo`yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturiga ko`ra 2014 yilda barpo etiladigan 11000 ta turar-joy qurilishini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan YaIMga nisbatan 0,5 foiz miqdorida mablag` ajratish, shu bilan bir qatorda yakka tartibdagi uy-joy quruvchilarning va Osiyo taraqqiyot banki zayomining mablag`larini sarflash nazarda tutilmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikning turli shakllarini kengaytirish, shuningdek, kasb-hunar kollejlari va liseylarning bitiruvchilarini ishga joylashtirish hisobiga Ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta`minlash dasturini amalga oshirish – mamlakatimizni kelgusi yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yo`nalishlaridan biridir. 2014 yilda 983,6 mingta yangi ish o`rinlari tashkil etish mo`ljallanmoqda. Davlat moliyaviy mablag`larini boshqarishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, byudjet mablag`laridan samarali foydalanilishini kuchaytirish va davlat tomonidan ko`rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 2014 yil 1 yanvardan boshlab 2014-2015 yillarda sinab ko`rish uchun O`zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksini amalga kiritish nazarda tutilmoqda. Ana shu davr mobaynida zaruratga qarab o`zgartish va qo`shimchalar kiritib boriladi. Byudjet kodeksini amalga kiritishdan asosiy maqsad – amaliyotdagi mavjud qarama-qarshiliklar va eskirib qolgan normalarni bartaraf etish, shuningdek, amaliyotda qo`llaniladigan normalar, qoidalarni, byudjet jarayoni qatnashchilarining vakolatlarini tizimlashtirish imkonini beradigan yagona qonun hujjatida butun byudjet jarayonini tizimlashtirishdan iboratdir. 2014 yilda iqtisodiyot zimmasidagi soliq yuki 0,5 foizga kamaytirilishi ta`kidlab o`tildi. Shuningdek, O`zLiDeP o`zining Saylovoldi dasturi nizomlaridan kelib chiqqan holda fermerlik harakati vakillarining manfaatlarini himoya qilib, noqulay tabiiy sharoitlarda paxta etishtiruvchi fermer xo`jaliklarini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash uchun ajratilgan Davlat byudjeti xarajatlari 2014 yilda joriy yildagidan 26 milliard so`mga ortganini ko`rsatib berdi, bu esa noqulay tabiiy sharoitlarda paxta etishtiruvchi qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshliligini oshirish imkonini beradi. Shuningdek, suv xo`jaligi ob`ektlarini ta`minlashga sarflanadigan xarajatlar YaIMga nisbatan 1,1 foiz miqdorida ko`zda tutilganligiga, bu esa joriy yildagiga nisbatan 16,2 foizga ko`proq ekanligiga e`tibor qaratildi. O`zbekiston Xalq-demokratik partiyasi fraksiyasi a`zolari mamlakatimizning kelgusi yilgi asosiy moliyaviy hujjati ijtimoiy jihatdan aniq yo`naltirilganligiga alohida e`tibor qaratdilar. Shu maqsadda ajratilayotgan katta miqdordagi byudjet mablag`lari ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar va ijtimoiy to`lovlar miqdorlarini yanada oshirish orqali aholining farovonligini izchil ravishda yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan eng kichik soliq stavkasining 0,5 foizga pasaytirilishi aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini bundan buyon ham qo`llab-quvvatlashga qaratilgan. Shu bilan birga Davlat byudjetining daromad qismida rejalashtirilgan mablag`larning kelishi, shuningdek, undan samarali foydalanilishi, ayniqsa aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga yo`naltiriladigan byudjet mablag`lar ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish zarurligi to`g`risidagi taklif bildirildi. Bu nuqtai nazardan xalq deputatlari mahalliy kengashlarining deputatlar korpusi bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish zarurligi to`g`risida taklif bildirildi. O`zbekiston «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasidan saylangan deputatlar 2014 yilgi byudjet soliq-siyosati konsepsiyasi va Davlat byudjeti loyihasida jahon iqtisodiyotida murakkab jarayonlar va salbiy holatlar davom etayotgan sharoitda mamlakatimizni barqaror rivojlantirishning muhim omili sifatida ichki talabni qondirishni rag`batlantirishga qaratilgan keng ko`lamli tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilayotganligini ta`kidladilar. Jahon bozorlaridagi noqulay kon`yunktura sharoitlarida mamlakatimizdagi mahsulot eksport qiluvchi korxonalarni yanada qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganligi juda muhim ekanligi ta`kidlandi. Shuningdek, turizm va xizmatlar ko`rsatish sohalarini yanada rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlarning qabul qilinishi mahalliy byudjet daromadlarining oshishiga va mintaqalarning iqtisodiy salohiyati mustahkamlanishiga ko`maklashishi aytib o`tildi. «Adolat» Sosial-demokratik partiyasi fraksiyasi a`zolari mamlakatimizning ilmiy-texnik salohiyati to`liq amalga oshishi mumkin bo`lgan innovasion tipdagi iqtisodiyotni yaratish eng muhim vazifa deb hisoblaydilar. Shu bilan birga fraksiya iqtisodiyotni modernizasiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta qurollantirish chora-tadbirlariga muhim ahamiyat bermoqda. Fraksiyaning fikricha, iqtisodiyot fan va texnikaning eng zamonaviy yutuqlariga, iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarishga hamda ta`lim tizimiga tayanishi kerak. Shu munosabat bilan 2014 yilda fanga ajratiladigan xarajatlar YaIMga nisbatan 0,1 foiz miqdorida yoki 2013 yildagiga nisbatan 1,2 baravar ortiq ekanligi muhimdir. O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar aholi punktlarini obodonlashtirish, aholini ichimlik suvi, ekologik jihatdan toza oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta`minlash ishlarini davom ettirish muhimligini ta`kidlab o`tdilar. Ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan modernizasiyalashni amalga oshirish chog`ida atrof-muhitni muhofaza qilishni ham unutmaslik darkor. Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, joylardagi ayrim korxonalar rahbarlarining belgilangan ekologik normalarini buzganlik uchun javobgarligini yanada kuchaytirish muhimligi uqtirildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda O`zbekiston Respublikasining 2014 yilgi Davlat byudjetini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.