O`zbekiston Futbol Federasiyasining qaroriga ko`ra, 25 avgust kuniga belgilangan O`zbekiston va Qirg`iziston terma jamoalari o`rtasida uchrashuv yopiq tarzda o`tkaziladi.
Ushbu o`yinni tashkil etish bo`yicha o`tkazilgan muzokaralar davomida O`zbekiston va Qirg`iziston terma jamoalari o`yinchini almashtirish imkoniyatidan cheklanmagan miqdorda foydalanishga o`zaro kelishib olganligi munosabati bilan o`yin xalqaro o`rtoqlik uchrashuvi maqomiga ega bo`lmaydi.
“Futbol qoidalari”ning maydondagi o`yinchilarning soni haqidagi 3-bandiga ko`ra, milliy terma jamoalarning xalqaro o`yinlarida ko`pi bilan bir jamoadan 6 futbolchining almashtirilishiga ruxsat beriladi. 6 futbolchidan ko`p o`yinchi almashtirilgan o`yinga “nazorat uchrashuvi” maqomi beriladi va u FIFAning xalqaro taqvimida ro`yxatga qo`yilmaydi. Shu sababli, O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasidagi o`yin nazorat o`yini sifatida darajalanadi va FIFA reytingini hisoblashda inobatga olinmaydi.
FIFAning 2017 yil 26 iyulida tashkilotga a`zo federasiyalarga yuborgan 1593-raqamli sirkulyarga ko`ra, bunday nazorat uchrashuvilarining targ`iboti, o`yinga chipta sotish, o`yinni translyasiya qilishga ruxsat berilmasligi munosabati bilan O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasidagi nazorat o`yini translyasiya qilinmaydi.