AsosiyJamiyat

Global inqiroz: sabab, oqibat va saboqlar

2007 yilning avgust oyida AQSh ipoteka kreditlari bozorida avj olgan tanglik nafaqat Amerika, balki qator rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotiga hamon o`z ta`sirini ko`rsatmoqda. Ummon ortidagi muammolar

 “Better Marrets” agentligi ekspertlarining ma`lumotiga ko`ra, 2007-2010 yillarning o`zida  amerikaliklarning 46,2 million nafari qashshoqona hayot kechirayotganlar ro`yxatiga tushib qoldi. Bu so`nggi yarim asr ichidagi eng yuqori ko`rsatkichdir. Yana bir tashvishlanarli tomoni shundaki, aholining 9,3 million nafari tibbiy sug`urtadan mahrum etilgan. 2008-2018 yillar davomida AQShda yalpi ichki mahsulot aynan moliyaviy bo`hron tufayli kamida 7,6 trillion dollarga qisqarishi taxmin qilinmoqda. Ustiga-ustak rasmiylar milliy iqtisodiyot, bank sektori ushbu  “balo”dan xalos bo`lish uchun 5,2 trillion dollar mablag` ajratgan. 2013 yilning 17 oktyabri arafasida  AQShning davlat byudjetisiz qolganidan xabaringiz bor. Dalil va raqamlarga murojaat qiladigan bo`lsak, defolt yoqasida qolgan hukumat o`n ettinchi bor o`z faoliyatini vaqtinchalik to`xtatishga majbur bo`lgan. Bu holat so`nggi bor bundan 17 yil avval kuzatilgan ekan. Joriy yildagi davlat qarzi limitini oshirish borasida respublikachilar va demokratlar o`rtasidagi uzoq davom etgan bahs-munozaralar, tortishuvlardan so`ng tomonlar bir bitimga kelishgandan keyin ko`pchilik engil nafas oldi.

Biroq bu erda barcha moliyaviy muammolar uzil-kesil hal bo`ldi degani emas. 2014 yilning yanvarida yana bu “og`riqli nuqta” ular nishoniga aylanadi. Oq uy va Kongress o`rtasidagi “ringdagi o`ziga xos jang” hali beri tugamasligi aniq. 

Bosh kotibning boshi qotgan...

Yirik davlatlar u yoqda tursin, bu kasallik kattadan-katta nufuzli tashkilotlarni ham o`z domiga tortayotir.

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Bosh Assambleyaning 68-sessiyasi beshinchi qo`mitasi delegatlariga BMTning 2014-2015 yillardagi byudjeti loyihasini taqdim etib, u 5,404 milliard  dollar mablag` ajratilishini so`ragan.

Bu bundan 2 yil avvalgi mablag`ga nisbatan 2,9 foizga kamroqdir. Tashkilotda mablag` tejash maqsadida 290 ta ish o`rni qisqartirilgan. Aslida bosh kotib har 3 yilda BMT tarkibidagi mamlakatlar to`laydigan a`zolik badalini belgilab turadi.

Dunyoning yuzlab badavlat shaxslari Evropada davom etayotgan inqiroz va AQShning byudjet siyosatidagi nomutanosibligidan katta miqdordagi mablag` yo`qotmoqda.

“Well Fargo” agentligi moliyaviy–iqtisodiy bo`hron – JAR, Pokiston, Misr, Hindiston, Chili, Peru, Braziliya, Turkiya, Indoneziya, Argentina, Kolumbiya kabi davlatlarni ham chetlab o`tmasligi ehtimoli mavjudligini ma`lum qilgan. 


“Ko`hna qit`a”ning yangi dardlari

Evropa Ittifoqida keyingi paytda resessiyadan chiqish borasida ijobiy siljishlar ko`zga tashlanayotganligi haqida iliq fikrlar bildirilsa-da, Evrostat agentligi ma`lumotiga qaraganda, o`tgan bir yil ichida davlat qarzi YaIMning 85,9 foizigacha ko`tarilgan.

Evrohududda vaziyat yanada tahlikali 92,2 foiz atrofida. Bu borada Gresiya (160 foiz), Italiya (130 foiz), Portugaliya (137 foiz), Irlandiya (125 foiz) “qarzdorlar reytingi”da  karvonboshilik qilayotir.

“Boqimanda” mamlakatlarning moliyaviy ahvoli hali beri yaxshilanadiganga o`xshamaydi. Joriy yilda Gresiyada ishsizlik darajasi rekord daraja – 1 million 327 ming nafardan oshganligi tashvishlanarli holdir. Bu  ishga layoqatli fuqarolarning 26,9 foizini tashkil etayotir.

Portugaliya, Ispaniya, Italiya, Ruminiya, Bolgariya kabi mamlakatlarda bu boradagi vaziyat o`nglanayotgani yo`q. Bu “muammoli” davlatlar hamon o`z qit`asidagi boy mamlakatlar qo`liga qarab qolgan.

Ispaniya YaIM dinamikasida 8 chorakdan buyon yaxshilikdan nishona yo`q. Ishsizlik darajasi 6 yillik  resessiya davomida 27 foizgacha ko`tarildi. Ekspertlar Pireney yarim orolidagi bu davlatda 2014 yilda ijobiy ko`rsatkichlarga erishilishiga umid qilayotir.

Fransiya prezidenti Fransua Ollandning Yaponiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi chog`ida Evrohududda moliyaviy inqiroz bartaraf etildi, deb aytgan so`zlari ko`pchilikni taajjubga solmoqda. Aslida Fransiyaning o`zi ham qarz botqog`idan chiqa olmayotganligi barchaga sir emas. Evrokomissiyadagilar Fransiya byudjet taqchilligi 2013 yilda 3,9 foiz, 2014 yilda 4,2 foizga etishini va nihoyat 2015 yilda talab darajasida 3 foiz atrofida bo`lishini bashorat qilayapti. Eng achinarlisi fransiyalik oliy ma`lumotli mutaxassislarning ko`pchiligi ish so`rab bandlik xizmatiga murojaat qilmoqda. Yana bir xushyoqmas ma`lumot: Janubiy Evropada joriy yilda tashqi qarz YaIMning 180 foizga ko`tarilishi kutilmoqda.

Ertaga nima bo`larkin?

Xalqaro valyuta jamg`armasi ma`lumotiga qaraganda 2014 yilda ham jahon iqtisodiyotida o`sish unchalik yuqori bo`lmaydi. Bu ko`rsatkich XXR da 7,3 foiz, AQShda 2,6 foiz,  Rossiyada 2 foiz, Yaponiyada 1,2 foiz, Evrohududda esa bir foizni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.

Ijrochi direktor Kristin Lagard bu holatni shunday izohlar ekan, hali oldinda og`ir kunlar kutib turganligini, global inqirozning guvohi bo`lganlar o`tish davridagi yana bir qiyinchilikka duch kelishini, bu jarayon qanday kechishi mavhumligicha qolishini, ko`p davlatlar o`n yillar davomida bu holat bilan to`qnash kelishi mumkinligi haqida keng to`xtalgan.

Gonkong universiteti olimlari aynan global moliyaviy bo`hron sababli o`z joniga qasd qilish – suisid holati keskin oshganligiga e`tiborni qaratadi. Maks Planke nomidagi demografiya tadqiqotlar instituti tomonidan tayyorlangan hisobotda qayd etilishicha, Evropada so`nggi 5 yil ichida tug`ilish darajasi pasaymoqda.

“Demographic Recearch” jurnalida yozilishicha, aynan ishsizlik tufayli Ispaniya, Xorvatiya, Vengriya, Irlandiya, Latviyada ayollar farzand ko`rish rejasini o`zgartirmoqda. Inqirozga qadar har ayolga 1,47 nafardan bola to`g`ri kelgan bo`lsa, hozir u 1,36 taga to`g`ri kelyapti. Ayniqsa 25 yoshgacha bo`lgan ayollarda bunday holat ko`p  uchrayapti. Evropa Ittifoqiga a`zo 28 mamlakatda 2001-2011 yillar davomida tug`ilish darajasi 20 foizga kamaygan.

O`zbekiston “mo``jizasi”

Dunyo mamlakatlarining aksariyati jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini boshdan kechirayotgan hozirgi sharoitda, ya`ni, bu davlatlarda ishlab chiqarish va aholi turmush darajasi keskin pasayib ketgan bir paytda O`zbekistonda mustaqillikning dastlabki kunlaridan amalga oshirib kelinayotgan strategiya nechog`li uzoqni ko`zlab chuqur va puxta ishlab chiqilgani bugun yaqqol namoyon bo`lmoqda.

Jahonda iqtisodiy ko`rsatkichlarning muttasil pasayib ketayotganiga qaramay, mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik saqlanib turibdi. O`zbekistonning inqirozga qarshi choralar dasturi va mamlakat rahbariyati tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo`nalishlar doirasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi muvaffaqiyatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda muhim omil bo`lmoqda.

Prezidentimizning “Jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozi, O`zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo`llari va choralari” nomli asarida O`zbekistondagi iqtisodiy vaziyatning progressiv tahlili hamda jahon moliyaviy inqirozi va uni bartaraf etish yo`llari aniq ko`rsatilgan.

Raqamlarni rad etib bo`lmaydi

Mamlakatimizda iqtisodiy o`sishni ta`minlash, xalq farovonligini oshirish, yoshlarni ish bilan ta`minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda O`zbekiston aholisining 973 ming nafari ish bilan ta`minlanishi ko`zda tutilgan. O`tgan 9 oy ichida 833 ming 400 kishi ishga joylashtirildi. Shundan 488 mingdan ortig`i, ya`ni, 58,6 foizi qishloq tumanlarida yashovchilardir.

Yana bir ma`lumot 973 ming nafardan ortiq odamning 501 ming nafardan ziyodi kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yigit-qizlardir. Mamlakat YaIM da kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini oshirish va yangi ish o`rinlari tashkil etish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Vashington shahrida kuni kecha o`tkazilgan O`zbekiston – AQSh biznes anjumanida xalqaro valyuta jamg`armasi departamenti direktorining o`rinbosari V.Bakalu O`zbekistondagi YaIM o`sishi ko`rsatkichlarini mamlakatda ichki talab darajasi hamda oltin-valyuta zahiralarining oshib borayotganini, O`zbekiston hukumati tomonidan yangi ish o`rinlari tashkil etishga qaratilgan siyosatini yuqori baholadi.

Parij 5 – universiteti professori, Gaaga xalqaro institutining xalqaro muzokaralar markazi direktori O.For esa taraqqiyotning “O`zbek modeli” o`tish iqtisodiyotiga ega mamlakatlar uchun namuna sifatida xizmat qilishi mumkin, degan fikrlarni ilgari surgan.

Azimjon  Po`latov, Siyosiy sharhlovchi 

    Boshqa yangiliklar