O`zbekiston futbol federasiyasining xalqaro bo`limida faoliyat ko`rsatib kelayotgan Sherzod Igamberdiev o`zining Facebook sahifasida o`zbekistonlik futbol jurnalistlarini navbatdagi bor haqorat qildi va ularni «qishloqi» deb atadi, debyozadi "Daryo".
Gap bunda Qatar va Turkmaniston terma jamoalari o`rtasidagi uchrashuvning yopiq eshiklar ostida o`tgani haqida boradi. Sir emaski, xuddi shuningdek O`zbekiston milliy terma jamoasi ham bugun — 25 avgust kuni Qirg`iziston termasini yopish eshiklar ortida qabul qiladi va uchrashuvga muxlislarni ham, jurnalistlarni ham kiritmaydi.

Bunga qadar O`FF vaziyat FIFA talabidan kelib chiqqani haqida bayonot bergan bo`lsa, keyinroq bir qator futbol jurnalistlari buning haqiqatga zid ekanini isbotlab bergandi.

Igamberdiev bunga qadar ham futbol jurnalistlarini bir necha bor Facebook sahifasi orqali haqorat qilgan. Shunga qaramay, odatda uning aytganlari noto`g`ri chiqib, jurnalistlar bildirgan fikr o`rinli bo`lib chiqadi.

Jumladan, Igamberdiev O`zbekiston Tailand bilan o`ynamasligi haqida bong urib, bu haqda yozgan jurnalistlarni haqorat qilgandi.
Oradan ko`p o`tmay o`zbekistonliklar chindan ham Tailandga qarshi maydonga tushdi.

Tailandga qarshi o`yin biz uchun foydali bo`lmaydi deb hisoblagan jurnalistlar yana haqorat qilindi. Keyinroq bu haqiqat bo`lib chiqib, Samvel Babayan jamoasi Eronga qarshi o`yinda hech narsa qila olmadi. Igamberdiev esa Babayanga haykal qo`yishni taklif qildi.
Vitaliy Denisovning Qatarga qarshi o`yinda maydonga tusha olmasligi haqida yozgan jurnalistlar ham haqorat qilingan bo`lib, keyinroq Denisov chindan ham o`yinga tushmagan. Bularning hech birida Igamberdiev uzr so`rashni o`ziga ep bilmgan.
Mazkur mavzu yuzasidan bir qator sport jurnalistlari keskin fikr bildirdi. Keyinroq ular birlashib, O`FF rahbariyatiga ochiq murojaat bilan chiqdi. Unga ko`ra, Igamberdiev yo rasmiy saytda barcha jurnalistlardan uzr so`rashi kerak yoki bo`lmasa ishdan bo`shatilishi shart.
Avvalroq O`FF vise-prezidenti Sardor Rahmatullaev Xalqaro press-klubda chiqish qilib, O`FF xodimining bu qiliqlari haqidagi savolga hech narsa bilmasligi haqida aytgan va bundan keyin bu kabi holatlar takrorlanmasligi, O`FF shaffof ishlashi haqida bong urgandi.
Shunga qaramay, O`FF futbol muxlislariga shaffof tashkilot ekanligini isbotlay olmayapti. Bunga qadar tashkilot o`z nizomiga amal qilmay, O`FF prezidentligi saylovining aniq sanasini belgilab qo`yilganidan kech e`lon qilgandi. Shuningdek, hozirga qadar prezidentlik uchun nomzodlar nomi oshkor qilinmagan. Saylov esa 12 sentyabr kuni bo`lib o`tadi.
Ayni paytda barcha futbol jurnalistlari Sherzod Igamberdiev masalasida O`FF bayonotini kutmoqda.






