21.11.2013 12:44
Suriyaning kimyoviy qurolini dengizda yo`q qilishmoqchi
Hozir AQSh va Kimyoviy qurol-yarog`nitaqiqlash tashkiloti (KQTT) tegishli loyihani muhokama qilmoqda, deya xabar beradi “Reuters”.
Kimyoviy qurolsizlanish bo`yicha mustaqil ekspert Ralf Treppning fikricha, kimyoviy qurol-yarog`ni dengizda yo`q qilish uchun texnik imkoniyatlar mavjud. Shuningdek, jahon hamjamiyatida ham shunday tajriba bor, biroq u paytda so`z kamroq miqdordagi kimyoviy qurol haqida borgandi. Yaponiya qirg`oqbo`yi platformasida Ikkinchi jahon urushidan qolgan bir necha yuz kimyoviy urolni yo`q qilgan. Biroq u paytdagi qurol “yakuniy” mahsulot bo`lib, yo`q qilinayotgan paytda o`zidan hech qanday suyuq chiqindilarni ajratmagan. Suriya kimyoviy qurolining katta qismi esa iprit va zarin zaxiralaridan iborat bo`lib, ulardan qurolni yarog`lash uchun foydalaniladi. Ushbu materiallar yo`q qilinayotgan paytda o`zidan katta miqdorda toksik suyuqlik chiqaradi, bu esa atrof-muhitning ifloslanishiga olib kelishi mumkin.
KQTT kimyoviy qurollarni oldin ko`zda tutilganiday quruqlikda emas, balki dengizda yo`q qilish rejasini muhokama qilishni boshladi. Chunki qator mamlakatlar, ehtimoliy nomzod
Albaniya ham, Suriya qurolini o`z hududiga qabul qilishni rad etdi. 15 noyabr kuni tasdiqlangan rejaga ko`ra, kimyoviy qurolning hammasi shu yil oxirigacha Suriya hududidan olib chiqiladi va 2014 yil o`rtasigacha yo`q qilinadi.
Bundan oldin Norvegiya, Turkiya, Iordaniya va Rossiya davlatlari Suriyaning kimyoviy qurolini o`z hududida yo`q qilishda qatnashishdan voz kechgandi. 18 noyabr kuni potensial nomzodlar ro`yxatidan Belgiya ham o`chirildi. Hozir AQSh qurol yo`q qilinadigan mamlakat hududini izlamoqda.





