1

O`T PUFAGINGIZGI BEZOVTA QILYaPTIMI?

Salomatlik 12.09.2017, 14:30
O`T PUFAGINGIZGI BEZOVTA QILYaPTIMI?

— Bir necha yil avval shifokorlar menga «o`t pufagi qiyshayishi» tashxisini qo`yishgandi. O`shandan beri og`riqlardan qiynalaman, ovqatlangandan so`ng bezovtalik his qilaman. O`t pufagi qiyshayishini xalqona usulda davolovchi giyohlar haqida yozsangiz…

Marhabo, Chilonzor tumani

  • O`ng biqiningizda og`riq sezishingiz bilan avvalo shifokorga murojaat qilish zarur. Bu kasallikni ultratovush tekshiruvi yordamida aniqlash mumkin. Shifokor tavsiya etgan muolajalarni albatta qabul qiling. Asosiy muolajaning ta`sirini yanada mustahkamlash, og`riqlarni engillatish uchun turli shifobaxsh giyohlardan damlamalar ichish maqsadga muvofiq.

O`t pufagim kasal bo`lmasin desangiz…

1 choy qoshiq qizilpoycha (zveroboy) yarim litr qaynagan suvda damlanadi. Bir soat tindirib, dokadan suzib olinadi-da, har ovqatlanishdan keyin yarim stakandan ichiladi. Muolaja kursi 15 kun. Keyin 15 kun tanaffus qilinadi. Bo`znoch (bessmertnik)ni ham xuddi qizilpoycha kabi damlab,15 kun mobaynida ichiladi. 10 kun tanaffusdan so`ng muolaja 2-3 marotaba takrorlanadi. Damlamalarning achchig`ini kesish uchun unga yarim choy qoshiq asal qo`shish mumkin.

Ma`danli suv

O`t pufagini davolashda ma`danli suvdan ham foydalanish mumkin. Faqat muolaja sizga to`g`ri kelishi borasida shifokoringiz bilan maslahatlashing. Muolaja uchun har ovqatlanishdan 15 daqiqa avval yarim stakan ma`danli suv iching. Muolaja davri – 1 oy. Yarim yil tanaffusdan keyin muolajani takrorlash mumkin.

Yalpiz yordam beradi

1 piyoladan quritilgan yalpiz (myata) va moychechak (romashka) aralashtiriladi. Aralashmadan bir osh qoshig`ini yarim litr qaynagan suvda damlab, 2 soat tindiriladi. Ovqatlanishdan 20 daqiqa avval yarim stakandan qabul qilinadi. Muolaja kursi – 1 oy.

Shivit urug`i

2 osh qoshiq shivit urug`ini 2 stakan qaynagan suvga solib, 15 daqiqa past olovda qaynatiladi. Sovutib, dokadan suzib olinadi-da, kuniga yarim stakandan 4 mahal ichiladi. Muolaja muddati: 2-3 hafta.

Jo`xori kokili

Jo`xori kokillarini choy kabi damlab (1 choy qoshiq jo`xori kokilini 1 stakan qaynagan suvga solib), 15 daqiqa tindiriladi. Kun davomida 3-4 qultumdan 3-4 mahal ichiladi. Muolaja muddati 6 oygacha. Istakka ko`ra, o`t pufagi va jigar og`riqlari bezovta qilganda takrorlash muolajani mumkin.

Safro haydovchi qirqquloq

Qirqquloq (paporotnik)ning 2 osh qoshig`i yarim litr qaynagan suvda damlanadi va past olovga qo`yiladi. Solingan suvning yarmi qolgunga qadar qaynatiladi. Kuniga 3-4 mahal ovqatlanishdan 30 daqiqa avval 70-100 gr.dan qabul qilinadi. Bu damlama o`t pufagida yig`ilib qolgan safroni haydashga yordam beradi.

O`t pufagi va jigar yallig`lanishi kasalliklarida: 10 gr. Xmel (tutgullilar oilasiga mansub ko`p yillik chirmashib o`sadigan o`simlik) 1 stakan qaynagan suvda damlanib, 1 soat tindiriladi. Kuniga 3 mahal 1 osh qoshiqdan ichiladi.

Jigar va o`t pufagi yallig`lanishiga qarshi…

Qoncho`p (chistotel) ham o`t pufagi va jigarni tozalaydi. 2 osh qoshiq qoncho`p 2 stakan qaynagan suvda damlanadi va 6 soat tindiriladi. Ertalab och qoringa va uyquga yotishdan avval bu damlamadan 150-200 gr. ichiladi.

Tavsiyalarni qo`llashdan oldin shifokor bilan maslahatlashing. Zero, har bir organizm o`ziga xosdir.

Fayruza MUXTOROVA tayyorladi

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1