Shu yilning 11 sentyabrida o`z ishini boshlagan Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) Evropa mintaqaviy byurosining 67-sessiyasi qizg`in pallaga kirdi. Budapesht shahrida o`tayotgan ushbu tadbirda 53 ta a`zo davlatlar qatorida Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etmoqda.
Bu yilgi sessiyada JSSTning 2019-2023 yillarga mo`ljallangan umumiy ish dasturi, “Salomatlik-2020” siyosatini amalga oshirish, Evropa mintaqaviy byurosiga a`zo davlatlar o`rtasida dori-darmon ta`minoti bilan bog`liq aloqalarni yaxshilash kabi dolzarb mavzularda muhokamalar bo`lib o`tmoqda.
JSST Evropa mintaqaviy byurosining 67-sessiyasida Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ham ma`ruza qildi. O`z chiqishida A.Shadmanov “Salomatlik — 2020” siyosatini amalga oshirish doirasida O`zbekiston tibbiyotida olib borilayotgan islohotlar xususida alohida to`xtalib o`tdi, deya xabar beradi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.
— 2012 yilda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy byurosining 53 ta a`zo davlati qatorida O`zbekiston ham “Salomatlik — 2020” strategiyasini qo`llab-quvvatlagan edi. Ayni damda uning mavjud to`rt ustuvor yo`nalishi bo`yicha tizimili chora-tadbirlar olib bormoqda, — dedi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. — O`zbekistonda sog`liqni saqlash, ta`lim sohalarini tubdan isloh qilish, aholi turmush darajasini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, atrof-muhitni muhofaza etish va ekologiyani asrab-avaylash masalalari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida yangi bosqichga ko`tarildi. “Salomatlik — 2020” strategiyasining ustuvor yo`nalishlaridan biri hisoblangan infeksion va noinfeksion kasallik ko`rsatkichlari keskin kamayib borayotir. Bunda davlat byudjeti hisobidan bolalarni o`n ikkita xavfli kasallikka qarshi emlash taqvimi rejali tashkil etilgani katta ahamiyatga ega.
Shundan so`ng A.Shadmanov mamlakatimizda tibbiy islohotlar borishining muhim asosi hisoblangan huquqiy hujjatlarga to`xtalib, qisqa fursat ichida davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoev tomonidan 30ga yaqin soha rivojiga oid farmon, qaror va farmoyishlar qabul qilingani va ular ijrosi bosqichma-bosqich ta`minlanayotgani ta`kidlab o`tdi.
Aytish o`rinliki, mamlakatimizda ushbu xalqaro anjumanda muhokama etilayotgan dolazarb masalalardan biri sil kasalliklarini davolash bo`yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, sil kasalliklarini davolash samaradorligi bugun 87 foizga etkazildi. Dunyoda ushbu ko`rsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija ko`lami yanada yaxshiroq anglashiladi. Yana bir e`tirof etishga arzirli yutug`imiz, JSST ma`lumotiga ko`ra, silga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi ftiziatriya xizmatining Evropa hududidagi 53 mamlakat orasida kuchli uchtalikdan o`rin olgani bo`ldi. Albatta, bunday ijobiy o`zgarishlarga o`z-o`zidan erishilayotgani yo`q. Barchasi davlat darajasidagi e`tibor samarasidir.
O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirining ma`ruzasidan so`ng JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus va JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab mamlakatimizda sog`liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Qayd etilishicha, O`zbekiston tibbiyotida yaratilayotgan yangi tizim “Salomatlik — 2020” strategiyasiga to`la mos keladi.