Xabaringiz bor, 3 sentyabr kuni Koreya xalq demokratik respublikasi mintaqalararo ballistik raketalar uchun mo`ljallangan atom bombasini sinovdan o`tkazgan. Yaponiya va Janubiy Koreya harbiylari sinovdan o`tkazilgan o`q quvvatini 120-160 kilotonnga teng, deya baholashmoqda. Bu Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga 1945 yili tashlangan eng qudratli atom bombalaridan bir necha barobar kuchliroq deganidir. Ushbu sinov Pxenyan tomonidan o`tkazilgan oltinchi sinov bo`ldi. Undan bir hafta oldin esa KXDR Yaponiya hududi ustidan ballistik raketani uchirgan edi.
O`z navbatida BMT Xavfsizlik kengashi bir ovozdan KXDRga nisbatan yangi sanksiyalar kiritilishi uchun ovoz berdi. Cheklovlar Pxenyanning eksport va import imkoniyatlarini sezilarli darajada qisqartirishga yo`naltirilgan. 2375 raqami bilan nomlangan rezolyusiya XXI asrda BMT tomonidan qo`llangan eng qat`iy tartibdagi sanksiyalar sirasiga kiritildi. Hujjatga muvofiq, KXDRga neft va qayta ishlangan neft mahsulotlarini etkazib berishga cheklovlar qo`yilgan.
Shimoliy Koreya shuningdek, kondensatlar va suyuq gaz kondensatlarini xarid qilish hamda to`qimachilik mahsulotlarini sotish huquqidan mahrum etilgan. Barcha davlatlarga KXDR fuqarolariga ishlash huquqini beruvchi hujjatni berish taqiqlangan.
Endi esa Shimoliy Koreya oltinchi marotaba yadroviy sinovlarni o`tkazgan Pxenyanga nisbatan sanksiyalarni yanada kuchaytirishni nazarda tutadigan BMT Xavfsizlik kengashining yangi rezolyusiyasini keskin rad etdi.
KXDR TIV tomonidan e`lon qilingan rasmiy bayonotda aytilishicha, "Rezolyusiya" AQSh tomonidan turli tuban va agressiv vositalar yordamida atay uyushtirilgan. "Shu bois, Shimoliy Koreya o`zini himoya qilishga bo`lgan qonuniy haq-huquqlaridan uni mahrum etishga hamda keng miqyosdagi iqtisodiy qamal yordamida davlat va fuqarolarni bo`g`ib qo`yishga yo`naltirilgan, yaramas fitna mahsuloti bo`lgan BMT XKning "2375 rezolyusiyasini" eng qat`iy ohanglarda qoralaydi va o`ta keskin tarzda rad etadi".
KXDR Tashqi ishlar vazirligi "sanksiyalar borasida navbatdagi noqonuniy rezolyusiyaning qabul qilinishi" Shimoliy Koreyani u tanlagan yo`l haqiqatda to`g`riligiga yana bir bor ishontirdi", deya alohida ta`kidlagan.
Shimoliy Koreya mintaqada tinchlik va xavfsizlikni saqlab turish, mamlakat suverenitetini va davlat sifatida mavjud bo`lish huquqini himoyalash uchun o`z qudratini ikki hissa kuchaytirishga va bu borada AQSh bilan tenglashib olishga va`da bergan.






