AsosiyShou-biznes

“SALOM, BOBO”. YoXUD INSONIYaT QALBIDAGI BO`ShLIQ...

'“SALOM, BOBO”. YoXUD INSONIYaT QALBIDAGI BO`ShLIQ...'ning rasmi

Taniqli rejissyor, ssenarist, aktyor Rashid Malikov “O`zbekkino” Milliy agentligining buyurtmasiga binoan “O`zbekfilm” kinostudiyasi tomonidan ishchi nomi ­“Salom, bobo!” (Bo`shliq) bo`lgan badiiy filmni suratga olish ishlari bilan band. Eng muqaddas tuyg`u — vijdon xususidagi mazkur kinokartina tomoshabinni befarq qoldirmasligi aniq...


Film haqida: Bosh qahramon qoraqalpoq yigiti Seydulla (Karim Mirhodiev)ning chekiga ancha-muncha mashaqqatlar tushdi. U “afg`on urushi”da bo`ldi. Qon yutib, qon kechdi. Qo`liga qurol olib, odam o`ldirdi. Urush taqozosi bilan do`sti Sharap (Seydulla Moldaxanov)ga qurol o`qtashga majbur qilishdi. Ammo shirin jonini o`ylamay, do`stiga o`q uzmadi. Bu battol qilmishni vatandoshi mayor Nazarov (Behzod Hamroev) bajaradi... Dushman qo`liga tushgan uchovlon tang vaziyatda qolishadi. Afg`onlar Sharapni tiz cho`ktirib, Seydullani do`stiga qarata o`q uzishga majburlashadi. Boshiga qilich kelganda ham bunday ishni qilolmaydigan Seydullaning o`rniga qotillikni mayor Nazarov bajaradi... Urushdan yuragida xarsangtosh bilan, jismonan emas, balki ma`nan, ruhan majruh holda Vatanga qaytgan qahramon hayotini izga sololmay jonhalak bo`ladi. Chunki u muqaddas, deb bilgan e`tiqodlar puch bo`lib chiqdi. Eson-omon ona yurtga qaytgan bo`lsa-da, erta-yu kech urush talofotlari, harbiycha hayot ko`z o`ngidan ketmaydi. Ustiga-ustak, shaxsiy hayoti ham izdan chiqib ulgurgandi...


Film haqida ma`lumot olish uchun kinokartinaning ikkinchi rejissyori Bahriddin Aynazarovga murojaat qildik.

— Bahriddin aka, nega aynan bu mavzuga qo`l urildi?

— Maqsadimiz film orqali qanday vaziyatda va holatda bo`lishdan qat`i nazar bir-biringizga xiyonat qilmang, degan fikr­ni berish. Yo`qsa, bir umr vijdon azobida yashashga mahkum bo`lish kinokartinada juda ta`sirli lavhalarda yoritilgan. Filmga sitata sifatida “Bo`shliq” so`zini tanladik. Chunki insoniyat qalbidagi bo`shliq xususida so`z yuritiladi. Bu bo`shliq qalb yaxshiliklar bilan to`ldirilmaganda paydo bo`ladi. ­Kinokartina yosh oilalar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega, ibrat vazifasini o`tashiga ishonamiz. ­Boisi, film oiladan uzoqlashish, rafiqaga bee`tiborlik, farzanddan o`zini olib qochish mudhish oqibatlarga olib kelishi singari tomoshabinni junbishga keltiradigan voqealarga boy.

— Ssenariy filmda rol o`ynayotgan aktyorlarga atab yozilganmi?

— Ssenariy yozilayotgan vaqtda rejissyor aktyorlar Karim Mirhodiev, Seydulla Moldaxanovni ko`zlagan lavhalar ham bo`lgan. Shunga qaramay, kinosinov bo`lib o`tdi. Masalan, Seydulla Moldaxanovning qahramoniga sakkizta aktyor kinosinov topshirgan, lekin baribir Seydulla rolga tasdiqlandi. Shuningdek, Zulxumor Mo`minovaning roliga Izrohat Murodova, Fotima Rejametova kabi oltita aktrisa kinosinov topshirgan. Ssenariydagi qahramonga to`g`ri keladigan aktyorlarni tanlab oldik.

— Ko`p­­chi­lik film­larda liboslar bo`yicha dizayner bilan ishlanmaydi. “Salom, bobo”da afg`on urushi davri yoritilgan, shu bois liboslarga ham alohida to`xtalgan bo`lsangiz kerak?

—Bitta lav­hadan tashqari film­da 1989 yil voqealari yoritilgan. Tabiiy­ki, kinokartina qahramon­larining liboslari o`sha davrga xos bo`lishi kerak. Tabiiylikni ta`minlash maqsadida kiyimlarni tiktirmadik, balki “O`zbekfilm” kinostudiyasining zaxira liboslar sexidan tanlab oldik. Oyoq kiyim­larni esa sotib oldik. Libosdan ham ko`ra “afg`on urushi” davridagi binolarni tasvirlash uchun ob`ekt izlash ko`proq qiyinchilik tug`dirdi. Lekin izlanishlarimiz besamar ketmadi.


O`ziga xos dalillar:

● Ssenariy mualliflari Rashid Malikov va K.Karimov. Adabiy ssenariyni rejissyorlik ssenariysiga o`girish va badiiy kengashning ko`rsatmalari asosida o`zgartirishga 1 oy vaqt ketdi.

● Tayyorgarlik jarayoniga 2 oy vaqt ketgan.

● Suratga olish ishlari 17 iyundan boshlangan, iyul oyi oxiriga qadar davom etadi.

● Umumiy ob`ektlar soni 30ga yaqin. Har bir ob`ekt orasidagi masofa 30 kilometrdan 70 kilometrgacha.

● Bosh qahramon qoraqalpoq yigiti bo`lgani uchun tasvirga olish ishlari Qoraqalpog`iston Respublikasining hududlari, Nukus shahri, Ayozqal`a, Taxiatash va Toshkentda o`tyapti.

● Bosh qahramon 4 ta.

● 4 ta taqdir, hayotiy kechinmalar yoritilgan.

● Jami ijodiy guruh a`zolari soni: 30 tadan ortiq.

● Film taqdimoti yil yakuniga rejalashtirilgan.


Bilasizmi?

● Filmda rollarni Seydulla Moldaxanov, Karim Mirhodiev, Zulxumor Mo`minova, Nigora Karimboeva, shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat akademik teatri aktyorlari ijro etgan.

● Ikkinchi rejissyor — Bahriddin ­Aynazarov.

● Postanovkachi operator — Bahodir Yo`ldoshev.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar