"Darakchi" gazetasining "10 qaltis savol" loyihasi mehmoni O`zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi, O`zbekiston kubogi sohibi, O`zbekiston Oliy ligasi chempioni, Osiyoda ikki karra yilning eng yaxshi futbolchisi Server JEPAROV...
— Terma jamoamiz Jahon chempionati saralash bosqichlarida sust o`yin namoyish etayotganiga sabab nima?
— Bu borada hali aniq qarorlar chiqarishga va xulosa qilishga erta. Oldinda uchta o`yin bor va Jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyatimiz etarli, deb o`ylayman.
— Sizningcha, o`zingiz o`ynagan qaysi jamoalar (xorij klublari ham)ning murabbiyi uslubi bo`yicha eng kuchli?
— Alohida kimnidir ta`kidlolmayman. Boisi har bir murabbiyning o`z uslubi va yondashuvi bor. Eng muhimi, bu uslub, yondashuvlar etarlicha natijalarni beryapti.
— Agar siz terma jamoa murabbiyi bo`lganingizda, kimlarni jamoaga jalb qilgan bo`lardingiz? Uch nafar futbolchini sanab o`tsangiz...
— Uch nafar futbolchini sanab o`tolmayman. Ayta olishim mumkin bo`lgani, ayni damda jismoniy tayyorgarlikka ega bo`lgan, maydonga tushish istagi bor futbolchilarni chaqirgan bo`lardim.
— Hozir O`zbekistonda “Barselona” va “Real” jamoalari muxlislari ko`paygan. Siz bu jamoalarning qaysi biriga ishqibozlik qilasiz va nega?
— (Kuladi) “Barselona” jamoasiga, chunki ularning o`yin uslubi yoqadi.
— Dunyo futboli “yulduz"lari nafaqat o`yini bilan, balki xayr-saxovati bilan ham mashhur. Bizda ham shunday futbolchilar bormi?
— Balki bordir. O`zimga kelsak, hali bunday saxovatga qo`l urib ulgurganimcha yo`q.
— Karerangizni tugatsangiz nima bilan shug`ullanasiz: futbol murabbiyi, futbol “skaut”i, futbol tomoshabini?
— Aniq tomoshabin bo`lmayman (miriqib kuladi)! Murabbiy yo futbol “skaut”i bo`lish haqida hali aniq to`xtamga kelganimcha yo`q.
— Telegramingizga “Ikkiyuzlamachi odamlarni yoqtirmayman, qaysi biri asli ekanini bilmaysan”, degan aforizm joylagansiz. Ikkiyuzlamachilardan ko`p kuyganmisiz, deyman?
— (Xo`rsinib) Ming afsuski, undaylar judayam ko`p... Atrofimdagilarning ikkiyuzlamachiligini bilganim zahoti, darhol ular bilan aloqani to`xtataman.
— Gol urganda salto qilardingiz. Hozir gol ham yo`q, salto ham...
— Demak, hozir shunday vaqt. Lekin vaqti kelib, bari yaxshi tomonga o`zgaradi va siz sanab o`tgan gol ham, salto ham bo`ladi (kuladi)!
— Qiziqchilarimiz futbolni asosiy mavzuga aylantirganiga javoban, "tanqid “tosh”larini otishiga imkon yaratgan o`zimiz", degan fikr bo`ladimi yo jahlingiz chiqadimi?
— Yumor hamma vaqt foydali. Muhimi, yumorga yumor bilan munosabatda bo`lish kerak (kuladi). Chunki to`g`ri qilingan tanqid har doim ijobiy natija beradi!
Maxsus savol:
Alisher Uzoqov, aktyor: — Server, sizni judayam hurmat qilaman. Sizni “Arsenal” jamoasining futbolchisi Mesut Ozilga o`xshataman. Mesutda jismoniy tayyorgarlik juda yomon va maydon markazida to`p uchun kurashmaydi. Sizda ham shu kamchiliklar bor, nega bunga e`tibor bermaysiz?
— (Miriqib kuladi) Meni o`zgartirishmoqchimi?! Ajoyib savol. Hatto nima deb javob berishni ham bilmayman.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi