"Darakchi" gazetasining "Kecha va bugun" loyihasi qahramoni taniqli futbol sharhlovchisi, O`zbekiston sporti faxriysi, “Shuhrat” medali sohibi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiyi Axbor IMOMXO`JAEV. O`zbekiston televideniesi tarixida o`zbek tilida futbol uchrashuvini sharhlagan birinchi sport sharhlovchisi ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...
"TUFIShGAN AKA-UKALARIMNING YO`QLIGI ARMON"
— 1936 yil 19 fevralda Toshkent shahrida ishchi oilasida tug`ilganman. Men otam Rustamxo`ja va onam Xayrixonning ikkinchi turmushidan dunyoga kelgan farzandman. Otamning birinchi ayoli va onamning turmush o`rtog`i vafot etgan ekan. Otamning birinchi oilasidan uch o`g`li, onamning esa ikki qizi bo`lgan. Farzandlar juda ahil-inoq o`sganmiz. Lekin baribir tug`ishgan aka-ukalarimning yo`qligi armon bo`lib qolgan. Bolaligimni xotirlaganimda, kichkina opam Sharifaxon o`zi tarbiyachi bo`lib ishlaydigan Qibraydagi bog`chaga olib borishi ko`z oldimdan o`tadi. Ikkinchi jahon urushi yakunlanmagandi, yo`lda jangga ketayotgan “Vatan uchun!” yozuvli o`ttiztacha tanklarni tomosha qilardik. Tankchi tankdan boshini chiqarib, bizga qo`l siltardi (ko`ziga yosh oldi)...

"KATTA FUTBOLGA QO`YGAN ILK QADAMLAR..."
— Men tug`ilgan yili Yo`ldosh Oxunboboev ilk g`isht qo`ygan Shayxontohur tumanidagi 45-sonli o`g`il bolalar maktabiga o`qishga borganman. Tadbirlar o`tkazsak, qizlar maktabiga taklifnoma yuborardik va aksincha. Sinfdoshim taniqli kulgu ustasi Hasan Yo`ldoshev o`sha vaqtda rasm chizishga qiziqardi. Qo`shni sinfdagi O`zbekiston xalq artisti Ergash Karimov esa aktyorlikka ishtiyoqmand edi. Kuni kecha maktabimizda Ergash Karimov muzeyi ochilishi munosabati bilan sinfdoshlar yig`ildik.
Maktabda eng qiziqqan fanlarim tarix va geografiya edi. Buning boisi tarix ustozim Osiyo Shokirova, geografiya fani ustozim Qobil Muhamedovning o`z kasbining ustasi ekanida edi. Ilk kitobim “Futbol — quvonchim, dardim, faxrim” nashrdan chiqqanida Osiyo opaga olib borganimda, quvonch ko`z yoshlari bilan duo qilgandi.
Yuqoridagi ikki fan qatori jismoniy tarbiya faniga ham muhabbat uyg`ona boshlagan. Maktabimizda 8 va 10-sinflararo, 5 hamda 7-sinflararo futbol bo`yicha chempionat o`tkazilardi. Ustozimiz David Javadov ham 90-o`rta maktab, ham bizni maktabda ishlagani bois ikki maktab o`zaro o`rtoqlik uchrashuvlarini o`tkazardi. Yuqori sinfdagi o`quvchilar Xayrulla, G`ani, Zokirxon, To`lqin, Qulahmad, Mirzaahmad futbol o`ynaganda nafaqat men, balki direktorimiz ham maroq bilan tomosha qilardi. Ular maktabni tamomlab ketishgach, biz o`rinbosar bo`lganmiz. Darvozabonlar Ahmad Otajonov, Ramziddin Zaynuddinov, himoyachilar Mirvohid Po`latov, Erkin Shoahmedov, Kamol Obidov, Habibullo Aliev, Mirvohid Qosimov va men. 9-sinf o`quvchisi bo`la turib, hatto 10-sinf yigitlarini ham futbolda yutardik. U vaqtda hozirgidek professional darajadagi sport kiyimlari, koptok bo`lmasdi. Yuqori sinf o`quvchilari Xayrulla va G`ani aka “Spartak” maydoniga borishardi, men ham ularga ergashardim. Haftada uch marta murabbiy Albert Sodiqovning mashg`ulotlariga qatnaydigan bo`lganman. Bu katta futbolga qo`ygan ilk qadamlarim edi. 1954 yilda maktabni tamomlaganman.
"DIREKTOR HAM, O`QITUVChI HAM, QOROVUL HAM O`ZIM EDIM"
— Geografiya faniga qiziqqanim uchun O`zbekiston Milliy universitetiga hujjat topshirgandim, kutilmaganda imtihonga matematika qo`shildi. Attestatimdagi 15 ta bahoning 5 tasi “3”, 5 tasi “4”, 5 tasi “5” baho. Aniq fanlarga hushim yo`q-da (kuladi). Bir do`stim “Tarix fakultetiga o`qishga kirib, keyin boshqa fakultetga o`tsang bo`ladi”, deb o`rgatdi, aytganini qildim. To`rtta imtihonning uchtasidan besh, adabiyotdan “4+” oldim. Men qolib, ikkita to`rt baho olganlar o`qishga qabul qilindi. Xafa bo`lganimni ko`rgan dadam oldiga solib, akademik Sarimsoqovning oldiga olib kirdi. Shunda domla “Mening mehnat ta`tiliga chiqqanimdan foydalanishibdi. Qarshimda o`tirgan shu olti abiturientning hammasi “5” olgan, lekin o`qishga qabul qilinmagan. O`g`lingiz shu baho bilan Toshkent Davlat pedagogika universitetiga kira oladi”, degan. Katta akam esa qo`shimcha ikkita imtihon topshirib, o`zi ishlaydigan ikki yillik pedagogika kollejiga o`qishga kirishimni maslahat berdi. Qisqasi, ham boshlang`ich sinf o`qituvchisi, ham etakchi mutaxassislikka ega bo`ladigan shu kollej talabasiga aylandim. O`qishni tamomlaydigan yilimiz 5-7-sinflarga jismoniy tarbiya o`qituvchisi tayyorlaydigan kurs ochildi. Shu tariqa kollejni uchta mutaxassislik bilan tamomladim. Yo`llanmaga ko`ra Toshkent viloyati Mirzacho`l tumanidagi 13-maktabga jismoniy tarbiya va fuqaro muhofazasi fanlaridan o`qituvchi etib tayinlashdi. Hashar yo`li bilan sport maydonlari qurdik. Shu vaqtgacha spartakiadada yuqori o`rinni olmagan maktab bu gal ikkinchi o`rin sohibi bo`ldi. O`zim ham voleybol va o`q otish musobaqasida qatnashgandim. Maktab direktorimiz mukofot o`rniga navbatdan tashqari bir hafta mehnat ta`tili berdi. Bir yildan so`ng tuman Paxtakor jamiyati raisi lavozimiga o`tkazishdi. Bir do`stim “maktab staji institutniki bilan qo`shilmaydi, dars soatlaringni qoldir”, deb maslahat berdi, shunday yo`l tutdim. Bu orada harbiy xizmatga chaqirishdi. Ota-onam keksa bo`lgani va oila boquvchisi ekanim bois harbiy xizmatdan ozod etildim. Stajim uzilib qolmasligi uchun viloyat Xalq ta`limi bo`limiga murojaat qilganimda, meni Ohangaron tumanida 12 ta xonadondan iborat “Janjal” qishlog`ida joylashgan 7-maktab filialiga boshlang`ich sinflar bo`yicha ilmiy bo`lim mudiri va o`qituvchisi qilib tayinlashdi. Boshlang`ich sinflarga dars berardim. Eng qizig`i, direktor ham, o`qituvchi ham, qorovul ham o`zim edim (miriqib kuladi). Fevralda ishga borgan bo`lsam, mayda ishni tamomlab, Toshkentga qaytdim. 1955-yil O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti ochildi. Hujjat topshirmoqchi edim, hay`at a`zolari “Voleyboldan olgan 3-razryadingizni yo bir hafta yoki bir yildan so`ng yangilab keling, shunda stajingiz ham kuymaydi”, deyishdi. Shu tariqa Samarqand darvozadagi 13-maktabda bosh etakchi bo`lib ishlab turdim. Bir yildan so`ng O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining Futbol fakultetiga o`qishga kirdim va to`rt yil o`qidim. Bu orada respublika miqyosidagi hakam, O`zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi a`zosi bo`ldim. Keyin Zangiota tumanida 83-maktabda ish boshladim, futbol bo`yicha to`garak ochdik. Bir yildan so`ng O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga ishga o`tdim.

"ILK SPORT ShARHLOVChISI SIFATIDA RO`YXATGA OLINGANMIZ"
— 1956 yilda “Paxtakor” stadioni qurildi, hasharga borardim. Shu yili “Paxtakor” jamoasi ham tashkil qilindi. Bu ikki voqea sabab, O`zteleradiokompaniyada sport sharhlovchilari uchun uch bosqichli respublika tanlovi e`lon qilindi. Yigirma olti kishi qatnashib, tanlovdan ikki kishi: Roman Turpishev va men O`zbekistondagi ilk sport sharhlovchisi sifatida ro`yxatga olindik. Romanga O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Albert Azaryan, menga O`zbekiston xalq artisti Turg`unoy Yunusxo`jaeva ustozlik qilishgan. O`zbekiston adabiyoti va san`ati gazetasining birinchi bosh muharriri, rus yozuvchisi Yulian Semenovning “Bahorning o`n etti lahzasi” kitobi tarjimoni — tog`am Tuyg`un Valievning ham menga ancha mehnati singgan. Qisqasi, 1961 yil televidenie qurilib jihozlangach, ilk bor ikkita sport sharhlovchisi: Roman Turpishev va Axbor Imomxo`jaevning ovozi yangragan.
Futbol va “Quvnoq startlar” ko`rsatuvlarini zimmamga olib, ko`rsatuvlar tayyorlaganman. Televidenieda sport sharhlovchiligidan bo`lim mudiri, bosh muharrir darajasiga ko`tarilganman. O`zbekiston Futbol Federasiyasi ochilgach, u erga ishga o`tmoqchiligimni aytganimda televidenie rahbarlari bir oy muhlat so`rab, “O`rningizga odam topolsak, ruxsat beramiz”, deb sport sharhlovchiligiga tanlov o`tkazib, o`rinbosar topishgan (kuladi). Bu orada bir yil oliy ligada “Paxtakor” futbol jamoasi boshlig`i bo`ldim. “Paxtakor” halokatidan bir yil avval “Paxtakor-79”ga bag`ishlangan telemarafon o`tkazish uchun O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Elbek Musaev va O`zbekteleradiokompaniyasi rais o`rinbosari Ubay Burxon “Axbor aka, televideniega qayting!” deb turib olishgan, rad etolmaganman. Lekin nafaqaga O`zbekiston Futbol Federasiyasidan chiqqanman.

80 yoshli yubileyimni o`ziga xos tarzda o`tkazdik, mini futbol turniri tashkil qildik. Avval nabira va jiyanlardan tashkil topgan jamoa to`p surdi. Tanaffusda Muyassar Razzoqova, Kozim Qayumov, Boltaboy Toshmatov davrani qizitishdi. Keyin faxriylar jamoalari — "Tong" (Toshkent) - "Fartuna" (Samarqand) maydonga tushdi. Hammaga rasmim tushirilgan medallar topshirildi.
81 yoshga kirganimga qaramay, haftada uch marotaba futbol faxriylaridan tuzilgan “Tong” jamoasida hozir ham futbol o`ynayman, hakamlik qilaman.

"FUTBOLIMIZNING 100 YoShIGA MUNOSIB SOVFA"
— Kunlarning birida “Sharq” nashriyoti bosh muharriri Ahror Ahmedov kitob yozishni maslahat berdi. 1988 yili “Assalom, Olimpiada” nomli kitobimni chop etishmagach, qo`lim yozishga bormay qolganini aytdim. Lekin ruhlantirdi, natijada “Futbol — quvonchim, dardim, faxrim”, “Maftuningman futbol”, “O`zbegimning Mirjaloli” nomli kitoblarim nashrdan chiqdi. Bir kuni O`zbekiston Futbol Federasiyasi prezidenti Mirabror Usmonov “Hozirgi avlod Gennadiy Krasniskiy va Birodar Abduraimovni tanimayapti. Yaqinda futbolimiz 100 yoshga to`ladi. Shu bois ular haqida kitob yozsangiz”, deb qoldi. Shu kunlarda kitobning rus tilidagi tarjimasi “Moi vospominaniya o slavnx predstaviteley futbolnogo veka” yakuniga etay deb qoldi. O`zbek tilidagi “Asl futboldagi asl qadrdonlarim haqida” deb nomlangan kitobda futbol tarixi 1912 yilda Qo`qonda tashkil qilingan “Musulmonlar” jamoasidan boshlangan, hozirgi avlod futbolchilaridan Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov ham kiritilgan. Jami 237 nafar futbolga aloqador odamlar haqida batafsil ma`lumot yozilgan. Bu kitob futbol ensiklopediyasi bo`lib qolishiga ishonaman!
"BIR KO`RIShDAGI MUHABBAT"
— Rafiqam Faridaxon bilan uzoqroq qarindosh edik. Ilk bor uyiga borganimda, deraza artayotgan ekan. Ko`rishish uchun qo`l cho`zdim va ikkalamiz ham qo`limizni qattiq siqib qo`ydik. O`shanda yuragim jiz etgan, bu — bir ko`rishdagi muhabbat edi! 1958 yil 12 avgust kuni Faridaxon bilan oila qurganmiz. Otam yangicha to`y o`tkazishga ruxsat bermagan, eskicha qilganmiz. Bir kuni ikkinchi qizim Madinaga dugonasi “Otangni maqtayverasan, atlas ko`ylakdagi chiroyli ayol bilan kinoga kirib ketayotganini ko`rdim”, debdi. Qizim “Har yili 12 avgust kuni otam onamni uchrashuvga chaqirib, sovg`a-salomlar bilan xursand qilishni an`anaga aylantirgan”, deya javob bergan. 1979 yil 11 avgustda “Paxtakor” jamoasi halokatga uchragach, har yilgi an`anadan voz kechganmiz. 2007 yil Qarshining “Sevinch” qizlar jamoasi Ukrainaning “Belichanka” jamoasi bilan ikki haftalik o`quv mashg`ulotiga ketayotganida meni ham birga olib ketishgan. Jamoa rahbari Abdurahman Yumangulov bilan “Paxtakor” halokatga uchragan Kurilovka o`rmoniga borganmiz. Shukr, o`sha erni ko`rish orzuim amalga oshgan (ko`ziga yosh oldi).
2009 yil 3 yanvarda rafiqam qandli diabet xastaligi bilan olamdan o`tdi. O`sha yili 15 mayda 70 yillik yubileyini o`tkazmoqchi edik... Ishonsangiz, haligacha yo`qligiga ko`nikolmaganman (ko`ziga yosh oldi).
Baxtli turmushimizdan ikki o`g`il, uch qizning ota-onasi edik. Kichik qizim Oliaxon 30 yoshida jigar xastaligi bilan olamdan o`tgan, uch farzand qolgan.

15 nabira, 11 ta evaramiz bor. O`g`illarim Abror, Zafar va nabiram Diyor, kelinim Umidaxon — izdoshlarim, bu baxtim! Shuningdek, aziz tengdoshlarim Dilbar Abdurahmonova, Botir Zokirov, Qahramon Dadaev, Akmal Azizxo`jaev, Erkin Vohidov, To`lqin Tojiev, Galina Melnikova, Guram Daraseliya, To`ti Yusupovalar bilan faxrlanib yuraman.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV






