AsosiySport

JAHLDOR, UDDABURON VA SAMIMIY XERARD PIKE

'  JAHLDOR, UDDABURON VA  SAMIMIY XERARD PIKE'ning rasmi

“BARSELONA” JAMOASI HIMOYaChISI XERARD PIKE MAYDONDA JUDA QO`POL O`YIN KO`RSATADIGAN FUTBOLChI HISOBLANADI. U RAQIB FUTBOLChILARINI O`ZIDAN O`TIB KETMASLIK UChUN BARChA IShLARNI BAJARIShGA URINADI. BIROQ TAShQI HAYoTDA FUTBOLChI UMUMAN BOShQAChA INSON. SAMIMIY VA SAXOVATPEShA EKANINI KO`PChILIK YaXShI BILMASLIGI MUMKIN. QUYIDA PIKE HAYoTINING KO`PChILIKKA NOMA`LUM QIRRALARIGA NAZAR TAShLAB O`TAMIZ.

QO`POL VA JAHLDOR KATALON O`G`LONI

...Xerard Pike Bernabue 1987 yilning 2 fevral kuni Ispaniyaning muxtor Respublikasi bo`lgan Kataloniyada dunyoga kelgan. Pike ham avvalgi qahramonlarimiz singari millionlar o`yiniga bo`lgan qiziqish sababli, 7 yoshida “Barselona” futbol akademiyasiga o`qisha qabul qilinadi.

“Barselona” akademiyasi o`sha paytda endigina o`z o`rniga ega bo`lib borayotganligi sababli, yaxshi futbolchilarni etishtirib chiqarishni boshlagandi. O`sha kezlarda akademiyasida Sesk Fabregas va Lionel Messi ham tahsil olardi. Ular bir guruhda ta`lim olishadi. Keyinchalik esa “Barselona-B” klubida to`p surishni boshlashadi. Uning bolaligi xususida bugungi kunda “Chelsi” safida to`p surayotgan Sesk Fabrges shunday degandi:

“Pike guruhimizdagi bolalar ichida hammadan ajralib turardi. Chunki u bo`yi baland va baquvvat edi. Bizning o`tib ketishimiz uchun umuman imkoniyat bermasdi. Bolalar o`rtasidagi musobaqalarda qo`pol o`yin ko`rsatar, hakamlarga ham jahl qilib, maydonni bir necha marotaba tark etgan. Shunag qaramay, Messi va Pike bilan juda yaxshi do`st edik”.

“BARSELONA”GA KERAK BO`LMAGAN YuLDUZ

... Akademiyada tahsil olgan yigitlar “Barselona”ning asosiy tarkibiga o`tib ketishardi. Ammo, biz hikoya qilayotgan qahramonimizning o`yinlari hech kimga ma`qul kelmaydi hamda Kataloniya klubidan ketishiga imkoniyat berishadi.

Chindan ham uning iqtidoriga shubha bilan qarashadi hamda uni “Manchester Yunayted”ga yo`l olishiga ruhsat berishadi. 2004 yilda Pike yorqin istibol istab, Angliyaga yo`l oladi va “qizil iblislar” bilan to`rt yillik shartnoma tuzadi.

Afsuski, Ser Aleks Fergyusson ham bu yigitchaning imkoniyatlariga ishonqirmay, uni zahirada o`tirishini istaydi. Keyinchalik futbolchini malakasini oshirish uchun “Saragosa” jamoasiga ijaraga beradi. Vataniga qaytib, u “Saragosa”da bir mavsum to`p suradi. E`tiborlisi, Pike aynan shu jamoada o`z iqtidorini yaqqol ko`rsatadi.

“QIROL”NING TAXTGA QAYTIShI

...Bu futbolchini klubdagilar “qirol” deyishadi. Buning o`ziga yarasha sabablari bor. Chunki Pike chindan ham futbolda o`z joyini topishi uchun ko`p mehnat-mashaqqatlarni boshidan kechirdi.

2008 yilda “Manchester Yunayted” bilan shartnmasi tugagan qahramonimiz yana “Barselona”ga qaytadi. Kataloniyaliklar Pikeni uzoq vaqt kuzatishadi hamda ortiga qaytarishga qaror qilishadi. Bunig qarangki, to`rt yil muqaddam “Barselona”ga kerak bo`lmagan futbolchining ortga qaytishi samarali kechadi. U ispan grandining asosiy futbolchisi bo`ladi.

Himoyada Karles Puyol bilan birgalikda asosiy qahramonga aylanadi. Hamon uni klubning ajralmas bir bo`lagi desa bo`ladi.

SOVRINLAR KOLLEKSIONERI

...Har bir insonning o`ziga yarasha xobbisi bo`ladi. Masalan Xerard Pike sovrinlarni qo`lga kiritishni hamda ularni kolleksiya qilishni yoqtiradi. Klub tarkibida qo`lga kiritgan mukofotlari uchun alohida joy ajratgan.

“Futbolda yutuqlarni olish muhimdir. Qancha ko`p sovrinlarni olsangiz, o`zingizga bo`lgan ishonchingiz yanada oshadi. Bugungi kunda yutgan unvonlarim uchun uyimda alohida xona ajratganman. Shu erda barchasini uchratish mumkin. Qolaversa, soatlar, futbolkalar to`plash mening asosiy xobbim”, - deydi Pike.

U unvonlarni to`plashdan tashqari, turli qimmatbaho soatlar, raqib jamoa liboslarini ham yig`ishni xush ko`radi. 2010 yilda Pike Ispaniya chempionati doirasida “Barselona” – “Xetafe” uchrashuvida raqib jamoa futbolchisi bilan futbolkasini almashtirgani sababli, jarimaga tortiladi.

Bu haqda o`sha paytdagi kataloniyaliklar ustozi Xosep Gvardiola Xerardning o`yinidan qoniqmagani va o`yindan keyin raqib futbolchisi bilan futbolka alshashtirganligi jahlini chiqarganini ta`kidlab o`tgandi. Shunga qaramay, futbolchi kolleksiyasida juda ko`plab jamoalarning futbolkalari mavjud.

ShAKIRA VA PIKE: MUNOSABATLAR QAChONDAN BOShLANGAN

Futbolchining shahsiy hayoti ham ancha qiziqarli desa bo`ladi. Gap shundaki, Xerard Pike boshqa hamkasblari singari ayollarga o`ch emas.

U o`z taqdirini xonanda Shakira bilan bog`lagan. E`tibor qiling, kolumbiyalik taniqli xonanda Shakira qahramonimizdan salkam o`n yosh katta. Shunga qaramay, ularning oilaviy rishtalari ancha avval boshlangan.

Ma`lum bo`lishicha, ular bir ziyofatda tanishib qolishgan. Shundan so`ng bu juftlik pinxona uchrashib yurishdi. Bilasiz, Evropada matbuotni chalg`itish oson ish emas.

Shunday bo`lishiga qaramay, Pike va Shakira ancha vaqt bir-biri bilan munosabatlarini yashirib kelishdi. Nihoyat, 2010 yilda Janubiy Afrikada bo`lgan futbol bo`yicha jahon chempionatidan so`ng bu juftlikning uchrashib yurganligi ommaga tanishtirildi.

2011 yildan esa ular o`zlarining ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifalarida birga tushgan rasmlarini ko`z-ko`z qilishni boshlab yuborishdi.

Hozirda bu juftlik ikki nafar o`g`il farzandni tarbiyalamoqda.

Bu baxtli oilada birinchi farzand 2013 yilning 22 yanvarida dunyoga keldi. Unga Milan deb ism berishdi. 2014 yilning 28 avgustida esa ular ikkinchi farzandni kutayotganligini ma`lum qilishdi.

Biroq ikkinchi farzandni dunyoga kelishi biroz kechikdi. Nihoyat, 2015 yilning 29 yanvarida yana bir o`g`il farzand tug`ildi. Unga Sasha deya ism qo`yishdi. Sashaning dunyoga kelishi biroz qiyin kechdi. Jarrohlik amaliyoti bilan chaqaloqni olamni ko`rishiga zamin yaratishgandi.

SAHOVATPEShA JUFTLIK

Bugungi kunda Pike duyoning eng boy futbolchilaridan biri hisoblanadi. Rafiqasi Shakiraning mol-dunyosi keragidan ortiq deyish mumkin. Bu juftlik ishlab topayotgan daromadini yaxshi yo`lda sarflab kelishadi.

Gap shundaki, ularning xususiy shifoxonasi bor. Ular og`ir xastalangan bemorlarga yordam berishadi. Qolaversa, bolalar uyiga ham daromadining ma`lum bir qismini hadya qilishadi. Bu borada ular qolganlarga o`rnak bo`la olishadi.

Kataloniyada bir qator bolalar uyi bor. Mana shu joylarning biriga Pike va Shakira nomi berilgan. Shuningdek, kelajakda birorta farzandni asrab olishni ham o`z rejalariga kiritib qo`ygan.

TADBIRKOR FUTBOLChI

Xerard tadbirkorlikni ham yaxshigina yo`lga qo`ygan. U Pique and Shakira nomi ostida kiyim-kechaklarni yo`lga qo`ygan. Bu firma ham jahon bozorida o`z joyini topib borayotir.

Boz ustiga futbolchi ba`zida saxiyligi tutib, Ispaniyaning quyi chempionatlarida to`p suradigan o`rtamiyona klublarga yordam beradi. Bu erda jamoa futbolkalari ishlab chiqariladi hamda ularni tannarxidan keskin past bahoda tarqatishadi.

Izzatbek ABDUVAHOBOV tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar