O`FF matbuot xizmati Federasiya tomonidan bugungi kundagi ko`rib chiqilayotgan ustuvor masalalar yuzasidan ma`lumot berdi.
Federasiyaning yangi rahbariyati oldida zudlik bilan hal qilinadigan 5 ta ustuvor masala bor.
Birinchisi, O`zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyini tayinlashdir. Ayni paytda yangi rahbariyat milliy terma jamoaga bosh murabbiy tayinlashda faqat xorijlik murabbiylar nomzodini ko`rib chiqayotganligini ma`lum qilamiz.
Ikkinchisi, kelishilgan o`yinlarga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishdir.O`FF strukturasida futboldagi korrupsiyani oldini olish uchun ma`sul bo`lgan maxsus bo`linma, shuningdek, kelishilgan o`yinlarga qarshi kurashish bo`yicha bo`lim va yangi qo`mita ish boshlaydi. Bu bo`linma va qo`mita faoliyatini O`FF Prezidenti shaxsan nazorat ostiga oladi.
Uchinchisi, bolalar va o`smirlar futbolini qing`irliklardan tozalash bo`lib, yoshlarning futbol maktablari va klublariga joylashishida, shuningdek, mashg`ulotlar jarayonida mahalliychilik va urug`-aymoqchilikka yo`l qo`yilmasligi va sport prinsiplarining birlamchi bo`lishini ta`minlashga qaratiladi. Bundan tashqari, futbolchilarning yoshlarini soxtalashtirishkabi illatga qarshi kurashish bo`yicha ham yangi chora-tadbirlar belgilab olinadi. Federasiyaning “Har bir bolaga bittadan to`p” nomli yangi rivojlantirish dasturi ishga tushiriladi.
To`rtinchisi, federasiya ishining shaffofligini ta`minlash va shu orqali fuqarolarning federasiyaga ishonchini ortishiga erishishdir. Aksariyat murojaatlarda federasiya xalqning mablag`ini suiste`mol qilganlikda ayblanadi. Fuqarolarda paydo bo`lgan noto`g`ri tasavvurni yo`qotish uchun federasiyamoliyalashtirish uchun mablag`ni qaerdan olib, qaerga sarflashini shaffoflashtirishni ta`minlaydi.
Beshinchisi, terma jamoalar, chempionat, kubok va birinchilik o`yinlarigaelektron chiptalar savdosini yo`lga qo`yish orqali ishqibozlar chiptalarni o`z narxida va teng taqsimlash tizimini yo`lga qo`yishdir. Bu bilan chiptalar savdosiga chayqovchilarning ta`sirini kamaytirish, hududlardagi ishqibozlarning o`z uylaridan turib o`yinlarga chipta sotib olishini ta`minlash kabi qulayliklarni yaratish asosiy maqsad qilib olingan.
O`FF Prezidenti Umid Ahmadjonov ushbu haftada FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashadi. Keyingi haftada esa O`FFda amalga oshirilishi kutilayotgan islohotlar yuzasidan futbol jamoatchiligiga axborot beriladi.