Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida 2002 yilda tavallud topgan futbolchilar o`rtasida Osiyo chempionatiga saralash bosqichi “A” guruhi uchrashuvlari davom etmoqda.
Dilshod Nuraliev bosh murabbiyligidagi jamoa bugun, 18 sentyabr kuni Bahraynga qarshi maydonga tushib, 1:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvdagi yagona golga zaxiradan maydonga tushgan Mirjalol Qosimov 89-daqiqada mualliflik qildi va jamoaga dastlabki 3 ochkoni taqdim qildi, deya xabar qiladi O`FF.
Qayd etish kerakki, o`yinning 33-daqiqasida bahraynliklar himoyachisi O`zbekiston o`smirlar termasi hujumchisi Igor Chikrizovga og`ir jarohat etkazdi. Hujumchi maydonni tark etib, shu zahoti shifoxonaga etkazildi.
O`tkazilgan tibbiy ko`rikdan keyin Igor Chikrizovga o`ng oyoq tovon qismini bog`lovchi pay shikastlanishi tashxisi qo`yildi. Futbolchiga barcha kerakli muolajalar ko`rsatilgach, shifokorlar O`zbekiston o`smirlar termasi hujumchisining jarohatidan tiklanishi uchun 2–4 hafta vaqt kerak bo`lishini ma`lum qilishdi.
Kunning ikkinchi o`yinida Iordaniya o`smirlari Shri-Lankaga qarshi bahs yuritdi. Guruh autsayderi sifatida e`tirof etilayotgan Shri-Lanka bu safar o`z darvozasidan 7 ta gol olib chiqdi.
U-16 OCh saralash bosqichi
Ar-Riyod, Saudiya Arabistoni
18 sentyabr, dushanba
Bahrayn – O`zbekiston 0:1
Gol: Mirjalol Qosimov (89)
O`zbekiston U-16: Mo`minmirzo Qodirov, Abdurauf Bo`riev (Mirjalol Qosimov, 83), Xurshidbek Ubaydullaev, Jasurbek Abdulbekov, Jaloliddin Sodiqov, Jasurbek Jaloliddinov, Ruslan Roziev (Temur Mamasiddiqov, 63), Doniyor Sobirov, Mironshox Sattorov, Igor Chikrizov (Boburbek Sobirov, 33), Boburmirzo Ergashev.
Ogohlantirishlar: Xolid Haytam al-Sheruqiy (25), Ahmad Abdulla (31) – Mironshox Sattorov 83.
Kunning ikkinchi o`yinida Iordaniya o`smirlari Shri-Lankaga qarshi bahs yuritdi. Guruh autsayderi sifatida e`tirof etilayotgan Shri-Lanka bu safar o`z darvozasidan 5 ta gol olib chiqdi.
Shri-Lanka – Iordaniya 0:7
Ma`lumot uchun, U-16 Osiyo chempionati saralashida OFKga a`zo jami 45 mamlakatning o`smirlar terma jamoalari 10 guruhga bo`lingan holda ishtirok etmoqda. Guruhda birinchi o`rinni egallagan 10 ta hamda eng yaxshi 5 ta ikkinchi o`rin sohiblari mezbon Malayziyaga qo`shilgan holda Osiyo chempionati final bosqichiga yo`llanma oladi. U-16 Osiyo chempionati 2018 yilning 20 sentyabr – 7 oktyabr kunlari Malayziyada o`tkaziladi.






