Uni har kun oyinayijahon orqali ko`rmaymiz, yangi qo`shiqlarini radioto`lqinlardan eshitmaymiz. Shunga qaramay, uning chehrasi ko`pchilikka tanish, sara qo`shiqlarini topib sevib tinglovchilar ham kam emas. Ali mashhur sulolaning kichik vakili. Ali Otajonov, sevimli o`g`il, aka, uka, sevikli yor muxlislarga esa xonanda va aktyor sifatida tanilib ulgurgan ijodkor. Suhbatdoshim bilan muloqotga kirishish qiyin bo`lmadi. Barcha bilan tez til topishib ketadigan Alining fikrlari e`tiboringizdan chetda qolmaydi degan umiddamiz.
— Tahriryatimizga xush kelibsiz.
— Rahmat.
— Mashhur sulolaning vakilisiz. Bu mas`uliyatmi yoki faxr hisi kuchliroqmi?
— Albatta, birinchi o`rinda bu katta mas`uliyat yuklaydi. Doim bu sulola nomiga dog` tushurishga haqqim yo`qligini bilib turaman. Shu kungacha ularning yuzini erga qaratadigan biror xatoga yo`l qo`ymaganman va bu ish bo`lmaydi, degan umiddaman. Shu o`rinda faxrlanaman ham! Otajonovlar sulolasidan bo`lmaganimda san`at yo`lini tanlamasdim ehtimol...
— Bu familiya sizga majburiyat yuklagan, to`g`ri tushundimmi sizni?
— San`atkor bo`l, deb hech kim majburlamagan. Bu haqida gap-so`z bo`lishi mumkin emas. Aytmoqchimanki, oilamiz qonida oqayotgan san`atga, qo`shiqqa bo`lgan mehr, mening ham tomirlarimda jo`sh urayapti. Bobomning tarbiyasini olganim uchun san`atga qiziqish, mehr uyg`ondi. Bu muhabbatni so`z bilan ta`riflab berish qiyin.
— Shunga qaramay bugun tengqurlaringizga nisbatan kamnamosiz?
— Men boshqa hamkasblarimdan mana shu jihatim bilan farq qilsam kerak (jilmayib). Har kuni ekranda ko`rinib, yangi qo`shiqlarimning reklamasini kuchaytirish orqali san`atni qanchalar sevishimni ko`z-ko`z qiladigan ijodkorlardan emasman. Ijodni sevaman, qo`shiq kuylash jonu dilim, ammo san`atni shou-biznes bozorida reklama qilish unchalik yoqmaydi. Xohishimga qarab yangi klip suratga tushurishim va uni shunchaki bugungi til bilan aytganda «proma»siz efirga qo`yishim mumkin, xolos. Men o`zim uchun kuylashni yaxshi ko`raman.
- Hayotingizda yangi sahifa ochildi...
- Yurtimiz tinchligiga ko`z tegmasin yomon ko`zlardan Yaratganning o`zi asrasin!
— Ha, uylandim, kutganimdan ham ko`ra baxtliman. Bir insonning baxtli bo`lish uchun nima kerak bo`lsa, barchasi menda bor. Shu kungacha hayotimdan nolimaganman nolimayman ham. Faqat shukr qilaman.
— Turmush o`rtog`ingiz haqida gapirib bera olasizmi?
— Aynan shu mavzuda ham iltimosim, ham talabim bor. To`g`risi, shaxsiy hayotim haqida gapirishni va uni ommaning oldida muhokama qilishni yoqtirmayman. Ayolini ko`z-ko`z qiladiganlarni tushunmayman ham. Bu tabiyatimga zid tushuncha.
— Shunday bo`lsa-da, turmush o`rtog`ingiz bilan tushgan suratlaringizni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirasiz-ku?
— Ahamiyat bergan bo`lsangiz, rasmlarda ayolimning yuzi fotomontaj yordamida xiralashtirilgan. Shu ishimdan ham bu borada talabchan ekanimni bilib olishingiz mumkin, deb o`ylayman.
— Bolalarga mehringiz o`zgacha. Buni ham ijtimoyi tarmoqlardagi suratlaringizdan bilib olish qiyin emas...
— Ha to`g`ri, bolalar jonu dilim. Ularning beg`ubor, samimiy kulgisini juda yaxshi ko`raman. Niyatim biz ham suratlardagi shirintoylarga o`xshagan farzandlarning ota-onasi bo`lib yuraylik.
— Nazarimda, san`atkorlar ichida do`stlaringiz kam...
— Do`stlik manfaatlar tugaguncha emas, umrlar tugaguncha davom etadigan muqaddas rishta, menimcha. Ana shu sadoqatni chinakamiga saqlay oladiganlarni hurmat qilaman. Do`stlarim bor, albatta. Ulardan biri xonanda Shohruxxon. Unga o`zimga ishongandek ishonaman. Yaxshi kunimda ham, yomon kunimda ham doim elkadoshim, sirdoshim, haqiqiy do`stim! U bilan bolaligimizdan birgamiz. San`atdan tashqarida ham do`stlarim bor. Ularning barchasini yaxshi ko`raman va borliklari uchun raxmat, deyman.
— Internet tarmog`ida juda faolsiz. Suratlar joylashtirish marafonida birinchilardansiz desak adashmaymiz.
— Bugun internet hayotimizning ajralmas bo`lagiga aylanib ulurdi. Ijtimoyi tarmoqlarda surat joylashtirishdan tashqari uzoqdagi yaqinlarim holidan habar olib turaman, filmlar tomosha qilib, yangi musiqalarni tinglashini xush ko`raman. Muxlislarim bilan aloqada bo`laman. Nima ishlar bilan band ekanligim xabarini aytaman. To`g`risi, ba`zida ijtimoiy saytlarga sarflagan vaqtimni o`ylasam, umrim bekorchi narsalar bilan o`tib ketayotgandek tuyuladi. Virutal olamda uzoq vaqt o`tirishimni balki «kasallik» ham deyish mumkindir. Bu jarayonda odam o`zini nazorat qilishi kerak, nafaqat kerak, balki shart ekan!
— So`nggi yillarda kino olamida juda faolsiz. Aktyorlik qobilyatingizni yashirib yurgan ekansiz, shekilli...
— Jurnalistlardan biri «Sizni kinoda rejissyor Durdona To`laganova kashf etdi» degan edi. haqiqatdan ham shunday. «Ayriliq» filmiga taklif etib, meni bu olamga boshladi. Rollarimda o`zimni topishingiz mumkin, fe`l-atvorimdan kelib chiqqan holda ijro etaman-da. Balki shuning uchun ham tabiiy chiqar. Buni oldingi intervyularda ham aytib o`tgandim. Men uchun kino bu — xobbi. Bilaman, bu ish qo`limdan keladi, shuning uchun shug`ulanyapman, xolos. Ammo aktyorlikka da`vogarlik qilmayman. Kino yillar o`tgandan keyin rollarimni ko`rib, yaxshi kunlarni eslab o`tirishim uchun bir manbaa deb o`ylayman. Balki filmlarim yoshligimdan esdalik bo`lib qolar. Asosiysi talab bor! Shu kungacha birovdan bu rolni yomon o`ynabsan degan gapni eshitganim yo`q. Shu munosabat ham suratga tushishimga turtki bo`layotgandir...
— Suhbat so`ngida tilaklaringiz...
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi.
manba: «Sug'diyona» gazetasi