O`zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov va O`zbekiston Futbol Federasiyasi Ijroiya Qo`mitasi a`zosi Bobur Shodiev bugun Shveysariyaning Syurix shahrida FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashdi.
FIFA qarorgohida bo`lib o`tgan muzokaralar yakuniga ko`ra, O`FF Prezidenti Umid Ahmadjonovning taklifi bilan FIFA prezidenti Janni Infantino O`zbekistonga tashrif buyurishga va`da berdi.
Umid Ahmadjonovning tashrifdan ko`zlagan asosiy maqsadi FIFA tasnifidagi xalqaro tadbir va musobaqalarni O`zbekistonga olib kelish bo`lib, O`FF Prezidenti Janni Infantino bilan o`zaro suhbat chog`ida o`smirlar hamda yoshlar o`rtasidagi jahon chempionati, 17 va 20 yoshgacha bo`lgan qizlar o`rtasidagi jahon chempionatini O`zbekistonda o`tkazish masalasini qizg`in muhokama qildi.
O`FF Prezidenti FIFA prezidenti bilan suhbat asnosida O`zbekiston bugungi kunga kelib, FIFA Kongressi, shuningdek, FIFAning ixtisoslashgan forumlaridan biriga mezbonlik qilishga tayyor ekanligini ma`lum qildi.
Muzokaralar chog`ida O`zbekiston delegasiyasi futbol targ`ibotini kuchaytirish maqsadida FIFAdan dunyo futbolining yorqin afsonalari va buguni kun yulduzlarini O`zbekistondagi yosh futbolchilarga master-klass o`tab berishi, shuningdek, jahon futbolida top-murabbiylarni O`zbekistonda nazariy va amaliy mashg`ulotlar o`tkazib berishi uchun taklif qilishda FIFAning amaliy yordam berishini so`radi. Bundan tashqari, Evropaning ko`zga ko`ringan futbol klublari va O`zbekiston klublari o`rtasida hamkorlikdagi o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazish va mutaxassislarni jalb qilgan qolda, o`zaro tajriba almashinuvini yo`lga qo`yish bo`yicha ikki tomonlama kelishuvga erishildi.
Umid Ahmadjonov boshchiligidagi O`FF delegasiyasi Shveysariyadan Toshkentga shu hafta oxirida qaytib keladi, deya xabar qiladi O`FF matbuot xizmati.