1

​ O`zingizni kashf eting!

Mutolaa 23.09.2017, 10:34
​ O`zingizni kashf eting!

“Nega bizni maqtashmayapti?” — bu so`zlarni eslay olmadingizmi? Siz mazkur birikma so`zlarni qo`shiqlar orasidan qidirmang. Bu esingizda bo`lgan filmda keltirilgan, yodingizdan ko`tarilgan ibora, xolos — “Alovuddinning sehrli chirog`i” filmi. So`zlar esa malika Budurning otasi sulton tomonidan alamzada bo`lib turganida aytiladi — “Nega bizni maqtashmayapti?”. Shunda a`yonlari tomonidan madh etilgan maqtovdan so`ng sultonning kayfiyati joyiga tusha boshlaydi.

Darhaqiqat, inson borki, maqtalishga moyil. Chunki bolalikda o`zi tomon ba`zan erkalash, ba`zan ovutish ma`nosida aytilgan so`zlar uning umri davomida o`zi sezmagan ovunchog`i bo`lib keladi. Vaqti kelib ulg`aygach ham shu kabi maqtovlarni qumsay boshlaydi.

Ammo endi uning qilgan amallari maqtovga munosib bo`lsagina bunga erishishi mumkinligini anglab etgach, agar salohiyati bo`lsa, iste`dodiga qarab o`z ustida ishlay boshlaydi, maqtalishni va odamlar e`tiborida bo`lishni istayverida. Aslini olganda, maqtov inson kayfiyatiga ta`sir etib, uning o`zgalardan ustun tomoni, yutug`i, a`lo ko`rinishi, muomala-munosabati kabi ko`plab jihatlarni ijobiy sifatlashdir. Xulq-atvoridan kelib chiqib, maqtovga har kimning o`z qarashlari bor.

Kimdir o`zi tomon kelayotgan maqtovlar oshkora bo`lishini istasa, yana kimdir oshkora aytilgan maqtovdan xijolat bo`ladi yoki nosamimiylikka yo`yadi. Bundan ko`rinadiki, oshkora maqtalishni istagan inson kimgadir yaxshilik qilmoqchi bo`lsa, albatta oshkora qilishga urinadi. Buning ortida yoki maqtanish yoki sen ham ibrat ol, degan maqtalishni istayotgani ko`rinadi.

Ortidan maqtashlarini istayotgan inson esa ko`p hollarda qilgan xayrli ishlari haqida lom-mim demaydi. Chunki u yuziga maqtashlaridan noqulay bo`lishini o`ylaydi yoki beodoblikka yo`yib, o`zi bilib-bilmay, “Yuziga qarab maqtalgan inson baxtli emas” degan yangicha qarashlarga amal qiladi. Ammo yaxshiligi xo`jako`rsinga bo`lgan kishilar ham borki, ular hech ikkilanmay qilgan savobli ishlarini mannat tarzda aytib, o`zgalar munosib ko`rmagan maqtovlar bilan o`zini sifatlay boshlaydi.

O`zlarining qilgan ishlari samimiy bo`lmagani kabi ularning atrofiga manfaat bo`lsa, soxta samimiylik bilan maqtovchilar ham yig`ilishi tabiiy. Bora-bora bunday kishilar “men”i istagan ta`riflarni o`zgalar og`zidan mudom eshitishga o`rganishadi. Ular atrofga razm sola turib, hech kimga o`zichalik ta`rif berilmayotganidan “Faqat mengina shunday e`tirofga loyiq bo`lsam kerak”, degan xayolga bora boshlaydi.

Xalqimiz tilida shunday kishilar tomon boplab aytilgan iboralar ishga tushadi: “Burni ko`tarilgan”, “Ko`zini yog` bosgan”, “Oyoq uchida ko`rsatadi” vaho kazo... Buni chin-hazil ta`rif bilan aytadigan bo`lsak: “Burni ko`tarilib, o`zgalarni ko`rolmagani uchun ko`zini yog` bosganki, kishilarni oyoq uchida ko`rsatadi”.

“Yulduzlik kasali” haqiqat!

Bir paytlar sizning hazillaringizni tushunib, tanbihu o`gitlaringizni qabul qilgan tanish inson mansab pillapoyalariyu odamlar e`tirofiga sazovor bo`lgach, birgina tanqidingizni ko`tarishga kuch topolmayotganini ko`rsangiz yoki biror iltimosingizni e`tiborsiz qoldirsa, ranjishingiz tabiiy. Undagi o`zgarishlarga asosan biz yuqorida keltirganimizdek, atrofdagi maqtovlar sabab bo`ladi.

Buni san`atkorlar tili bilan aytganda “yulduzlik kasali” deyish mumkin. Aslida bu ta`rif kinoya va kesatiqlar bilan aytilgandek tuyuladi. Ammo aksariyat mashhur bo`lmagan kishilar ham o`zlarini shu kasallikka chalingandek tutib, atrofdagilarga manmanlik bilan munosabatda bo`lishadi. Bunga qalb hastaligi sifatida ham ta`rif berishlari bejiz emas.

Ulamolar aytganidek, o`zini yuqori olgan odam kibr ahlidan bo`ladi. Kamolot sifatlari egasi bo`lgan odam esa o`zini boshqalardan yuqori olmaydi. Ilm sari intilgan ba`zi odamlar ham mutakabbirlik dardiga tez chalinadilar. Ular o`zicha ilmga va kamoliga mahliyo bo`lib, o`zlarini yuqori olib, o`zgalarga past nazar bilan qarashni boshlaydilar. Aslida buning ikki sababi bor:

birinchi sababi ilm deb atalayotgan narsa haqiqiy bo`lmaydi. Haqiqiy ilm egasi tavozu`li bo`ladi.

ikkinchi sababi ilmga uringan bo`lsa ham, o`zi nafsi buzuq, xulqi yomon odam bo`lishidir. Bu kabi odamlar qancha ilm olsalar ham o`zlarini o`nglamaganlari uchun yomon sifatlar ularni tark etmaydi.

Dunyoviy ishlarga mashg`ul kishilar ham manmanlikka tez uchraydi. Odamlar ularning hojatlarini chiqarishlari, ulug`lashlari, joy bo`shatishlari madh qilib turishlari lozimligini da`vo qiladilar.

Diniy ishlarda ham takabburlikka berilgan insonlar uchraydi. Unday insonlar o`zidan boshqalar noto`g`ri yo`ldan borayotganlarini da`vo qiladi.

“Ko`pam gerdaymang!”

Takabburlik, belgilari kishining shakli shamoilidan ham bilinib turadi. Uni yuzdagi alomatlaridan, nazar solishidan, boshini tutishidan, o`tirishidan, ovozi ohangidan, qadam olishidan, jim turishidan va barcha harakatlaridan bilib olish mumkin ekan. Masalan, odamlar uning atrofida yoki huzurida tik turishini yoqtirishi, doimo ortidan odamlarni ergashtirib yurishni xush ko`rishi, din uchun foydali bo`lsa ham, birovning ziyoratiga bormasligi, birovning yoniga o`tirmaslikni xohlamasligi, o`z uyida o`z xizmatini o`zi qilmasligi, o`ziga tegishli narsani uyiga o`zi olib bormasligi ham kibrga kirar ekan.

“Avval o`zingga boqing...”

Ba`zan inson muhtoj bo`lgan muhim ehtiyojlarini qondirgani sari atrofidagilarga o`zini solishtira boshlaydi va o`zi erishga yutuqlarini etirof etib, go`yoki u boshqalardan ustunroqdek ko`rinadi. Mobodo solishtirgan kishilarining yutug`i ortiqroq bo`lsa ham ularni ko`zga ilmaslikka urinadi. Lekin biz tan olishimiz qiyin bo`lsa-da, kamchiliklardan xoli emasligimiz o`zimizga ayon.Qalbimizda paydo bo`lib, kezi kelganda bo`y ko`rsatib, o`z haqimizda salbiy fikrlarga sabab bo`luvchi jihat — manmanlik, kibru havo kabi illatlar biz e`zozlagan va bizni qadrlaganlarga naqadar ozor etkazishini tushunaylik. Maqtalishga arziydigan jihatlarimiz yuzaga chiqsa, aslida boshqalar ham shunday ishlarga qodir ekanini yod etib tursak, o`zimizning el qatori inson ekanligimizni unutmaymiz.

Abdulaziz RUSTAM o`g`li


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1