AsosiySport

​TURKMANISTONDA O`TAYoTGAN V OSIYo O`YINLARIDA TERMA JAMOAMIZ 106 TA MEDALNI QO`LGA KIRITDI

'​TURKMANISTONDA  O`TAYoTGAN V OSIYo O`YINLARIDA TERMA JAMOAMIZ 106 TA MEDALNI QO`LGA KIRITDI'ning rasmi

Turkmanistonda Yopiq inshootlarda va jang san`atlari bo`yicha V Osiyo o`yinlari qizg`in pallaga kirdi.

Sambo bo`yicha vazni 68 kilogrammgacha bo`lgan polvonlar bahsida hamyurtimiz Sarbon Ernazarov mo`g`ulistonlik Tseden Rakxanjav, turkmanistonlik Muhammad Ko`ssekov, so`nggi hal qiluvchi final bahsida Bekmurod Meredovni mag`lubiyatga uchratdi va oltin medalga sazovor bo`ldi. 90 kilogrammgacha vazn toifasida mahoratli polvonimiz Ne`mat Yoqubovga teng keladigani topilmadi.

Sambo bahslarida Rahmatjon Ahmedov kumush, Islomjon Azimov, Lutfilla Saydamatov, Istam Qudratov, Nodira Gulova, Gulnoza Ziyoeva o`z vazn toifalarida bronza medaliga sazovor bo`ldi.

Vazni 74 kilogrammgacha bo`lgan erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonov final bellashuvida eronlik Husain Chamazkoti Ilyosni 12:6 hisobida mag`lubiyatga uchratgan bo`lsa, 57 kilogrammgacha vazn toifasida Mahmudjon Shavkatov qozog`istonlik Gabit Tolepboyni 6:2 hisobida engdi. Shu tariqa Bekzod va Mahmudjon terma jamoamiz hisobiga navbatdagi oltin medallarni qo`shib qo`ydi.

Og`ir atletika bahslarida O`zbekiston terma jamoasi a`zosi Ivan Efremov dast ko`tarishda 190 kilogrammlik, siltab ko`tarishda esa 221 kilogrammlik shtangani bo`ysindirdi va yakunda umumhisobda 411 kilogramm natija ko`rsatib, shohsupaning eng yuqori pog`onasidan joy egalladi.

Shuningdek Farhod Sobirov 391 kilogramm, Omadoy Otaqo`ziev 231 kilogramm natija bilan kumush medalni ko`lga kiritdi. Yana bir og`ir atletikachimiz Dolera Davronova bronza medal bilan taqdirlandi.

Belbog`li kurash bo`yicha finalga qadar barcha raqiblari ustidan zafar quchgan Islomjon Qo`ldoshev, Ilhomjon Mashrabov, Manzuroy Mo`ydinova, Gulxumoroy Dadaboeva, Dilafro`z Mamajonova klassik yo`nalishda kumush medal sohibiga aylandi. Fayzulla Ummatov, Abduqahhor Egamov o`z vazn toifasida uchinchi o`rinni egalladi.

Tennis bo`yicha yakkaliklar o`rtasida Farrux Do`stov, aralash juftlikda Sanjar Fayziev va Arina Fols terma jamoamiz hisobiga bronza medalni qo`shib qo`ydi. 50 va 100 metrga batterflyay usulda suzgan Artem Kozlyuk marra chizig`ini uchinchi bo`lib bosib o`tdi.

Futzal bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi musobaqaning yarim finalida Yaponiya terma jamoasini mag`lubiyatga uchratib, finalda Eron terma jamoasiga qarshi maydonga tushadigan bo`ldi.

Yopiq inshootlarda va jang san`atlari bo`yicha V Osiyo o`yinlarida terma jamoamiz a`zolari hozircha 21 oltin, 28 kumush va 57 bronza medalni qo`lga kiritdi, deb yozadi O`zA.

    Boshqa yangiliklar