1

Toshkentda ShHT hukumat rahbarlari kengashining majlisi nihoyasiga etdi

Jamiyat 30.11.2013, 10:04
Toshkentda ShHT hukumat rahbarlari kengashining majlisi nihoyasiga etdi
Toshkent shahrida 29 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o`n ikkinchi majlisi bo`lib o`tdi.
 
Majlis O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev, Qozog`iston Respublikasi Bosh vaziri Serik Ahmetov, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan, Qirg`iziston Respublikasi Bosh vaziri Jonto`ra Sotiboldiev, Rossiya Federasiyasi hukumati Raisi Dmitriy Medvedev va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodaning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Muzokarada ShHT Bosh kotibi Dmitriy Mezensev va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi direktori Chjan Sinfen ham ishtirok etdi.
 
O`zaro ishonch va ishchanlik ruhida o`tgan muloqot chog`ida ShHT faoliyati izchil rivojlanib borayotgani, a`zo davlatlar o`rtasida 2007 yilda imzolangan Uzoq muddatli yaxshi qo`shnichilik, do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi shartnoma bunda muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilayotgani alohida ta`kidlandi, deya xabar beradi O`zA.
 
ShHT qisqa muddatda jadal rivojlanib, nufuzli  xalqaro tashkilotga aylandi. Uning xalqaro maydondagi mavqei yil sayin ortib, tashkilotga a`zo bo`lish istagini bildirgan davlatlar safi tobora kengayib bormoqda.
 
ShHTning asosiy maqsad va vazifalari a`zo mamlakatlar o`rtasida o`zaro hurmat, ishonch va do`stlikni mustahkamlash, mintaqaviy tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, iqtisodiyot, fan-texnika, ta`lim, madaniyat, energetika, transport, ekologiya kabi sohalarda samarali hamkorlikni yo`lga qo`yish va rivojlantirishdan iborat.
 
O`tgan yillar mobaynida ShHT hududida zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi qo`shma loyihalarni amalga oshirish, ShHTga a`zo davlatlar va, umuman, butun mintaqani barqaror iqtisodiy rivojlantirishni ta`minlash, ijtimoiy-madaniy sohada hamkorlikni kengaytirish uchun muhim shartnomaviy-huquqiy asos yaratildi.
 
Hukumat rahbarlari kengashi ishtirokchilari ShHT Davlat rahbarlari kengashining so`nggi majlisida hukumatlar oldiga qo`yilgan vazifalar – a`zo davlatlar o`rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, gumanitar hamda transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga doir keng ko`lamdagi masalalarni ko`rib chiqdilar.
 
Hukumat rahbarlari ShHTga a`zo davlatlarning ko`p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi hamda 2012-2016 yillarda ShHT doirasida loyihaviy faoliyatni yanada rivojlantirish tadbirlari rejasining ijrosini ko`rib chiqdilar. Ta`kidlash joizki, tashqi iqtisodiy va tashqi savdo mahkamalari rahbarlarining joriy yil 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida bo`lib o`tgan kengashida iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida mazkur dastur va tadbirlar rejasini bajarish bo`yicha kelishib olingan edi.
 
Kengashning kengaytirilgan tarkibdagi majlisida ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi va ShHT Banklararo birlashmasi kengashi raislari, kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afg`oniston Islom Respublikasi ikkinchi vise-prezidenti M.Xaliliy, Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari S.Singx, Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri M.Ne`matzoda, Mo`g`uliston Bosh vazirining o`rinbosari D.Terbishdagva, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining milliy xavfsizlik va tashqi ishlar bo`yicha maslahatchisi S.Aziz, shuningdek, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o`rinbosari – BMT ESKATO ijrochi kotibi N.Xeyzer, MDH Ijroiya qo`mitasi raisi – ijrochi kotibi S.Lebedev, ASEAN Bosh kotibi o`rinbosari N.Lin qatnashdi.
 
Majlis ishtirokchilari ShHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi faoliyatiga oid axborotlarni tinglab, ularning faoliyatini  ijobiy baholadilar. Ushbu tuzilmalarga Tashkilot doirasida ShHT hududida barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta`minlash borasida, xususan, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta`minlash, iqtisodiyotning  yuqori texnologik tarmoqlarini jadal rivojlantirish, sanoat infratuzilmalarini modernizasiyalash, sarmoyaviy loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, ShHTga a`zo davlatlarning ishbilarmon doiralari va moliyaviy tuzilmalari o`rtasida bevosita aloqalarni o`rnatish orqali amaliy ko`mak berishga yo`naltirilgan loyihaviy faoliyatni rivojlantirish bo`yicha o`zaro aloqalarni faollashtirishni tavsiya etdilar.
 
Aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, bandlikni ta`minlash, ayniqsa, yoshlar o`rtasida bandlikni oshirish masalalarini hal etish muhimligi, bunda mehnat, bandlik va ijtimoiy sohalardagi chora-tadbirlarni muvozanatlashgan iqtisodiy va moliyaviy siyosat bilan uyg`unlikda olib borish lozimligi qayd etildi. 
 
Hukumat rahbarlari ShHTga a`zo davlatlar jahon iqtisodiyoti barqaror o`sish sur`atlariga erishishidan manfaatdor ekanligini ta`kidladilar.
 
ShHTga a`zo davlatlar o`z mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yanada rivojlantirish, iqtisodiy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash va yuqorida qayd etilgan masalalarni hal etish bo`yicha o`zaro hamkorlikni kengaytirish orqali ushbu maqsadlarga erishishga o`z hissasini qo`shayotir.
 
Hukumat rahbarlari ShHTga a`zo davlatlar ishbilarmon doiralarining yuqori texnologiyali va innovasion qo`shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, iqtisodiyotning infratuzilma, mashinasozlik, engil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo`jaligi, turizm kabi muhim tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirish, ko`rgazma-yarmarka faoliyati va multimodal transport-logistika komplekslarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarini ma`qulladi.
 
Hukumat rahbarlari ShHTga a`zo barcha davlatlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mintaqaviy savdo-iqtisodiy va investisiya hamkorligini chuqurlashtirish, jahon iqtisodiyotida mintaqaning ahamiyatini oshirishga qaratilgan muloqotni kuchaytirish va moliya-bank hamkorligini kengaytirish zarurligini ta`kidladi. Shu nuqtai nazardan, Hukumat rahbarlari kengashining ushbu majlisida ShHT Taraqqiyot banki va ShHT Taraqqiyot jamg`armasini tashkil etish borasidagi ishlarni davom ettirish yuzasidan qabul qilingan qaror muhim ahamiyatga ega.

Majlisda transport va xalqaro transport yo`laklarini rivojlantirish sohasida ko`p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etishi tasdiqlandi. ShHTga a`zo davlatlarning transport sohasidagi hamkorligini yanada rivojlantirish to`g`risida qo`shma bayonot qabul qilindi. Bu mintaqadagi mavjud tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanish, transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, yuk tashish hajmini ko`paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hisobidan ShHT makonida tovarlar aylanishi  va investisiya faolligini oshirish imkonini beradi.
 
Havo, avtomobil va temir yo`l qatnovi, qurilish va multimodal transport-logistika komplekslaridan samarali foydalanish sohasida o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi ta`kidlandi.
 
Shu munosabat bilan majlisda ShHTga a`zo davlatlar hukumatlari o`rtasida xalqaro avtomobil tashishlar uchun qulay sharoit yaratish to`g`risidagi bitimni tezroq imzolash zarurligi va bu avtomobilda yuk tashish sohasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikning
ishonchli huquqiy asosi bo`lishi qayd etildi.
 
ShHTga a`zo davlatlar hukumatlari o`rtasidagi qishloq xo`jaligi va sog`liqni saqlash sohalarida hamkorlikka oid bitimlarni amalga oshirish bo`yicha ko`p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish muhimligiga alohida e`tibor qaratildi.
 
Shu jihatdan Hukumat rahbarlari kengashining mazkur majlisi doirasida imzolangan ShHTga a`zo davlatlar hududida yuqumli kasalliklar natijasida vujudga keladigan epidemiologik vaziyat haqida axborot almashish dasturi  muhim ahamiyatga ega.
 
Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat, ta`lim, sport, turizm, fan va texnika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatlarning boy tarixiy-madaniy merosini targ`ib etish maqsadida mintaqaning sayyohlik salohiyatidan yanada to`laroq foydalanishga oid aloqalarni rivojlantirish bo`yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Bu ShHT hududida istiqomat qilayotgan xalqlar o`rtasida yaxshi qo`shnichilik, do`stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga, ularning manfaatlari yo`lida madaniyatlararo muloqotni faollashtirishga xizmat qiladi.
 
Majlisda ShHT Kotibiyatining Tashkilotga a`zo davlatlarning ko`p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorligi dasturini amalga oshirish jarayoniga doir hisoboti ma`qullandi, uning 2014 yilgi byudjeti tasdiqlandi. ShHTning doimiy faoliyat yurituvchi organlarining moliyaviy va tashkiliy faoliyatiga oid qator masalalar bo`yicha qarorlar qabul qilindi.
 
ShHTga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o`n ikkinchi majlisi yakunlari bo`yicha Qo`shma kommyunike imzolandi.
 
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali bo`lgani, imzolangan hujjatlar ShHT mamlakatlari o`rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.
 
Hukumat rahbarlari ShHTga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining majlisi yuksak saviyada tashkil qilinganini e`tirof etib, O`zbekiston tomoniga samimiy mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdilar.
 
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2014 yilda Qozog`iston Respublikasida o`tkaziladi.
 
                                                                          
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1