1

Toshkentda Markaziy Osiyo kinologiya markazi rahbarlari yig`ildilar

Jamiyat 30.11.2013, 11:32
Toshkentda Markaziy Osiyo kinologiya markazi rahbarlari yig`ildilar
29 noyabr kuni poytaxtimizdagi Milliy kinologiya markazida BOMKA Rivojlantirish dasturining 8 bosqichi doirasida “Giyoxvand hamda qurol-aslaha va portlovchi moddalarini qidirish” yo`nalishi bo`yicha navbatdagi mintaqaviy o`quv kurslarining tantanali yopilish marosimi bo`lib o`tdi.
 
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va Evropa Ittifoqi komissiyasining Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini boshqarish va giyohvand moddalarni oldini olishga
ko`maklashuvchi dastur doirasida tashkil etilgan kurslar 16 sentyabridan 30 noyabrigacha davom etdi.
 
Tadbir doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bojxona va chegara xizmatlariga tegishli kinologiya markazi rahbarlarining beshinchi mintaqaviy anjumani ham bo`lib o`tdi.
 
Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston va Tojikiston respublikalarining chegara va bojxona tuzilmalarida faoliyat
yuritayotgan kinologiya xizmatlari rahbarlari, Shuningdek, EXHT, ShHT  Ijroiya qo`mitasi, Turkiya Hamkorlik va taraqqiyot halqaro agentligi (TIKA), BMTning Giyohvand moddalar ustidan nazorat qilish va jinoyatlarning oldini olish boshqarmasi, Texnik hamkorlik bo`yicha Germaniya jamiyati, AQSh, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Chexiya, Isroil, Italiya va boshqa davlatlarning O`zbekistondagi elchixonalari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari  ishtirok etishdi.
 
Tadbirda Davlat bojxona qo`mitasi Raisi o`rinbosari G`.Shukurov, BMT Taraqqiyot Dasturining O`zbekistondagi doimiy vakili Yako Silierslar so`zga chiqishdi.
 
Ta`kidlanganidek, O`zbekiston BMT Taraqqiyot Dasturi va Evropa Ittifoqining turli ixtisoslashtirilgan mintaqaviy loyihalarida faol qatnashib kelmoqda. Bu yo`nalishdagi eng
muvaffaqiyatli loyihalardan biri - Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini boshqarish va giyohvand moddalarni oldini olishga ko`maklashuvchi BOMKA Rivojlantirish dasturi bo`lib, O`zbekiston hukumati tomonidan 2004 yilda tasdiqlangan.
 
Mazkur Dastur doirasida tashkil etilgan turli xil o`quv va tanishtiruv seminarlarida 2004 yildan buyon Davlat bojxona qo`mitasi, Oliy harbiy bojxona instituti, Milliy kinologiya markazi xodimlari faol ishtirok etib kelishmokda. Natijada qo`lga kiritilgan yangi bilim va nazariy ko`nikmalar milliy bojxona xizmati faoliyatida o`z aksini topib kelmoqda.
 
Loyiha doirasida o`tgan yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlari va Afg`onistonning 145 nafar kinologlari “Giyohvand moddalarni qidirish” hamda “Qurol-aslaha va portlovchi moddalarni qidirish” yo`nalishlarida mintaqaviy o`quv kurslarida tahsil olishdi. Xususan, joriy yildagi navbatdagi mintaqaviy o`quv kurslarini O`zbekiston va qo`shni davlatlarning 20 nafar kinologlari yakuniga etkazishdi.
 
Tadbirda ishtirokchilarga o`quv kurslarini tugallagan kinologlar tomonidan xizmat itlari ko`magida giyohvand modddalar va portlovchi  vositalarni izlab topish bo`yicha ko`rgazmali amaliy chiqishlar namoyish qilindi. Shundan so`ng, mintaqaviy o`quv kurslarini yakunlagan kinologlarga bitiruv diplomlari tantanali tarzda topshirildi.
 
Tantanali yopilish marosimidan so`ng, kunning 2-yarmida Markaziy Osiyo davlatlari bojxona va chegara xizmatlariga tegishli kinologiya markazi rahbarlarining beshinchi mintaqaviy anjumani bo`lib o`tdi.
 
Anjuman doirasida ishtirokchi davlatlar vakillari o`zlaridagi kinologiya xizmati faoliyati, qo`lga kiritilgan natija va tajribalar yuzasidan ko`rgazmali chiqishlar tashkil qilishdi. Shuningdek, Milliy kinologiya markazida kinolog mutaxassislar va xizmat itlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
 
Anjumanning eng muhim natijalaridan biri shundaki, unda Markaziy Osiyo davlatlari bojxona va chegara xizmatlariga tegishli kinologiya markazi rahbarlari Muvofiqlashtiruvchi
Kengashining 2014 yilga mo`ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Anjuman yakunida Markaziy Osiy davlatlarida kinologiya xizmatlarini yanada takomillashtirish bo`yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
 
Mintaqadagi noyob va yagona Milliy kinologiya markazi 1996 yil 24 oktyabrda Prezidentimiz tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasining “Milliy kinologiya xizmatini tashkil etish to`g`risida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Qarorda Markaz vazifalari sirasiga Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun kinologlarni o`qitish va xizmat itlarini nasliga qarab tanlash va tayyorlash ham kiritilgan bo`lib, ushbu vazifalarni sifatli va to`laqonli bajarish samarasi o`laroq, 2008 yilda Milliy kinologiya Markaziga Jahon bojxona tashkiloti tomonidan mintaqaviy markaz maqomi berilgan.
 
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1