AsosiySUG'DIYONA

SOVG`A+SOVG`A=SEVGI?!

'SOVG`A+SOVG`A=SEVGI?!'ning rasmi

Muhabbat sovg`a-salom bilan o`lchanmaydi. Tuhfalar tuyg`ularni izhor qilish uchun bir vosita sifatida xizmat qilishi mumkin. Bugun «kundaligi»mizda ushbu mavzuni muhokama qilamiz.

«Gulini olsam...»

Hamon esimda, sinfdosh yigitlardan biri qo`lida bir dasta qip-qizil atirgul ko`tarib kelayotganini uch qavatli maktab derazasidan hamma hayrat bilan kuzatgan. Voqealar rivoji qanday bo`lishini ko`rish uchun koridorga yopirilib chiqqanmiz. Maktabimizning eng romantik yigitining hushini o`g`irlagan qiz esa gullarni chang bosib yotgan polga uloqtirgan. Eh!

Yoshlikda bu kabi holatlar ko`p kuzatiladi, Qizlarning uyalishi, tortinishi, gap-so`zlardan qo`rqishi yoki yigitni, hatto, yomon ko`rishi sabab sovg`alarni rad etishi bor gap. Biz yigitning sovg`asini qabul qiling yoki olmang, demaymiz. Tuyg`ularingiz, fe`l-tavoringiz o`zingizga ayon. Ammo bir qoidaga amal eting: ne bo`lganda ham, yigit kishining tuhfasini oyoqosti qilmang! Ayniqsa, oshkora tarzda. Bu yigitning, ayniqsa, o`smir yoshdagi o`g`il bolaning ko`nglini qattiq sindiradi. Tuhfalarni esdalik sifatida qabul qiling. Sizni haqiqatda sevgan yigit nari borsa, «Yaxshi ko`rmas ekansan, sovg`amni nega olding?» deya Jasur Umirovga o`xshab araz-gina qilar.

«Janjallashib qolsak...»

Bu g`o`r yoshlikning beboshliklari ko`p-da. Bugun sevgani bilan o`rtalarida gap qochib qolsa, ertasiga sovg`a-salomini qaytarib beradiganlar ham topiladi. Ayniqsa, qizlar! Shoshmang! Muhabbatingiz chin bo`lsa, rishtalarni butunlay uzishga oshiqmang. Sovg`a degani bu ikki o`rtada sarson bo`ladigan narsa emas. Ularni asrash tuyg`ularingizni asrashingizdan dalolat beradi.

Bu borada yigitlar masalasi esa biroz jiddiy. Sizning tuhfangizni o`zgasiga tortiq etadigan, bergan sovg`asini minnat qiladigan yoki «Oramiz ochiq», deya qaytarib oladigan yigitlardan 1000 km. uzoqda yuring! Hamma narsani pul bilan o`lchaydigan odam tuyg`ularingizni qadrlashi amrimahol.

«Sovg`alarga ko`maman sizni...»

Ayrim qizlar idealidagi yigitni sovg`alari bilan o`ziga ipsiz bog`lamoqchi bo`lishadi. Kimga qanaqa bilmadik-u, ammo ko`ngil narsa-buyum bilan zabt etilmaydi. To`g`ri, qizlar sovg`aga e`tibor belgisi sifatida qarashadi. Yigitlarning esa bu borada fikrlari boshqacha. Bu ularning sizga bo`lgan munosabatini engillashtirishi ham mumkin. Shu sabab me`yorni biling.

«Ko`ngil qo`yganim qurumsoq...»

Yana bir toifa qizlar borki, sevgani har bayramda nimadir tuhfa aylamasa, ko`ngli cho`kib ketadi. Qizlarjonlar, agar yigitning munosabatini uning sovg`alariga qarab baholayotgan bo`lsangiz, tuyg`ularingiz haqida yaxshilab o`ylab ko`ring. Axir asl muhabbat qissasida ta`maga o`rin yo`q.

Tanlashni biling

Modomiki, yigitingizga nimadir tuhfa etishni dilingizga tukkan bo`lsangiz, tanlovda juda aqlli bo`ling. Uning fe`l-atvori, kasb-kori, nimaga zarurati borligini inobatga oling. Yumshoq o`yinchoqlar, katta shaharlar shaklidagi suvenirlar biz — sodda qizlarni xushnud etishi mumkin. Yigitlar esa o`zingizga ma`lum, aniqlikni xush ko`rishadi. Ayniqsa, mehringizni qo`llaringiz bilan sovg`aga ko`chirsangiz (sharf to`qirsiz), ettinchi osmonlarga uchib ketadi. Yana bergan sovg`angiz sizning kelajakda qanday beka bo`lishingizdan ham dalolat beradi.

Xonamning derazasiga qo`lda chizilgan ikki pingvin surati yopishtirilgan. Ular birinchi muhabbatimning o`chmas izi go`yo. Gullar so`ldi, soatlar sindi, yumshoq o`yinchoqlarni jiyanlarim allaqachon xomtalash qildi. Pingvinchalar esa yillarga ham, ayro yo`llarga ham taslim bo`lmadi.

Sizga taqdir chiroyli va abadiy muhabbat tuhfa etishini tilab qolaman.

DUGONANGIZ.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Boshqa yangiliklar