1

TUShDA AYoN BO`LGAN "YuLDUZLI TUNLAR"

Mutolaa 29.09.2017, 14:11
TUShDA AYoN BO`LGAN "YuLDUZLI TUNLAR"

O`tgan asrning saksoninchi yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti) Jurnalistika fakultetiga o`qishga kirgan yilimiz birinchi o`qigan romanim – Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz” romani bo`lgan edi.

Romanni ishtiyoq bilan mutolaa qilar ekanman, undagi voqealar xuddi bizning hayotimiz haqida hikoya qilinayotganga o`xshardi. O`sha davrda yoshlar tashkiloti – “komsomol”ga ko`ngilli emas, ko`ngilsiz a`zo edik. Bu tashkilot fojealari romanda Zokir obrazi misolida shu qadar mahorat bilan fosh etilgan ediki, uni o`qiganim sari ko`z o`ngimda fakultetimiz “komsorgi”ni qayta-qayta kashf etgandek bo`lardim. O`zimni esa kambag`alroq talaba – Ochil obrazida ko`rardim...

O`sha yillari badiiy ijodga qiziqqan uch-to`rt tengqurlar hozirgi Amir Temur xiyoboniga tutash binoga joylashgan Yozuvchilar uyushmasi borib, ba`zi yig`ilishlarda (orqaroqda) o`tirardik. O`sha davrdagi adabiyotimiz darg`alari – Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Said Ahmad, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Ali, Ozod Sharafiddinov, Hamid G`ulom, Mirmuhsin, O`tkir Hoshimov, Oqiljon Husanov, Shukur Xolmirzaev, Erkin A`zamov, Anvar Obidjon, Xurshid Davron kabi ulug` adib va shoirlarni ko`rish, suhbatlaridan bahramand bo`lish biz uchun unutilmas voqea hisoblanardi.

O`qishni tamomlab, Qibray tuman gazetasida ishlab yurgan kezlarim sevimli adibimiz Pirimqul Qodirovning “Do`rmon” yozuvchilar bog`ida ijod qilayotganini eshitib qoldim. Chiroyli muqovada chop etilgan “Uch ildiz” kitobini qo`ltiqlab, adib huzuriga borganim, dastxat yozdirib olganimni hamon hayajon bilan eslayman.

Sobiq mustabid tuzum davrining so`nggi yillari Pirimqul Qodirovga respublikaning o`sha davrdagi birinchi rahbari I.Usmonxo`jaev tomonidan dahshatli tuhmat toshlari otilganini hamon yuraklar junjikib eslaymiz. Adibning “aybi” – “zolim Boburni ideallashtirib “Yulduzli tunlar” degan roman yozgani” edi...

O`sha kezlarda, aniqrog`i, 1987 yili Qibray tuman tahririyatida ustoz Pirimqul Qodirov bilan ijodiy uchrashuv o`tkazgan edik. Bundan ustozning ko`ngli qanchalik ko`tarilganini izohlab o`tirishga hojat bo`lmasa kerak.

Keyinchalik ustoz bilan “Uch ildiz” romani haqida qilgan suhbatimiz bugungi adabiyot ixlosmandlarini ham qiziqtirsa ajabmas. Shu maqsadda o`sha suhbatdan bir parchasini havola etdik...


***

– Pirimqul aka, har bir ijodkorning yoshligi, ijod bo`stoniga kirib kelishi muxlislarini albatta qiziqtiradi. Yoshligingizda qalbga muhrlangan lahzalar haqida so`zlab bersangiz.

– Yoshlik yillarimiz ikkinchi jahon urushi yillariga to`g`ri kelgan. Urushdan oldingi qatag`onlarda ota-onalarimizga qo`shilib biz ham dahshatli surgunlar, ko`ch-ko`chlar azobini tortganmiz. Urush davomida 4 yil muttasil boshimizga balo-qazo yog`ildi. Qanchadan-qancha yaqinlarimizdan ajraldik. Biz, 14-16 yoshli o`smir bolalar frontga ketgan kattalar o`rniga qolib, qiynalgan damlarimiz yodimizdan chiqmaydi. O`shanda o`zim tug`ilgan Kengko`l qishlog`ida qo`sh haydaganman, o`roq o`rganman, xirmon yanchganman, yilqichilik qilganman, tog`larda qo`y boqqanman. Mashaqqatli mehnatlar evaziga etishtirgan bug`doy hosillarimizni tayyorlov bo`limlariga olib borib, front uchun topshirib yuborardik, o`zimiz esa qishda yarim och qolardik. Shu bois qishloqda yashash juda qiyin bo`lib ketgach, 1944 yilda Bekobodga kelib, metallurgiya zavodi qurilishining radiouzelida muxbirlik qilganman. Urush tufayli maktablar berkilib, ko`p binolari gospitallarga aylantirilgan edi. O`qituvlarimiz urushga ketgan. Natijada o`rta ma`lumot olish muammoga aylangan, busiz oliy o`quv yurtiga kirib bo`lmasdi. Shularni hisobga olib, tayyorlov bo`limlari ochilgandi. 10-sinfni bitirolmagan yoshlarning 7-8 sinf ma`lumoti bo`lsa, ekstern tarzida bir yil davomida 2-3 yillik bilimni olib, imtihon topshirib, universitetga kirishar edi.

Urush tugaganidan keyin o`qishga bo`lgan ishtiyoq Toshkentga etakladi. O`zMU o`sha davrda O`rta Osiyo davlat universiteti deb atalar, uning binosi hozirgi Amir Temur xiyoboni yonida (ayni paytda Yuridik instituti) joylashgan edi. Men ham tayyorlov bo`limini bitirgan paytlarimda she`rlar yozib, adabiy mashqlar qilib yurardim. Filologiya fakultetiga o`qishga kirish ishtiyoqida edim. Lekin bu fakultetni bitirayotgan do`stlarimizdan biri – rahmatli G`ani Jahongirov shunday dedi: “ Bultur Sharqshunoslik fakulteti ochildi. Agar men oldinroq o`qishga kirmagan bo`lganimda, shu fakultetni tanlagan bo`lardim.

Keyin ma`lum bo`lishicha bu fakultet rahmatli Usmon Yusupovning harakatlari bilan uzoqni ko`zlab ochilgan ekan. O`sha paytlarda respublikada fan va madaniyat sohasiga mutasaddilik qilgan akademik Habib Abdullaev ham sharqshunoslik fakultetini ochish yo`lida ko`p sa`y-harakatlar qilgan ekan. Asl maqsadi, fondlarda saqlanayotgan minglab qo`lyozmalarimizni o`qiy oladigan odamlarni, sharq mamlakatlarida ishlaydigan kadrlarni tayyorlash bo`lganini keyinroq anglab etdik.

1945-1946 yillarda universitetda ham hayot juda og`ir edi. Kartochka bilan 500 gramm non olardik. Oylar davomida go`sht emasdik. Ba`zi-ba`zida talabalar oshxonasida suvda pishirilgan va ozgina yog`da qovurilgan makaron berib qolishardi. Shu ham biz uchun quvonchli bir voqea hisoblanardi. Mana shu og`ir hayot natijasida qiltiriqdek ozib ketgandik. Yotoqxonalarimiz, o`qiydigan auditoriyalarimiz qishda isitilmas edi. U paytlar talabalar kam bo`lgani uchun bir katta konferens-zalni bizga yotoqxona qilib berishgandi. 50 ga yaqin talaba bitta xonada turardik. Ikki tomonida kirib-chiqadigan eshigi bor bu binoda kechasi derazalarga yaqinroq yotgan yigitlar yopingan ko`rpalarning chetlari qirov bog`lab, oqarib qolardi. Shunday sharoitda o`qish uchun kelganlarning bir qismi ko`p o`tmay ketib qolardi.

U paytlari talabalar juda kam bo`lib, qabul rejalari to`lmay qolardi. Fakultetlar o`qishga kirmoqchi bo`lgan bolalarni izlab yurar edilar. Mana shu sharoitda universitetga kirgan yoshlar juda katta qiyinchiliklar bilan o`qishgan. Kelajakka bo`lgan ishonchimiz bizga katta ma`naviy madad, ruhiy tetiklik baxsh etardi. Nazdimda, bugungi dorilomon kunlar o`sha biz umid qilgan kelajakning o`zginasidir.

Xullas, Sharqshunoslik fakultetiga kirdim. Bir-ikki yilda bo`limlar ajralganda, tarix bo`limida o`qishni davom ettirdim. Ko`p ko`rguliklarni ko`rdik. Bizning avlod boshidan kechirganlarini boshqa hech qaysi avlodning boshiga solmasin, deyman.

– Ustoz adiblar bilan o`sha kezlarda tanishgansiz-a?

– Maktabda o`qib yurgan kezlarimdayoq ustoz adiblar Oybek va Abdulla Qahhor, otashnafas shoira Zulfiyaning ijodi meni rom etgan. Ular bilan tanishish qanchalik quvonchli voqea edi o`sha damlarda. Unutilmas voqea 1949 yilda yuz bergan. “Ovozimiz” degan to`plamda uncha katta bo`lmagan ocherkim bosilib chiqdi. Shu orada talabalardan biri “Sizni shoira Zulfiya opa nashriyotga taklif qildilar, tez boring!” deb qoldi. U paytlari universitet binosi nashriyotga yaqin edi. Ma`ruzalar tugashini kutishga sabrim chidamay katta tanaffus paytida nashriyotga bordim.

Zulfiya opa meni muharrirlar xonasida qabul qildilar. Stollari ustida pushti muqovali o`sha to`plam turgan ekan. Zulfiya opa mening bu to`plamga kirgan “To`quvchilar nomzodi” degan ocherkim haqida so`z ochdilar:

“To`quvchi ayolni esda qoladigan qilib ko`rsatibsiz,– dedilar salmoq bilan.– Bu siz uchun bir mashq. Shunday dadil mashq qilaversangiz sizdan yozuvchi chiqishi mumkin. Hozir adabiyotimiz yosh talalantlarga juda chanqoq. Men bu lavhalarda umid uchqunlarini ko`rganday bo`ldim. Tilagim shuki, kelajakda bu uchqunlar adabiy olovga aylansin, odamlarga kerakli nur bilan harorat bersin!” Zulfiya opaning bu so`zlari hamon quloqlarim ostida jaranglab turgandek bo`ladi.

– “Studentlar” deb nomlangan hikoyalar to`plamingiz ham o`sha kezlarda chop etilgan...

– Bu hayotimdagi eng unutilmas voqealardan biridir. 1950 yilda tahsil olib yurgan kezlarimda chop etilgan bu to`plamda shu universitet talabalari hayotini, ularning ichki olamini badiiy bo`yoqlarda aks ettirishga harakat qilganman.

Ochig`i, talabalik yillari universitet men uchun katta adabiyot eshigini ochib bergan. O`sha damlardan ilhomlanib yozgan “Uch ildiz” romanida aziz ustozlarim va tengdoshlarim hayotini, ularning orzu-umidlari va ruhiy olamini tasvirlashga intilganman. Asar haqida adabiyotshunoslar, ko`psonli kitobxonlarimiz bildirishgan iliq fikrlar ham aslida mana shu o`quv dargohimizga ehtirom ramzi degim keladi!

– Talabalar dunyoqarashi shakllanishida, ularning etuk insonlar bo`lib kamol topishida ustozlarning o`rni qanchalik beqiyos bo`lishini romanda ta`sirli tasvirlagansiz. O`sha ustozlar va tengdoshlaringiz haqida ham so`zlab bersangiz.

– Domlalarimiz orasida Abdurahmon Hamroev degan ustozning o`rni alohida edi. Bu kishi Navoiy rolini o`ynagan mashhur aktyor Razzoq Hamroevning akalari edilar. Juda bir shirali va ta`sirli ovoz bilan ma`ruza o`qir edilar. Tarixga bizni qiziqtirgan olimlarimizdan biri ana shu kishi bo`lgan. Lekin sho`ro davrining ig`vogarlari bu kishiga ham kun bermay, ancha qiynaganlari yodimizda bor. Bularning hammasini keyinchalik men o`sha romanda baholi qudrat ko`rsatishga harakat qilganman. Asar qahramonlaridan biri professor Abdurahmon Toshev ig`vogarlar tomonidan fakultetdan quvilgan. U kishi rahmatlik Oybek akani ham yodga soladi. Bu ulug` adibning hayotida ham shunga o`xshash voqelar yuz bergani sir emas. Oybek akaning nasablari Toshmuhammad edi-ku!

Rahmatli Abdulla Qahhor domlamizga "Qo`shchinor" romanini yozgani uchun juda adolatsiz hujumlar bo`lgandi. Oqibatda u kishi yurak xastaligiga uchrab, qiynalib yotganlarida borib ko`rganman. Bu hodisani romanda Temir Akbarov degan tarixchi domla timsolida ko`rsatganman.

Mashhur arabshunos olimimiz Ubaydulla Karimov ibn Sinoning "Tib qonunlari" asarini arab tilidan o`zbek tiliga tarjima qildilar. Beruniy asarlarini ham ana shu olim tarjimasida o`qimoqdamiz. Bu nodir siymo ana shunday ajoyib ishlar qilib ketdi.

Bizdan oldingi etakchi kurs talabalari hamisha ibrat bo`ldilar. Ular orasida Aziz Qayumov bor edilar. Bu nurli siymo ilm sohasida akademik bo`ldilar. U kishi bilan birga o`qigan Abduqodir Hayitmetov navoiyshunos, professor bo`lib etishdilar. Bizning tarix bo`limida o`qigan Bo`rivoy Ahmedov va Abdulahad Muhammadjonov ham akademik bo`ldilar. Yana bir hamkursimiz Turg`un Fayziev "Temuriylar shajarasi" degan kitob yozdilar.

– Talabalar hayotiga bag`ishlangan o`sha romaningiz qahramonlari bugungi yosh kitobxonlarni ham qiziqtiradi, albatta. Mahkam, Gavhar, Ochil, Zamira kabi yoshlikning jo`shqin lahzalarini turli darajada boshlaridan kechirgan qahramonlaringizning prototiplari haqida ham so`zlab bersangiz.

– Bu asarning asosiy qahramonlari – bizning avlodga mansub yoshlar, aniqrog`i, shu universitetimiz talabalari edi! Adolatparvar, insonparvar ruhda hayotga kirib kelayotgan yosh ziyolilarni qo`limdan kelgancha o`zimizning avlod orqali ko`rsatishga harakat qilganman. "Uch ildiz" nomining zamirida uchta ma`naviy ildiz yotibdi: puxta bilim olish; insoniylik – odamiylik kasb etish; shaxsiy hayotda kamolotga erishish, muhabbatga asoslangan oila qurish. O`ylaymanki, jonajon universitetimizning bugungi talabalari ham hayotga ana shunday katta-katta ma`naviy ildizlar otishga intilmoqdalar.

Endi qahramonlarga kelsak, bu bizning oilaviy sirimizga aylangandi. Asardagi Mahkam va Ochil obrazlari orqali o`zimning hayotga qarashlarim, orzu-umidlar, intilishlarim o`z ifodasini topgan bo`lsa, Gavhar va Zamira obrazlarida menga baxt ato etgan umr yo`ldoshim Sofiyaxonning siymosi aks etgan. Romanda yosh shoir Ochil Samadov o`z domlasi Temur Akbarovga o`qib bergan sakkiz satr she`rni men 1950 yilni kutgan kechamizda kursdoshlarim davrasida o`qib bergan edim.

– O`sha she`r yodingizdami?

– Ha, hozir kulib eslaydigan o`sha satrlar quyidagicha:

Yangi yil, biz sendan sal uyatlimiz,

Hozir davramizda qizlarimiz yo`q.

Yaproqsiz gul bo`lmas, sevgisiz yigit,

Sevgimiz bor, ammo sevgilimiz yo`q.

* * *

Jo`shqin qalbimizga juft keladigan,

Bugun umrimizga sherik va safdosh,

Husndor, mehribon, aqlli bir qiz –

Yangi yil, buni ham sendan kutamiz!

Bu tilakka farishta omin degan ekan, “Studentlar” degan birinchi kitobcham o`sha 1950 yilning kuzida nashr etildi. U davrda bunday kitobcha chop etilishi ham katta voqea hisoblanardi. Keyinchalik “Uch ildiz” romani ham ko`plab adabiyot ixlosmandlarining e`tiborini qozongani yana yangi-yangi mavzularga ilhomlantiradi.

– Ustoz, yurtimiz mustaqillikka erishgach, hayotimiz tubdan o`zgarib ketdi. “Komsomol” degan gaplar unutilganiga hech kim achinmaydi... Roman qahramonlari, asar voqealari esa o`sha tashkilot bilan bog`liq. Endi istiqlol davrida uni yana chop etishda ayrim tushunmovchiliklar yuz berishi mumkin...

– Romanga yana bir bob qo`shish haqida o`ylab yuriban. Asar qahramonlari Mahkam, Gavhar, Ochil, Zamiralar ulg`ayib, yurtimiz istiqlolga erishishi yo`lida kurashganlar safida bo`lishi, bugungi kunda etuk olim, adib bo`lib kamolga etishgani haqida yozish niyatidaman...

Umrining so`nggi yilarini “Amir Temur siymosi”, “Til va el” kabi salmoqli ilmiy badialar yaratishga baxshida etgan ulug` adib ming afsuski “Uch ildiz”ning o`zi niyat qilgan so`nggi bobini yaratishga ulgurmadi...


BOBURNING BOQIY BOG`LARI

Bog` yaratish an`anasi buyuk ajdodlarimizdan meros. Amir Temur bobomizning Samarqanddagi serfayz bog`lari dovrug`i etti iqlimga mashhur bo`lgan. Bu ezgu an`ana ilg`or fikrli temuriyzodalar, xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan ham davom ettirilgan. Falak gardishi ila ul mo``tabar zotning “Bog`i Shahroro”, “Bog`i Jahonoro”, “O`rtabog`”, “Bog`i vafo”, “Bog`i Bobur” kabi bog`lari o`zga yurtlarda qolib ketdi... Bugun o`sha bog`lar o`rnida biror tup daraxt qoldimi-yo`qmi, bilmayman. Biroq, buyuk mutafakkir shoir va davlat arbobi bo`lgan bobomizdan qolgan beqiyos ma`naviy bog`lardan nafaqat biz, balki, butun jahon ahli asrlar osha bahramandirlar. Ma`naviyat osmonida quyosh yanglig` porlagan bu xazinaning esa umri boqiydir. Shu mavzuda ancha yillar muqaddam rahmatli adibimiz Pirimqul Qodirov shunday degan edi:

– Bog` yaratganning nomi boqiy bo`lar ekan. Yurtimiz istiqloli bergan yana bir benazir ne`mat – shahrimiz ko`rkiga ko`rk qo`shib turgan eng go`zal bog`lardan biriga Bobur nomi berilgani bo`ldi. Ko`z o`ngimizda Bobur bog`i yangidan barpo etilgandek quvongan edik. Bu istirohat bog`iga qachon bormay buyuk ajdodimiz ruhi kezib yurganini his etaman...

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligi munosabati bilan 1993 yilda Yurtboshimiz farmoniga binoan mazkur istirohat bog`iga va unga tutash ko`chaga Bobur nomi berilgani chindan ham yurtimizda ulkan voqea bo`lgan. Buyuk bobomiz nomi Andijondan tortib Qoraqalpog`istongacha barcha viloyatlarda, shaharlarda abadiylashtirilgani betakror ajdodimiz ruhini shod etgan! Mirzo Bobur tengsiz ijodi ila har bir inson qalbida ezgulik daraxtini undirib ketgan. Bu daraxtlar kurtagi yangi-yangi avlodlar qalbida ham mudom barq urayotir. Illo, Bobur bobodek buyuk ajdodimiz bilan faxrlanmagan, qalbida g`urur hissini tuymagan yurtdoshimizni tasavvur qilolmayman. Qaysiki qalbda Bobur bog`lari barq urib turgan ekan, demak u yuksak ma`naviyatga erishibdi, hayotning ma`nosini, mazmun-mohiyatini anglab etibdi, degim keladi.

Buyuk ajdodimiz hayoti va ijodi haqida biz tenggilar o`tgan asrning 79-yiligacha faqat adabiyot darslarida qisqacha ma`lumotga ega bo`lgandik. O`sha yili respublikamiz ma`naviy hayotida porlagan yashindek voqea – Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani bo`ldi. Adabiyot ixlosmandlarini o`shanda kuzatgandim; gavjum shaharlardan sokin qishloqlargacha uyda, ko`cha-ko`yda, ishxonalarda hamma-hammaning qo`lida bejirim muqovali “Yulduzli tunlar” kitobi edi!

Romanni ishtiyoq bilan mutolaa qilar ekanman, har kecha tushimda Bobur bobomizni ko`rardim. Zarbof to`niga monand chiroyli sallasi va peshonasiga qadalgan ko`hi-nuri bilan ot ustida kelayotgan bobomiz siymosini ko`rib hayratga tushardim...

Ulkan iste`dod sohibi bo`lgan adib Pirimqul Qodirovning o`z iborasi bilan aytganda “tarixni teleskop bilan kuzatib”, Bobur zamonasini ko`zi bilan ko`rgandek tasvirlagandi. Romanni mutolaa qilgan o`quvchi ko`z oldida buyuk ajdodimiz Mirzo Bobur va zamondoshlari siymosi yaqqol namoyon bo`ladi. O`zbekiston Respublikasi Fan arbobi, adabiyotshunos olim Abdug`afur Rasulov ta`biri bilan aytganda, yozuvchi mazkur romani orqali Boburni butun bo`yi-basti bilan qayta gavdalantirib bergan.

Rahmatli ustoz adibimiz bilan bu mavzuda ko`p suhbat qurganmiz. Har gal u kishining huzuriga borganda uy bekasi Sofiya opamiz iliqqina kutib olardi. Boshidagi do`ppisi yarashgan Pirimqul aka vazmin qadamlar ila ijodxonasidan chiqib kelardi. Salom-alik asnosida qancha tarixiy roman-u qissalar, sermazmun badia va maqolalar bitilgan fayzli xonaga ko`z yugurtirardim. Ustoz har kuni o`tiradigan xona to`rida Bobur Mirzoning mo``jazgina gilamga naqshlangan surati go`yo nur taratib turardi. Javonda terilgan kitoblarning bir qismi xonadon sohibining ijod mahsullari. Bu kitoblarning bir qismi dunyoning turli davlatlarida turfa tillarda nashr etilgan. Demak, ayni damda minglab xorijliklar ham o`sha kitoblarni o`z tillarida mutolaa qilishayotganini tasavvur etishning o`zi maroqli!

Ustoz suhbati – ibrat maktabi edi biz uchun. Bir gal mavzu “Yulduzli tunlar”ga ulandi.

– Pirimqul aka, romanga bunday chiroyli nom qo`yilishiga ham nimadir “turtki” bo`lganmi?

– Bir kuni tushimda Mirzo Bobur negadir meni turib qo`yganmish,– dedi ustoz kulimsirab.– Uyg`onib qarasam, tip-tiniq osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Shu kuni Abdulla Qodiriyning “O`tkan kunlar”ini o`ylab yotgandim. O`sha betakror romanning nomiga hamohang ravishda buni “Yulduzli tunlar” deb atash fikri paydo bo`ldi...

– Roman mohiyatan moziy darichalaridan birini ochgan, desak mubolag`a bo`lmas. Unda o`tmishimizdagi eng yorqin siymolardan biri – Bobur Mirzoni yorqin badiiy bo`yoqlar vositasida ko`ramiz. Bu roman kitobxonlar ma`naviy olamini qanchalik boyitgani haqida ko`p fikrlar aytildi. Shu tobda Bobur bobomiz haqida nimalarni o`ylayotganingiz ham muxlislaringiz uchun juda qiziqarli...

– Sobiq mustabid tuzum davrida soxtalashtirilgan va nohaq qoralangan buyuk ajdodlarimiz to`g`risida tarixiy manbalarda bitilgan haqiqatlarni baholi qudrat tiklashga intildim. “Yulduzli tunlar” romani yozilgani uchun o`sha davrda boshimiz ne balolarga qolganini kitobxonlarimiz yaxshi biladi. Hattoki, Boburning 500 yilligi respublikamizda umuman nishonlanmagani g`oyat afsuslanarli edi. Shunday mudhish davrda haqiqatni gapirish tuzumga qarshi harakat deb qaralardi... Yurtimizda hali mustabid tuzum hukm surayotganiga qaramay Prezidentimiz Islom Karimov tarixiy haqiqatlarni tiklashga kirishgani juda ulug`vor ishlarning boshlanishi edi. 1989 yilda “Boburnoma” kitobi 200000 nusxada chop etilgan bo`lsa, 1990 yil oktyabr oyida bu shoh asar yaratilganligining 460 yilligi nishonlanishi bizga ruhiy quvvat baxsh etdi. “Avvalo, ulug` vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburning shoh asari bo`lmish “Boburnoma” yozilganligining 460 yilligini keng nishonlayotganimizdan xursandmiz,– degan edilar Yurtboshimiz.– Bu bayram ayni paytda Sharq xalqlari tarixi va adabiyotiga beqiyos hurmat va muhabbatni ifoda etadi”. O`sha kuni kechqurun Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik opera va balet katta teatrida “Boburnoma”ning 460 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan tantanali kecha tarixiy haqiqatning tom ma`noda tiklanayotgani ifodasi edi.

– Bobur haqida bor haqiqatni gapirish shunchalik og`ir bo`lgan ekan, o`z zamonasida shoh va shoirlikning og`ir “yuk”larni buyuk bobomiz qandoq ko`targaniga hayron-u lol qolasan kishi...

– O`n ikki yoshida Farg`ona vodiysida davlat boshlig`i bo`lish Mirzo Boburga bobokaloni – Amir Temurdan meros edi. Tengsiz daho darajasidagi iste`dod va dovyuraklik ham unga Amir Temurdan o`tgan irsiy meros bo`ldi. Bobur o`z nomiga munosib sherdillik bilan Samarqand uchun kurashib, bobomeros shaharni uch marta qo`lga kiritgan. Ammo o`sha davrning yovuzfe`l beklari unga ko`p xiyonatlar qilgan. Taqdir taqozosi bilan Bobur tug`ilgan yurtidan judo bo`lgani, ko`ngliga tukkan orzusi – parokanda viloyatlarning boshini qovushtirib ulug` davlat barpo etish maqsadini Hindistonda amalga oshirganini romanda baholi qudrat aks ettirishga harakat qilganmiz...

– Kitobxonlar bilan bir uchrashuvda buyuk ajdodimizning tengsiz merosi – “Boburnoma” hamda betakror g`azallari, ruboiylarini o`rganib borish kelgusi avlodlarni ham ma`naviy kamol topishiga xizmat qilishini ta`kidlagan edingiz...

– Bobur o`z qalb harorati va ma`naviyatini go`zal she`riy asarlarga, “Boburnoma”day o`lmas qomusga joylab, avlodlarga meros qilib qoldirgan,– dedi ustoz adib yon daftarini varaqlab.– “Boburnoma”ni butun dunyo XVI asr uchun misli ko`rilmagan adabiy, ilmiy va insoniy kashfiyot sifatida e`zozlaydi. Boburdan oldin badiiy adabiyotda hech bir shoh va shoir o`z ko`rgan-kechirganlarini, yutuq va kamchiliklarini bu qadar haqqoniy hamda dadillik bilan ochib bermagan. Hind olimlari “Boburnoma”ni ulug` fransuz adibi Jan-Jak Russoning “Iqrori”ga qiyos qiladilar. Erishgan yutuqlarini bayon qilish bilan birga qilgan xatolariga ham iqror bo`lishdek ma`naviy jasoratni Bobur bobomiz Russodan ikki asr ilgari ko`rsatganini qiyosiy tahlil etsak, buyuk ajdodimizning o`z davriga nisbatan qanchalik oldinga ketganidan hayratga tushamiz. “Boburnoma”dagi tabiat tasvirlari, Markaziy Osiyo, Afg`oniston va Hindiston xalqlarining tarixiga oid nodir kuzatishlar, tilga, dinga, huquqshunoslikka, san`at va adabiyotga oid tadqiqotlar Bobur Mirzoning qomusiy bilimlar egasi bo`lganini ko`rsatadi. Demoqchimanki, bugungi va kelgusi avlodlar ham bu buyuk ma`naviy merosni teran o`rganib borishlari ularni albatta ma`nan yuksaklikka olib chiqaverdi.

Ustozning bunday hikmatli suhbatlari yaxshigina adabiyot darsi edi. Bu xonadonga qachon kelmay, suhbatlar mavzusi “Temur tuzuklari”, temuriylar sulolasidagi eng yorqin siymolardan biri Bobur Mirzo va “Boburnoma”ga ulanib ketardi. Ustozning umr yo`ldoshi Sofiya ona ham “Yulduzli tunlar” (“Bobur”) romani yaratilishi bilan bog`liq voqealar haqida so`zlab berardi. Bu diltortar suhbatlar hamon quloqlarim ostida jaranglaydi. Ularning bir qismi gazetalarda yoritilgan bo`lsa, anchaginasini faqat qog`ozga qoralab qo`yganmiz. Ne tongki, bugun shu aziz insonlar – adib va umr yo`ldoshi ham tarixga aylandi... Pirimqul aka va Sofiya onaning chirog`ini yoqib o`tirgan qizlari Yaxshigul opa shunday dedi:

– Otam rahmatli o`z ijodi bilan Bobur Mirzo siymosini yaratgan ekan, ul zotni hamisha barhayot deb atardilar...

Aslida esa, o`sha o`lmas asarlari bilan atoqli adib Pirimqul Qodirov ham mangu barhayotdir.

Toshkentga o`zgacha fayzu tarovat baxsh etib turgan Bobur bog`ida ustoz bilan sayr etgan damlarni xotirlar ekanman, ne ajabki, buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur yonida ulug` adib Pirimqul Qodirov ruhlari ham birga shodon kezib yurganini his etdim!..

SOHIBQIRON SIYMOSI

Buyuk bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur siymosi asrlar osha avlodlarda katta qiziqish uyg`otib kelgan. Bu ulug` siymo haqida nafaqat o`zimizda, balki jahondagi turli mamlakatlarda ham katta e`tibor bilan qaralib, turli davrlarda uning hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan yuzlab asarlar yaratilgandir. Yurtimiz istiqlolga erishganidan so`ng tarixiy qadriyatlarimiz qatorida ulug` ajdodimizning muborak nomlari chinakam qadr topmoqda. Shahrisabzda, Samarqandda, Toshkentda uning mahobatli haykallari qad rostladi. So`nggi yillarda Sohibqiron siymosi aks etgan salmoqli kitoblar orasida atoqli olim Bo`riboy Ahmedovning "Amir Temur", sevimli shoir va adiblar Abdulla Oripovning "Sohibqiron", Muhammad Alining "Ulug` saltanat", Pirimqul Qodirovning "Amir Temur siymosi" asarlari tengsiz ma`naviy mulkimizga aylandi.

Bu asarlar orasida sevimli adibimiz Pirimqul Qodirovning 2007 yilda "O`zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan "Amir Temur siymosi" ilmiy badiasi alohida o`rin tutadi. Yuksak badiiy lavhalarda aks etgan g`aroyib voqea-hodisalar ilmiy asoslangan holda talqin etilgani bois "ilmiy badia" deb nomlangan bu kitob asli adabiyot ishqibozlari uchun ajoyib romandir. O`quvchi uni zo`r ishtiyoq va hayajon bilan mutolaa qilarkan, ko`z o`ngida avvalo buyuk Amir Temurning ulug`vor siymosi gavdalanadi. Sohibqironning zamondoshlari, o`g`illari va boshqa tarixiy shaxslar jonli obrazlarga aylanadi. Ne-ne taqdirlar, turfa xarakterlar, hayotda uchraydigan ziddiyatlar va ularning echimlari kitobxonni hayajonga soladi.

Sohibqironning 660 yilligi nafaqat uning tug`ilib o`sgan diyori – O`zbekistonda, balki Birlashgan Millatlar Tashkilotining Parijdagi qarorgohi bo`lmish YuNESKOning muhtasham saroyida yuksak ehtirom bilan nishonlangani chinakam tarixiy voqeadir. Bu haqda to`lqinlanib so`z yuritgan adib: "Amir Temurga nisbatan tarixiy adolatni tiklashda bosh tashabbuskor va tashkilotchi bo`lgan O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov Sohibqironning faoliyatidagi ustuvor yo`nalish faqat jahongirlik va fotihlik emas, balki ona vatanni mustamlaka zulmidan qutqarish, istiqlol va adolatni qaror toptirish bo`lgani haqida" bildirgan muhim fikrlariga alohida e`tibor qaratadi. Bu quyma fikrlar adibga qanchalik ulkan ma`naviy kuch baxsh etganini butun asarni mutolaa qilish jarayonida anglab etasiz.

Adib va olim ilmiy badiasida Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid faktlarga teran ilmiy nuqtai nazardan yondashadi. Tarix osmonida mangu nur taratib turgan ulug` siymo haqida turli davrlarda tarixchilar va tadqiqotchilar tomonidan juda ko`p xolis fikrlar yozilganini ehtirom bilan tilga oladi. Aytaylik, Amir Temurning o`z ota-onasiga mehru oqibati mashhur Oqsaroy timsolida ko`rinishini, ispan elchisi Klavixoning kitobida yozilishicha "Amir Temur Keshda qurdirgan muhtasham Oqsaroyni otasining xotirasiga atab bunyod etganini" yozgani e`tiborga molikdir. Yana bir tarixiy manbada esa "bu go`zal va betakror bino Amir Temurning onasi sharafiga 1404 yilda qurib bitirilgan"i bayon qilingan. Bu manbalardan iqtiboslar keltirish asnosida muallif o`z o`quvchilarining ham tafakkurlarini yanada boyitishga xizmat qilgani ayni muddaodir.

Temurbek yoshligida qanchalik zehni o`tkir, zakovati tengsiz bola bo`lgani, u kamolga etganda ham buyuk aql-idrok sohibi, donishmand siymo, adolatli amir sifatida nom qozongani haqida keyinchalik uning saroyida kotib bo`lib ishlagan Hafizi Abro`ning "Zubdat-ut tavorix", Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma", Nizomiddin Shomiyning "Zafarnoma", temuriylar xizmatida bo`lgan Muyiniddin Natanziyning "Muntaxab-ut tavorix", fransuz olimi Lyusen Kerenning "Amir Temur saltanati", Boshqird xalq yozuvchisi Axiyar Hakimovning "Karvon", rus tarixchisi Mixail Arnoldning "Bir muhoraba siri" asarlarida, fransuz yozuvchisi Marsel Bryunning "Men jahonni ochgan Temurman" romaniga Eron olimi R.Mansuriy yozgan so`zboshisida, Ozarbayjon olimi Abulfayz Rahimovning "Amir Temur Ozarbayjonda" asarida e`tiborga molik fikrlar bayon etilganini muallif ehtirom bilan tilga oladi. Ko`plab tarixiy asarlar bilan bir qatorda Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma", Alisher Navoiyning "Majolisun nafois" singari o`z bobokalonlarimizning tarixiy asarlarida ham Amir Temur shaxsi qanchalik ulug`langanini zukko adib teran tahlil qilgan.

Turli davrlarda Amir Temur haqida yaratilgan asarlar orasida tarix haqiqatini buzib talqin qilinganlari ham kam emas. Ular nechog`li asosli bo`lganini ilmiy tahlil qilish, pirovardida, Sohibqiron siymosi haqida haqqoniy xulosalar chiqarish maqsadida adib "ishimiz davomida "Temur tuzuklari"dan iqtiboslar keltirish orqali uning o`zini so`zlatishga, ma`naviy dunyosini o`z nutqi orqali ochishga harakat qilamiz" deya masalaga to`g`ri yondashish yo`lini tanlaydi.

Bugungi kunda beqiyos ma`naviy xazinamizga aylangan "Temur tuzuklari"ni Amir Temur umrining oxirlarida yozib tugatgani va unda o`z xulosalarini avlodlariga vasiyat tarzida yozib qoldirgani, bu kitob asrlar davomida maxfiy saqlangani va bizga etib kelgunicha ajoyib hodisalarga duch kelgani o`zi bir tarix ekanini muallif qator tarixiy misollar vositasida ham tasvirlaydi. Sohibqirondan so`ng temuriy shahzodalarning tengsiz ma`naviy mulkiga aylangan bu kitobga Mirzo Bobur cheksiz ehtirom ila qaragani borasida ko`p dalillar keltirilgan. "Bobur Mirzo umrining oxirida o`g`li Humoyunga yozgan maxfiy vasiyatnomasida "Hazrat Sohibqiron Amir Temurning kornomasini doim yodingda tutgil" deganligi uning "Temur tuzuklari"ni nazarda tutganidan dalolat beradi,– deb yozadi muallif.– Istiqlol sharofati bilan tarixiy adolat tiklanganidan so`ng Bobur Mirzoning Amir Temurga bo`lgan sadoqat va ixlosiga bag`ishlab "Yulduzli tunlar" romanining to`ldirilgan nashriga yangi boblar kiritdim. Bu mavzu "Ona lochin vidosi" romani hamda "Til va El" nomli badiada baholi qudrat davom ettirildi".

Yuqorida ta`kidlaganimizdek, Amir Temur hayotiga oid asarlar orasida qaysidir ma`noda "to`qib-bichilgan" gaplar, shoshma-shosharlik bilan "yaratilgan obrazlar", ulug` inson shaxsiyatiga to`g`ri kelmaydigan "lavhalar" ham kam emas. Buyuk tarixiy shaxs hayoti, zafarli yurishlari haqida ortiqcha ehtirosga berilib yozish "odati" o`tgan asrlarda ham kam bo`lmagan… Bunday adabiyotlar tarix haqiqatini buzib ko`rsatish barobarida o`quvchini chalg`itadi.

Sohibqiron haqidagi asarlarning qay biri hayot haqiqatiga monand-u qaysida anglashilmovchiliklar, uydirmalar, soxta gaplar borligi "Amir Temur siymosi" kitobida aniq dalillar bilan isbotlab berilgan. Jonkuyar adib tarixiy manbalardagi Amir Temur shaxsi bilan bog`liq har bir detalga sinchkovlik bilan yondoshadi. "So`nggi asrlarda paydo bo`lgan ba`zi kitoblarda Tarag`ay bahodirning nomini "To`rg`ay" deb yozish hollari ham uchraydi. Bu hech bir mantiqqa to`g`ri kelmaydi,– deb izohlaydi u.– To`rg`ay – kichkina sayroqi qush. Bahodirlar avlodidan bo`lgan amirga bunday nisbat berish to`g`ri emas. Turkiy tilda Tarag`ay so`zi "nurday taralsin, ko`paysin, katta hududlarni egallasin" degan ma`nolarni bildiradi". Bunday tilaklar ijobat bo`lishiga urg`u bergan muallif shu o`rinda Amir Temur o`zining suyukli nevarasi Ulug`bekka dastlab Tarag`ay deb ism qo`yganini ham eslatib o`tadi.

Mevali daraxtga tosh otilishi azaliy qismat ekanini Amir Temurga nisbatan turli tarixchi olimlarning uydirmalaridan ham bilsa bo`ladi. Jumladan, Ibn Arabshohning "Temur tarixida taqdir ajoyibotlari", M.Bryunning "Men jahonni ochgan Temurman", 1992 yilda Moskvada bosilib chiqqan "Tamerlan", ingliz adibasi Xilde Xukkemning "Etti iqlim sultoni", A.Yu.Yakubovskiyning "Temur" deb nomlangan kitoblarida haqiqatga to`g`ri kelmaydigan xayoliy uydirmalar ko`p uchrashi, akademik V.V.Bartoldning ayrim so`zlarida Amir Temurni "savodsiz bo`lgan" degan gaplari qanchalik assossiz ekanligi "Amir Temur siymosi" kitobida teran ilmiy tahlillar vositasida ochib berilgan. Bu bilan o`sha chalkashliklarga katta nuqta qo`yilganini his etasiz.

Ayrim tarixchilarning Chingizxon va Amir Temur siyosatidagi bir-biriga "o`xshash jihatlari"ni kashf qilganlari haqida o`qiganmiz. Aslida bu ikki tarixiy shaxs sa`y-harakatlarida, maqsadlarida mutlaqo o`zgacha holatlar yuz berganini ham muallif aniq dalillar bilan asoslab bergan. "Chingiziylar hukmronligi davrida ayniqsa sipohiylar va beku amirlar orasida subutsizlik, beqarorlik, aldamchilik avjiga chiqqan edi,– deb yozadi adib.– Shuni yaxshi biladigan Amir Temur endi odamlarga nisbatan iloji boricha kechirimli bo`lish va yaxshilik qilish yo`li bilan ularni og`ir illatlardan qutqarib olishga astoydil harakat qiladi". Bir o`rinda, Chingizxon lashkarlarini yarim och holda jang qildirgani va ular och bo`ridek odamlarni talagani, Amir Temur esa lashkarlariga yaxshi maosh to`lab, ularni adolat uchun kurashga chorlagani haqida maroq bilan hikoya qilingan.

"Amir Temur siymosi" kitobida buyuk bobokalonimizning butun faoliyati sodda va ravon tilda hikoya qilingan. Sohibqironning ulug`vor ishlari, bunyodkorligi, buyuk insoniy fazilatlari, zamondoshlariga, ilm ahliga nisbatan oqilona munosabatlari, zafarli yurishlari va qudratli davlat bunyod etishi, avlodlariga qoldirgan tengsiz meroslari haqida yuksak badiiy mahorat bilan yozilgan kitobni mutolaa qilarkansiz, xayolan o`tmish bilan yuzma-yuz bo`lgandek his etasiz o`zingizni.

Muallif buyuk bobokalonimizning o`z davrida erishgan tarixiy g`alabasi bilan bugungi tengsiz istiqlolimizni shunday muqoyasa qiladi: "Eng baland tog` cho`qqisi ana shunday baland cho`qqidan ko`zga aniqroq ko`rinadi. Biz ham Amir Temur etakchiligida xalqimiz erishgan mustaqillikning naqadar yuksak qadriyat bo`lganini O`zbekiston istiqloli yillarida yaqqol ko`rdik va dil-dildan his qildik".

Mazkur ilmiy badia "Ozodlik yo`lidagi tik dovonlar" va "Jahon miqyosiga chiqqan faoliyat" deb nomlangan ikkita qismdan iborat bo`lib, ular mohiyatan buyuk bobokalonimiz Amir Temurning Vatan ozodligi, yurt istiqloli yo`lidagi mardona kurashlari tafsilotlarini ilmiy asoslashga xizmat qiladi. Yuksak badiiy mahorat ila bitilgan ushbu asarni Amir Temur haqidagi hujjatli roman ham deyish mumkin. Bu kitob o`quvchiga ma`naviy oziq berish bilan bir qatorda uning tafakkurini boyitishga ham xizmat qiladi. Bu ma`naviy boylik esa – aniq dalillar, ishonchli manbalar asosida yaratilgani bilan ham qadrlidir.

ADIBNING SO`NGGI SAFARI

Ustoz Pirimqul Qodirovning holidan xabar olish uchun xonadoniga tez-tez borib turardim. Toshkentdagi Anhor bo`yida joylashgan uyning ikkinchi qavatida ulug` adib umr yo`ldoshi Sofiya opa bilan qandaydir mehrga tashna bo`lib o`tirishlarini his etardim. O`sha kezlar ustoz adabiyotshunos olim Abdug`afur Rasulovga o`z tug`ishgan inisi kabi tayanib qolgan edi.

Pirimqul aka ko`pincha telefonda kim bilandir gaplashib o`tirganini ko`rardim. Mavlono, deb so`zlashidan bilardimki, Abdug`afur domla bilan gurung qilmoqda. Ustoz faqat domlamizga mavlono yo mulla Abdug`afur, deb murojaat qilardilar.

Domlamiz ham Pirimqul akani tug`ishgan akasidek ko`rardilar. Demak, ular nafaqat adabiyot mavzusida, balki hayotdagi boshqa muhim masalalar haqida ham fikrlashardilar. “O`zbek adabiyoti necha asrlar mobaynida katta karvon kabi o`z yo`lidan kelmoqda,– derdi Pirimqul aka kuyunchaklik bilan.– Ayrim yosh qalamkashlar yangilik qilaman deb uning o`zanini milliy qadriyatlarimizga yot g`oyalar singdirilgan tomonlarga burib yuborishlariga aslo beparvo qarab o`tirmasligimiz kerak”.

Bu fikrni domlamiz dildan qo`llab-quvvatlarkan, “Pirimqul aka juda donishmand adib” deya olqishlardi.

Pirimqul Qodirovning adabiyotga, o`zbek adiblariga munosabati haqida hali ko`p xotirlaymiz. Atoqli adib rahmatli Ozod Sharafiddinovdan keyin adabiyotshunoslikda Abdug`afur Rasulov bilan Umarali Normatov o`ziga xos betakror an`analarimizni davom ettirmoqda, degan fikrini umid va ishonch bilan aytardi.

2010 yilning yozi juda issiq keldi. Ko`p qavatli uyda yashaydigan ba`zi zaifroq kishilar biroz salqin tushishini intiqlik bilan kutishardi. To`g`ri, zamonaviy sovutgichlar bunday payt jonning rohati. Biroq, bu matoh salga shamollaydigan keksalarga uncha to`g`ri kelmasdi. Shunday kunlardan birida Abdug`afur aka meni hovlisiga taklif qildilar. Yangi chiqqan bir-ikkita kitoblarga birga taqriz yozish haqida suhbatlashdik. Har gal suhbat mavzusi albatta Pirimqul akaga ulanardi. Ustozning holidan qachon xabar olganimni, otaxonga yana qanday yordam kerakligini domlamiz albatta so`rab-surishtirarkan, o`zlari ham yaqinda telefon orqali nimalar haqida gurung qilganini zavq bilan so`zlardilar. O`sha kuni domlamiz diliga tugib yurgan bir taklifini aytdilar:

– Pirimqul aka “dom”da siqilib o`tiribdilar,– dedilar jonkuyarlik bilan.– Hovlimizga taklif etib, ko`nglini olsak qandoq bo`larkin?

– Juda savob bo`lardi-da,– dedim hayajon bilan.– Bizdan nima xizmat?

– Bilasizmi, u kishiga o`zim taklif etishga istihola qilyapman,– dedi ustoz salmoq bilan.– Mabodo, borolmayman, deb qolsa, biroz xijolatpazlik bo`ladi. Qandoq taklif etishni siz eplaysiz...

Domlamiz bu vazifani menga yuklayotgani bejiz emasdi. Sakson ikkinchi bahorini ko`rayotgan nuroniy otaxon va yonlarida qiltillabgina yuradigan Sofiya opamizning ikkinchi qavatdan tushib-chiqishlari, hovlida mehmon bo`lib o`tirishga qanchalik xohishlari bor-yo`qligini avvalo o`zlaridan so`rab bilish lozim edi.

Ertasi kuni ustozni yo`qlab bordim-da, Abdug`afur akaning taklifini yotig`i bilan tushuntirdim.

– Mulla Abdug`afur baraka topsin,– dedi nuroniy ustoz qandaydir intiqlik bilan, so`ng xijolat tortgandek qo`shib qo`ydilar,– ularni ovora qilib qo`ymasmikinmiz?..

Xullas, ulug` ustozning roziligini olib, vaqti-soatini kelishdik.

Domlamizning katta o`g`illari Rustamjon aytilgan vaqtda mashinasini shay qilib turdi.

Abdug`afur akaning Do`mbirobod mahallasidagi fayzli xonadoniga etib kelganimizda quyosh tafti biroz qaytgandi. Hovliga sepilayotgan suvlardan ona tuproqning muattar bo`ylari ko`tarilib, huzur baxsh etardi. Pirimqul akaning ham bahri-dili ochilib ketgani nim tabassum yugurgan yuzlarida ayon ko`rindi. Necha yillar mobaynida bu chog`roqqina hovlida ne-ne ulug` adiblar, shoirlar-u adabiyotshunoslar tunlarni tonglarga ulab gurunglar qilmagan, deysiz. Ana shunday diltortar suhbatlarning navbatdagisi o`sha kuni bo`ldi.

Darvozadan birin-ketin atoqli adib Xudoyberdi To`taboev rafiqasi bilan, ular ortidan taniqli olima Suyuma G`anieva, adabiyotshunos Hamidulla Boltaboev kirib keldilar.

To`kin dasturxon atrofida shunday ustozlarning suhbatidan bahramand bo`lishning o`zi men unutilmas voqea edi.

O`zaro hangomalar qiziganida Suyuma opa Pirimqul akaning yoniga o`tib o`tirdi-da nimanidir muhokama qila boshladi. Gap orasida Sofiya opa tomon ilkis qarab:

– Namuncha yomon qaraysiz? Haliyam rashk qilasizmi?..– desa bo`ladimi.

Gur-r kulgi ko`tarildi.

Pirimqul aka esa rafiqasiga, qalaysiz endi, degandek jilmayib qo`ydi.

Shu mo``tabar yoshda ham ustozlarning bunday samimiy hazil-mutoyiba qilishlarini ko`rib zavqim kelib-ketardi.

Betakror suhbatlar poyoniga etmasdi.

Biroq, endi turishning ham mavridi keldi. Pirimqul aka dasturxonga duo qildilar.

Qalbi oftob, mehri daryo Abdug`afur domlamiz mehmonlarni alohida siylashga tushdi. Pirimqul Qodirov va Xudoyberdi To`xtaboevga to`n, Suyuma G`anieva, Hamidulla Boltaboev va kaminaga ko`ylaklar in`om etdilar.

***

Adabiy uchrashuvlarda muxlislar shoir va adiblarga ko`pincha birinchi kitobi haqida savol beradilar. Ulug` adiblar hayot bilan vidolashganlarida u so`nggi bor nimalar qilgani yo degani haqida so`rab-surishtirib qolish ham odatiy holga aylangan. Rahmatli ustozimiz Pirimqul Qodirov haqida endi qaerda so`z ketmasin, uning so`nggi safari Abdug`afur Rasulov xonadoniga bo`lgani haqida hayajon bilan so`zlab yuraman.

O`z navbatida rahmatli domlamiz Abdug`afur Rasulov haqida ham so`z ketgan davralarda o`sha mehridaryolik bilan qilingan mehmondorchilik hamda qalbimizga muhrlanib qolgan suhbatlar haqida maroq bilan aytib bergim kelaveradi.

Aslida bu ham ulug` ustozlarning biz uchun betakror ibrat maktabidir...


ADIBNING PORLOQ YuLDUZI

Marhum adib va shoirlar ruhini shod etib, ularning adabiy merosini o`rganish biz uchun azaliy qadriyatdir.

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa muassasalar sa`y-harakatlari bilan “Farobiy” (ilgarigi “Chig`atoy”) qabristonida atoqli shoir va adiblar, davlat hamda jamoat arboblari qabrlariga yodgorliklar o`rnatilgan. Ayni paytda bu erda tevarak-atrof obodonlashtirilishiga muntazam e`tibor qaratib kelinmoqda.

Inson mana shunday muborak joylarda, xalqimiz baxt-saodati yo`lida ijod qilgan ulug` yozuvchi-shoirlar xotirasini eslar ekan, bugungi tinch hayot, musaffo osmon, to`kinlik va farovonlikka qanday og`ir yo`qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishganimiz xayoldan o`tadi. O`tgan asrdagi ayanchli o`tmishimizni eslagan sari o`sha davrda ijod qilgan ko`plab yozuvchi-shoirlar bir umr orzu qilgan, bugungi avlodga nasib etgan mustaqillik, erkin va farovon hayotning ahamiyatini teranroq anglaymiz.

Bugun xotirasiga tilovatlar qilinayotgan marhum yozuvchi-shoirlarning ruhlari nechog`li shod ekanligini his etish qiyinmas.

Marhum adiblar va shoirlarning adabiy merosiini o`rganib borish maqsadida O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Meros komissiyasi tashkil etilgani ayni muddao bo`ldi. Yaqinda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo`lib o`tgan “Mustaqillik va adabiy meros” mavzuida davra suhbatida har bir davr adabiyoti vakillarining merosini izchil o`rganib borish ma`naviy merosimizni yanada boyitishga xizmat qilishi alohida ta`kidlandi.

Davra suhbatida O`zbekiston Respublikasi Fan arbobi Umarali Normatov yarim asr mobaynida atoqli adib Pirimqul Qodirov bilan qanday munosabatda bo`lgani haqida hayajon bilan so`zlarkan, yaqinda “O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasida uning xotirasiga bag`ishlangan maqola va bitiklar katta qiziqish uyg`otganini izohladi.

Darhaqiqat, betakror asarlari bilan millionlab adabiyot ixlosmandlari qalbini zabt etgan atoqli adib, O`zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov hayoti va ijodini teran nigoh bilan o`rganib borish millionlab adabiyot ixlosmandlarini ham xushnud etishi tabiiy.

Adib 1928 yil 25 oktyabrda Tojikiston Respublikasining O`ratepa tumanidagi Kengko`l qishlog`ida tavallud topgan.

1951 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti aspiranturasiga kirdi. “Abdulla Qahhorning urushdan keyingi ijodi” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi. 1954-1963 yillarda u Moskvada sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasi qoshida o`zbek adabiyoti bo`yicha maslahatchi, 1963-1976 yillarda O`zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi lavozimida ishladi. 1990-2000 yillarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo`lib, parlamentning Fan, madaniyat va ta`lim qo`mitasida faoliyat ko`rsatgan edi. Shu bilan bir qatorda uzoq yillar respublikamizning turli gazeta-jurnallari tahrir hay`ati a`zosi sifatida ijod ahli bilan hamnafas bo`lgan.

2008 yilda adib tavalludining 80 yilligi butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlangan edi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov shu munosabat bilan Pirimqul Qodirovga yo`llagan tabrik xati uning qalbida umrbod muhrlanib qolgandi. “Istiqlol ruhi Sizning ijodingizga yangi kuch-quvvat va ilhom bergani so`nggi yillarda yozilgan asarlaringizda yaqqol namoyon bo`lib turibdi,– degan ilhombaxsh so`zlar bitilgan ushbu tabrik xatida.– Xususan, shu ulug` va tabarruk yoshda ham hormay-tolmay ijod qilib, “Til va el”, “Amir Temur siymosi” singari puxta izlanish va tadqiqotlarga boy kitoblar yaratganingiz yosh adiblar uchun ibrat namunasi bo`lib xizmat qiladi”.

Birinchi Prezidentimizning hurmat va e`tiboridan naqadar mamnun bo`lgan ulug` adib unga javoban dil so`zlarini shunday ifoda etgandi: “Siz qanchalik band bo`lishingizga qaramay mening kamtarona roman va qissalarimni o`qib chiqqaningiz, ularga zarshunoslik nigohi bilan qarab, teran ma`noli fikrlar bildirganingiz uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman,– deb yozgandi Pirimqul Qodirov.– Sizning “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” nomli yangi kitobingiz ma`naviy hayotimizda unutilmas voqea bo`lib, bu asarda milliy madaniyatimizning boy tarixi, bugungi rivoji va porloq istiqboli yorqin tafakkur yordamida juda teran tahlil etilgandir. Adabiyotimiz shu buyuk ma`naviyat xazinasining markaziy qismidan o`rin olganligini Siz ulug` adibimiz Cho`lponning “Adabiyot yashasa, millat yashaydir” degan so`zlari misolida yaqqol ko`rsatib bergansiz. Men ellik yildan buyon bu dono so`zlarni dilimda takrorlab bahra olaman. Bugun adabiyotimizga Sizning shunchalik katta g`amxo`rlik ko`rsatayotganingiz bizni yuksak ijodiy kamolotga undaydi. Boshqa adiblar qatori men ham butun umrimni, bor kuch va qobiliyatimni milliy ma`naviyatimiz va uning uzviy qismi bo`lgan adabiyotimizni yuksaltirishga sarf etaman”.

O`tgan asrning o`rtalaridan to bugungacha o`tgan davr o`zbek adabiyotini atoqli adib Pirimqul Qodirov ijodisiz tasavvur etish qiyin. Uning “Studentlar” degan birinchi kitobi 1950 yilda nashr etilganidayoq Abdulla Qahhor, Oybek, Zulfiya kabi ustozlari e`tiborini qozongandi. Adabiyot ixlosmandlari qalbidan roppa-rosa arim asr ilgari – 1958 yilda ilk bora chop etilgan “Uch ildiz” romani o`rin olgandi. Shundan so`ng, “Qora ko`zlar” (1966), “Olmos kamar” (1977),“Yulduzli tunlar” (1979), “Avlodlar dovoni” (1988), “Ona lochin vidosi” (2000) romanlari ham kitobxonlarning ma`naviy mulkiga aylangan. Adibning “Qadrim”, “Erk”, “Meros”, “Botirlar va baxillar”, “Yayra institutga kirmoqchi”, “Akromning sarguzashtlari” kabi qissalari ham katta qiziqish bilan kutib olingan. Bu asarlar turli davrlarda bir necha bor nashr qilinib, o`z muxlislarining e`tiborini qozongani baayni haqiqat.

Atoqli adib asarlarini qanchalik maroq bilan o`qisangiz shuncha ma`naviy zavq olasiz.

Mehrga payvasta asarlari ila qalbimni rom aylagan ulug` adib mehrigiyosidan ko`plab yosh qalamkashlar qatori kamina ham bahramand bo`lganimda o`zimni naqadar baxtiyor his etgandim.

Yurtimiz mustaqilligi millatparvar adibga tuganmas ilhom baxsh etganini uning so`nggi yillarda yaratilgan qator romanlari, istiqlolni dildan tarannum etuvchi o`nlab maqolalari misolida ko`rish mumkin. 2001 yilda “Ma`naviyat” nashriyotida chop etilgan “Qalb ko`zlari” to`plamidan o`rin olgan badialar, o`ylar va maqolalarida yurt istiqloli qanchalik bebaho ne`mat ekanligi, uni ko`z qorachig`idek asrash har birimizning muqaddas burchimiz bo`lmog`i lozimligi haqida kuyunchaklik bilan so`z yuritilgan.

Shu tabarruk yoshda ham ustoz qo`lidan qalami tushmadi. Qator tarixiy romanlari bilan adabiyot muxlislarining qalblarini zabt etgan adib “Amir Temur siymosi” asarida buyuk Sohibqiron Amir Temur, “Yulduzli tunlar”da shoh va shoir Mirzo Bobur, “Avlodlar dovoni”da boburiylar sulolasi davomchilari Humoyun va Akbar, “Ona lochin vidosi”da Gavharshod begim hamda suyukli o`g`li Mirzo Ulug`beklarning, shu bilan bir qatorda ularga zamondosh bo`lgan qanchadan-qancha tarixiy shaxslarning yorqin siymolarini g`oyat yuksak badiiy mahorat ila yaratgan bo`lsa, 2009 yilda “O`zbekiston” nashriyotida chop etilgan “Shohruh va Gavharshod” romanida temuriylar sulolasining betimsol davomchisi bo`lgan Sohibqironning sadoqatli o`g`li Shohruh Mirzo hamda umr yo`ldoshi bo`lgan, Mirzo Ulug`bek va Alisher Navoiydek dilbar shaxslarga mehrini bergan fidoyi ona – Gavharshod begimning yorqin siymolari o`z aksini topgandi.

“Shohruh va Gavharshod” romani “Ona lochin vidosi”ning to`ldirilgan va tabiiyki, Sohibqiron Amir Temurning o`zi kabi ulug`vor o`g`li Shohruh siymosi bilan boyitilgan nashridir.

– Temuriy tarixida qirq yildan ortiq taxtda o`tirgan va Sohibqiron otasining ulug`vor ishlarini o`ziga xos tarzda davom ettirgan Shohruh Mirzo haqida juda ko`p ma`lumotlar to`pladim,– degandi Pirimqul Qodirov o`z mulohazalarini bayon etar ekan.– Mazkur manbalarni sinchkovlik bilan o`rganganingiz sari bu buyuk bobokalonimizning ham qanchalik ulug`vor shaxs, dono shohu mard va tanti inson bo`lganini anglayverasiz. Tarixdan yaxshi ma`lumki, Sohirqironning so`nggi yurishi, ming afsuski, uning hayotiga xotima qo`ygan. Uzoqni ko`ra bilgan, keksalik bog`lariga qadam qo`ygan otasining ahvolini juda yaxshi tushungan donishmand o`g`li Shohruh Mirzo otasining bu yurishiga qarshi bo`ladi...

O`z iborasi bilan aytganda “uzoq tarixni teleskop bilan ko`ra oladigan” adib buyuk ajdodlar hayotini o`z ko`zi bilan kuzatgandek ularni betakror badiiy lavhalarida tasvirlar ediki, mutolaa qilgan o`quvchi ko`z o`ngida o`sha asar qahramonlarining ulug`vor siymolari gavdalangandek bo`lardi.

O`zbek adabiyoti xazinasiga barakali hissa qo`shgan ustoz adib Pirimqul Qodirovning xizmatlari yuksak baholanib, 1994 yilda “Shuhrat” medali, 1998 yilda “El-yurt hurmati”, 2006 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 23 avgust kuni e`lon qilingan “O`zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san`at va me`morchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini berish to`g`risida” Farmonida adabiyot sohasi bo`yicha birinchi darajali davlat mukofot Pirimqul Qodirovga “Amir Temur siymosi” va “Til va el” asarlari uchun berilgani ulug` adib ruhini qanchalik shod etganini va millionlab adabiyot muxlislarini mamnun qilganini tasavvur etish qiyinmas.

Aytish joizki, bugungi kunda adib Pirimqul Qodirovning adabiy merosini o`rganish va ularni targ`ib etishda zamonaviy axborot kommunikasiya vositalaridan samarali foydalanilmoqda.

Adibning talaba-yoshlar hayotiga bag`ishlangan mashhur “Uch ildiz” romani nomidan kelib chiqqan holda internet tarmog`ida www.uchildiz.uz sayti tashkil etilgan. Marhum adib qo`lyozmalari hamda yon daftarlarida qolgan bitiklar asosida “Adib saboqlari” deb nomlangan to`plam nashrga tayyorlanmoqda.

Qator tarixiy asarlari bilan millionlab muxlislari qalbidan mangu o`rin egallagan ulug` adib nomi tarix zarvaraqlariga zarhal harflar ila bitilajak.

To`lqin EShBEK,

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Meros komissiyasi a`zosi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1