1

TUShDA AYoN BO`LGAN "YuLDUZLI TUNLAR" (davomi)

Mutolaa 29.09.2017, 15:02
TUShDA AYoN BO`LGAN "YuLDUZLI TUNLAR" (davomi)

ADIBNING SO`NGGI SAFARI

Ustoz Pirimqul Qodirovning holidan xabar olish uchun xonadoniga tez-tez borib turardim. Toshkentdagi Anhor bo`yida joylashgan uyning ikkinchi qavatida ulug` adib umr yo`ldoshi Sofiya opa bilan qandaydir mehrga tashna bo`lib o`tirishlarini his etardim. O`sha kezlar ustoz adabiyotshunos olim Abdug`afur Rasulovga o`z tug`ishgan inisi kabi tayanib qolgan edi.

Pirimqul aka ko`pincha telefonda kim bilandir gaplashib o`tirganini ko`rardim. Mavlono, deb so`zlashidan bilardimki, Abdug`afur domla bilan gurung qilmoqda. Ustoz faqat domlamizga mavlono yo mulla Abdug`afur, deb murojaat qilardilar.

Domlamiz ham Pirimqul akani tug`ishgan akasidek ko`rardilar. Demak, ular nafaqat adabiyot mavzusida, balki hayotdagi boshqa muhim masalalar haqida ham fikrlashardilar. “O`zbek adabiyoti necha asrlar mobaynida katta karvon kabi o`z yo`lidan kelmoqda,– derdi Pirimqul aka kuyunchaklik bilan.– Ayrim yosh qalamkashlar yangilik qilaman deb uning o`zanini milliy qadriyatlarimizga yot g`oyalar singdirilgan tomonlarga burib yuborishlariga aslo beparvo qarab o`tirmasligimiz kerak”.

Bu fikrni domlamiz dildan qo`llab-quvvatlarkan, “Pirimqul aka juda donishmand adib” deya olqishlardi.

Pirimqul Qodirovning adabiyotga, o`zbek adiblariga munosabati haqida hali ko`p xotirlaymiz. Atoqli adib rahmatli Ozod Sharafiddinovdan keyin adabiyotshunoslikda Abdug`afur Rasulov bilan Umarali Normatov o`ziga xos betakror an`analarimizni davom ettirmoqda, degan fikrini umid va ishonch bilan aytardi.

2010 yilning yozi juda issiq keldi. Ko`p qavatli uyda yashaydigan ba`zi zaifroq kishilar biroz salqin tushishini intiqlik bilan kutishardi. To`g`ri, zamonaviy sovutgichlar bunday payt jonning rohati. Biroq, bu matoh salga shamollaydigan keksalarga uncha to`g`ri kelmasdi. Shunday kunlardan birida Abdug`afur aka meni hovlisiga taklif qildilar. Yangi chiqqan bir-ikkita kitoblarga birga taqriz yozish haqida suhbatlashdik. Har gal suhbat mavzusi albatta Pirimqul akaga ulanardi. Ustozning holidan qachon xabar olganimni, otaxonga yana qanday yordam kerakligini domlamiz albatta so`rab-surishtirarkan, o`zlari ham yaqinda telefon orqali nimalar haqida gurung qilganini zavq bilan so`zlardilar. O`sha kuni domlamiz diliga tugib yurgan bir taklifini aytdilar:

– Pirimqul aka “dom”da siqilib o`tiribdilar,– dedilar jonkuyarlik bilan.– Hovlimizga taklif etib, ko`nglini olsak qandoq bo`larkin?

– Juda savob bo`lardi-da,– dedim hayajon bilan.– Bizdan nima xizmat?

– Bilasizmi, u kishiga o`zim taklif etishga istihola qilyapman,– dedi ustoz salmoq bilan.– Mabodo, borolmayman, deb qolsa, biroz xijolatpazlik bo`ladi. Qandoq taklif etishni siz eplaysiz...

Domlamiz bu vazifani menga yuklayotgani bejiz emasdi. Sakson ikkinchi bahorini ko`rayotgan nuroniy otaxon va yonlarida qiltillabgina yuradigan Sofiya opamizning ikkinchi qavatdan tushib-chiqishlari, hovlida mehmon bo`lib o`tirishga qanchalik xohishlari bor-yo`qligini avvalo o`zlaridan so`rab bilish lozim edi.

Ertasi kuni ustozni yo`qlab bordim-da, Abdug`afur akaning taklifini yotig`i bilan tushuntirdim.

– Mulla Abdug`afur baraka topsin,– dedi nuroniy ustoz qandaydir intiqlik bilan, so`ng xijolat tortgandek qo`shib qo`ydilar,– ularni ovora qilib qo`ymasmikinmiz?..

Xullas, ulug` ustozning roziligini olib, vaqti-soatini kelishdik.

Domlamizning katta o`g`illari Rustamjon aytilgan vaqtda mashinasini shay qilib turdi.

Abdug`afur akaning Do`mbirobod mahallasidagi fayzli xonadoniga etib kelganimizda quyosh tafti biroz qaytgandi. Hov liga sepilayotgan suvlardan ona tuproqning muattar bo`ylari ko`tarilib, huzur baxsh etardi. Pirimqul akaning ham bahri-dili ochilib ketgani nim tabassum yugurgan yuzlarida ayon ko`rindi. Necha yillar mobaynida bu chog`roqqina hovlida ne-ne ulug` adiblar, shoirlar-u adabiyotshunoslar tunlarni tonglarga ulab gurunglar qilmagan, deysiz. Ana shunday diltortar suhbatlarning navbatdagisi o`sha kuni bo`ldi.

Darvozadan birin-ketin atoqli adib Xudoyberdi To`taboev rafiqasi bilan, ular ortidan taniqli olima Suyuma G`anieva, adabiyotshunos Hamidulla Boltaboev kirib keldilar.

To`kin dasturxon atrofida shunday ustozlarning suhbatidan bahramand bo`lishning o`zi men unutilmas voqea edi.

O`zaro hangomalar qiziganida Suyuma opa Pirimqul akaning yoniga o`tib o`tirdi-da nimanidir muhokama qila boshladi. Gap orasida Sofiya opa tomon ilkis qarab:

– Namuncha yomon qaraysiz? Haliyam rashk qilasizmi?..– desa bo`ladimi.

Gur-r kulgi ko`tarildi.

Pirimqul aka esa rafiqasiga, qalaysiz endi, degandek jilmayib qo`ydi.

Shu mo``tabar yoshda ham ustozlarning bunday samimiy hazil-mutoyiba qilishlarini ko`rib zavqim kelib-ketardi.

Betakror suhbatlar poyoniga etmasdi.

Biroq, endi turishning ham mavridi keldi. Pirimqul aka dasturxonga duo qildilar.

Qalbi oftob, mehri daryo Abdug`afur domlamiz mehmonlarni alohida siylashga tushdi. Pirimqul Qodirov va Xudoyberdi To`xtaboevga to`n, Suyuma G`anieva, Hamidulla Boltaboev va kaminaga ko`ylaklar in`om etdilar.

***

Adabiy uchrashuvlarda muxlislar shoir va adiblarga ko`pincha birinchi kitobi haqida savol beradilar. Ulug` adiblar hayot bilan vidolashganlarida u so`nggi bor nimalar qilgani yo degani haqida so`rab-surishtirib qolish ham odatiy holga aylangan. Rahmatli ustozimiz Pirimqul Qodirov haqida endi qaerda so`z ketmasin, uning so`nggi safari Abdug`afur Rasulov xonadoniga bo`lgani haqida hayajon bilan so`zlab yuraman.

O`z navbatida rahmatli domlamiz Abdug`afur Rasulov haqida ham so`z ketgan davralarda o`sha mehridaryolik bilan qilingan mehmondorchilik hamda qalbimizga muhrlanib qolgan suhbatlar haqida maroq bilan aytib bergim kelaveradi.

Aslida bu ham ulug` ustozlarning biz uchun betakror ibrat maktabidir...

ADIBNING PORLOQ YuLDUZI

Marhum adib va shoirlar ruhini shod etib, ularning adabiy merosini o`rganish biz uchun azaliy qadriyatdir.

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa muassasalar sa`y-harakatlari bilan “Farobiy” (ilgarigi “Chig`atoy”) qabristonida atoqli shoir va adiblar, davlat hamda jamoat arboblari qabrlariga yodgorliklar o`rnatilgan. Ayni paytda bu erda tevarak-atrof obodonlashtirilishiga muntazam e`tibor qaratib kelinmoqda.

Inson mana shunday muborak joylarda, xalqimiz baxt-saodati yo`lida ijod qilgan ulug` yozuvchi-shoirlar xotirasini eslar ekan, bugungi tinch hayot, musaffo osmon, to`kinlik va farovonlikka qanday og`ir yo`qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishganimiz xayoldan o`tadi. O`tgan asrdagi ayanchli o`tmishimizni eslagan sari o`sha davrda ijod qilgan ko`plab yozuvchi-shoirlar bir umr orzu qilgan, bugungi avlodga nasib etgan mustaqillik, erkin va farovon hayotning ahamiyatini teranroq anglaymiz.

Bugun xotirasiga tilovatlar qilinayotgan marhum yozuvchi-shoirlarning ruhlari nechog`li shod ekanligini his etish qiyinmas.

Marhum adiblar va shoirlarning adabiy merosiini o`rganib borish maqsadida O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Meros komissiyasi tashkil etilgani ayni muddao bo`ldi. Yaqinda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo`lib o`tgan “Mustaqillik va adabiy meros” mavzuida davra suhbatida har bir davr adabiyoti vakillarining merosini izchil o`rganib borish ma`naviy merosimizni yanada boyitishga xizmat qilishi alohida ta`kidlandi.

Davra suhbatida O`zbekiston Respublikasi Fan arbobi Umarali Normatov yarim asr mobaynida atoqli adib Pirimqul Qodirov bilan qanday munosabatda bo`lgani haqida hayajon bilan so`zlarkan, yaqinda “O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasida uning xotirasiga bag`ishlangan maqola va bitiklar katta qiziqish uyg`otganini izohladi.

Darhaqiqat, betakror asarlari bilan millionlab adabiyot ixlosmandlari qalbini zabt etgan atoqli adib, O`zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov hayoti va ijodini teran nigoh bilan o`rganib borish millionlab adabiyot ixlosmandlarini ham xushnud etishi tabiiy.

Adib 1928 yil 25 oktyabrda Tojikiston Respublikasining O`ratepa tumanidagi Kengko`l qishlog`ida tavallud topgan.

1951 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti aspiranturasiga kirdi. “Abdulla Qahhorning urushdan keyingi ijodi” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi. 1954-1963 yillarda u Moskvada sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasi qoshida o`zbek adabiyoti bo`yicha maslahatchi, 1963-1976 yillarda O`zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi lavozimida ishladi. 1990-2000 yillarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo`lib, parlamentning Fan, madaniyat va ta`lim qo`mitasida faoliyat ko`rsatgan edi. Shu bilan bir qatorda uzoq yillar respublikamizning turli gazeta-jurnallari tahrir hay`ati a`zosi sifatida ijod ahli bilan hamnafas bo`lgan.

2008 yilda adib tavalludining 80 yilligi butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlangan edi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov shu munosabat bilan Pirimqul Qodirovga yo`llagan tabrik xati uning qalbida umrbod muhrlanib qolgandi. “Istiqlol ruhi Sizning ijodingizga yangi kuch-quvvat va ilhom bergani so`nggi yillarda yozilgan asarlaringizda yaqqol namoyon bo`lib turibdi,– degan ilhombaxsh so`zlar bitilgan ushbu tabrik xatida.– Xususan, shu ulug` va tabarruk yoshda ham hormay-tolmay ijod qilib, “Til va el”, “Amir Temur siymosi” singari puxta izlanish va tadqiqotlarga boy kitoblar yaratganingiz yosh adiblar uchun ibrat namunasi bo`lib xizmat qiladi”.

Birinchi Prezidentimizning hurmat va e`tiboridan naqadar mamnun bo`lgan ulug` adib unga javoban dil so`zlarini shunday ifoda etgandi: “Siz qanchalik band bo`lishingizga qaramay mening kamtarona roman va qissalarimni o`qib chiqqaningiz, ularga zarshunoslik nigohi bilan qarab, teran ma`noli fikrlar bildirganingiz uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman,– deb yozgandi Pirimqul Qodirov.– Sizning “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” nomli yangi kitobingiz ma`naviy hayotimizda unutilmas voqea bo`lib, bu asarda milliy madaniyatimizning boy tarixi, bugungi rivoji va porloq istiqboli yorqin tafakkur yordamida juda teran tahlil etilgandir. Adabiyotimiz shu buyuk ma`naviyat xazinasining markaziy qismidan o`rin olganligini Siz ulug` adibimiz Cho`lponning “Adabiyot yashasa, millat yashaydir” degan so`zlari misolida yaqqol ko`rsatib bergansiz. Men ellik yildan buyon bu dono so`zlarni dilimda takrorlab bahra olaman. Bugun adabiyotimizga Sizning shunchalik katta g`amxo`rlik ko`rsatayotganingiz bizni yuksak ijodiy kamolotga undaydi. Boshqa adiblar qatori men ham butun umrimni, bor kuch va qobiliyatimni milliy ma`naviyatimiz va uning uzviy qismi bo`lgan adabiyotimizni yuksaltirishga sarf etaman”.

O`tgan asrning o`rtalaridan to bugungacha o`tgan davr o`zbek adabiyotini atoqli adib Pirimqul Qodirov ijodisiz tasavvur etish qiyin. Uning “Studentlar” degan birinchi kitobi 1950 yilda nashr etilganidayoq Abdulla Qahhor, Oybek, Zulfiya kabi ustozlari e`tiborini qozongandi. Adabiyot ixlosmandlari qalbidan roppa-rosa arim asr ilgari – 1958 yilda ilk bora chop etilgan “Uch ildiz” romani o`rin olgandi. Shundan so`ng, “Qora ko`zlar” (1966), “Olmos kamar” (1977),“Yulduzli tunlar” (1979), “Avlodlar dovoni” (1988), “Ona lochin vidosi” (2000) romanlari ham kitobxonlarning ma`naviy mulkiga aylangan. Adibning “Qadrim”, “Erk”, “Meros”, “Botirlar va baxillar”, “Yayra institutga kirmoqchi”, “Akromning sarguzashtlari” kabi qissalari ham katta qiziqish bilan kutib olingan. Bu asarlar turli davrlarda bir necha bor nashr qilinib, o`z muxlislarining e`tiborini qozongani baayni haqiqat.

Atoqli adib asarlarini qanchalik maroq bilan o`qisangiz shuncha ma`naviy zavq olasiz.

Mehrga payvasta asarlari ila qalbimni rom aylagan ulug` adib mehrigiyosidan ko`plab yosh qalamkashlar qatori kamina ham bahramand bo`lganimda o`zimni naqadar baxtiyor his etgandim.

Yurtimiz mustaqilligi millatparvar adibga tuganmas ilhom baxsh etganini uning so`nggi yillarda yaratilgan qator romanlari, istiqlolni dildan tarannum etuvchi o`nlab maqolalari misolida ko`rish mumkin. 2001 yilda “Ma`naviyat” nashriyotida chop etilgan “Qalb ko`zlari” to`plamidan o`rin olgan badialar, o`ylar va maqolalarida yurt istiqloli qanchalik bebaho ne`mat ekanligi, uni ko`z qorachig`idek asrash har birimizning muqaddas burchimiz bo`lmog`i lozimligi haqida kuyunchaklik bilan so`z yuritilgan.

Shu tabarruk yoshda ham ustoz qo`lidan qalami tushmadi. Qator tarixiy romanlari bilan adabiyot muxlislarining qalblarini zabt etgan adib “Amir Temur siymosi” asarida buyuk Sohibqiron Amir Temur, “Yulduzli tunlar”da shoh va shoir Mirzo Bobur, “Avlodlar dovoni”da boburiylar sulolasi davomchilari Humoyun va Akbar, “Ona lochin vidosi”da Gavharshod begim hamda suyukli o`g`li Mirzo Ulug`beklarning, shu bilan bir qatorda ularga zamondosh bo`lgan qanchadan-qancha tarixiy shaxslarning yorqin siymolarini g`oyat yuksak badiiy mahorat ila yaratgan bo`lsa, 2009 yilda “O`zbekiston” nashriyotida chop etilgan “Shohruh va Gavharshod” romanida temuriylar sulolasining betimsol davomchisi bo`lgan Sohibqironning sadoqatli o`g`li Shohruh Mirzo hamda umr yo`ldoshi bo`lgan, Mirzo Ulug`bek va Alisher Navoiydek dilbar shaxslarga mehrini bergan fidoyi ona – Gavharshod begimning yorqin siymolari o`z aksini topgandi.

“Shohruh va Gavharshod” romani “Ona lochin vidosi”ning to`ldirilgan va tabiiyki, Sohibqiron Amir Temurning o`zi kabi ulug`vor o`g`li Shohruh siymosi bilan boyitilgan nashridir.

– Temuriy tarixida qirq yildan ortiq taxtda o`tirgan va Sohibqiron otasining ulug`vor ishlarini o`ziga xos tarzda davom ettirgan Shohruh Mirzo haqida juda ko`p ma`lumotlar to`pladim,– degandi Pirimqul Qodirov o`z mulohazalarini bayon etar ekan.– Mazkur manbalarni sinchkovlik bilan o`rganganingiz sari bu buyuk bobokalonimizning ham qanchalik ulug`vor shaxs, dono shohu mard va tanti inson bo`lganini anglayverasiz. Tarixdan yaxshi ma`lumki, Sohirqironning so`nggi yurishi, ming afsuski, uning hayotiga xotima qo`ygan. Uzoqni ko`ra bilgan, keksalik bog`lariga qadam qo`ygan otasining ahvolini juda yaxshi tushungan donishmand o`g`li Shohruh Mirzo otasining bu yurishiga qarshi bo`ladi...

O`z iborasi bilan aytganda “uzoq tarixni teleskop bilan ko`ra oladigan” adib buyuk ajdodlar hayotini o`z ko`zi bilan kuzatgandek ularni betakror badiiy lavhalarida tasvirlar ediki, mutolaa qilgan o`quvchi ko`z o`ngida o`sha asar qahramonlarining ulug`vor siymolari gavdalangandek bo`lardi.

O`zbek adabiyoti xazinasiga barakali hissa qo`shgan ustoz adib Pirimqul Qodirovning xizmatlari yuksak baholanib, 1994 yilda “Shuhrat” medali, 1998 yilda “El-yurt hurmati”, 2006 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 23 avgust kuni e`lon qilingan “O`zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san`at va me`morchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini berish to`g`risida” Farmonida adabiyot sohasi bo`yicha birinchi darajali davlat mukofot Pirimqul Qodirovga “Amir Temur siymosi” va “Til va el” asarlari uchun berilgani ulug` adib ruhini qanchalik shod etganini va millionlab adabiyot muxlislarini mamnun qilganini tasavvur etish qiyinmas.

Aytish joizki, bugungi kunda adib Pirimqul Qodirovning adabiy merosini o`rganish va ularni targ`ib etishda zamonaviy axborot kommunikasiya vositalaridan samarali foydalanilmoqda.

Adibning talaba-yoshlar hayotiga bag`ishlangan mashhur “Uch ildiz” romani nomidan kelib chiqqan holda internet tarmog`ida www.uchildiz.uz sayti tashkil etilgan. Marhum adib qo`lyozmalari hamda yon daftarlarida qolgan bitiklar asosida “Adib saboqlari” deb nomlangan to`plam nashrga tayyorlanmoqda.

Qator tarixiy asarlari bilan millionlab muxlislari qalbidan mangu o`rin egallagan ulug` adib nomi tarix zarvaraqlariga zarhal harflar ila bitilajak.

To`lqin EShBEK,

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Meros komissiyasi a`zosi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1