AsosiyJamiyat

​MAShHURLARNING USTOZLARI HAQIDAGI MULOHAZALARI

'​MAShHURLARNING USTOZLARI HAQIDAGI MULOHAZALARI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Ma`naviyat va ma`rifat markazi, “Ma`rifat” targ`ibotchilar jamiyati elimiz ardoqlagan san`aktor, sport murabbiyi va rassomlar bilan hamkorlikda ularning katta xayot ostonasiga kirib kelishida jonbozlik ko`rsatgan, ma`naviy-ma`rifiy jihatdan etuk inson bo`lishlarida asosiy ko`mak bergan mehribon ustozlarii haqidagi fikr mulohazalarini taqdim etdi.

Otabek Muhammazohid, xonanda:

– San`atda ulug`vorlik mujassam. Undan qalbimizga yaqin nimadir topamiz. Bu iliqlikni etkaza olish esa san`atkordan mahoratni va eng muhimi iqtidorni talab etadi. Aynan o`sha san`at olamiga bo`lgan muxabbatim oiladan boshlangan. Kasbimiz borasidagi birinchi ustozim onam hisoblanadi. Bolaligimdan har bir ishni bajarishimda onamlarning maslahatlari bilan ish ko`rganman. Yoshlik qilib xato qilmasin deb, volidam san`atkor bo`lib shakllanishimda asosiy poydevor vazifasini o`taganlar. Xavas bilan turli yo`nalishdagi taronalarni kuylashni rejalashtirsam, ular yoshimga mos bo`lgan qo`shiqlarni, ushbu qo`shiqni sahnada ijro qilayotganimda kiyishim lozim bo`lgan kastyum shimlargacha tanlab berardi. Ayniqsa, bolaligimdan mutoala qiladigan kitoblarimgacha belgilab qo`yardilar, ularning nazdida men uchun ortiqcha hisoblangan barcha narsalarni qattiqqo`llik bilan ta`qiqlardilar. Mana onamning sa`y- xarakatlari, samarali mehnatlari bilan ustoz darajasidagi el suygan san`atkor bo`ldim. 1991- 1994 yillarda Farg`ona davlat unversitetida o`qib yurgan kezlarimda, kuchli tajriba sohibi, iste`dodli xofiz Tavakkal Qodirovdan qo`shiqchilik san`atidan tahsil oldim. Bilasizmi, ustozimning har bir xatti xarakati nafaqat bilimli xonanda,balki yaxshi fazilatlarga ega inson sifatida shakllanishimga katta turtki berdi. Talabalar o`zlariga ma`qul ko`rgan taronani qo`shimcha xonishlar bilan tayyorlab kelsak, ijro etib bo`lganimizdan so`ng, usta bizni baland ovozda tanbeh berib tanqid qilmasdilar. Aksincha, shogirdlariga muloyimlik bilan nolalaring taronaga mos kelyaptimi, chuqur o`ylab ko`rgin deb maslahat berardi.

Munavvara Abdullaeva, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiyi:

– Shogirdlarimdan biri Dilnoza Kubaevani o`ziga xos jihatlarga ega bo`lgan aktrisa va yaxshi fazilatlarga yo`g`irilgan inson sifatida xurmat qilaman. Dilnozani talabalik davridan boshlab aktyorlik sohasini mukammal egallashga bo`lgan intilishni sezganman. Ko`plab o`quvchilarimiz turli p`esalardan adabiy parchalar taqsimlangan dars jarayonlarida hamma o`quvchi birgina qiyofani gavdalantirmoqchi bo`lsa, Dilnoza bir nechta rollarning adabiy parchalarini o`zi so`rab olardi. Tanlagan personajlari ustida juda ko`p marotaba mashq qilardi,o`ziga nisbatan juda talabchan shaxs sifatida ham talabalarim orasida ajralib turardi. Bugungi kunda Dilnoza mashhur aktrisa,ammo hali hamon har bir roli ustida izlanish olib boradi, repetisiyalarga o`z vaqtiga keladi. Teatrni kinodan yuqori pog`onaga qo`ymaydi, rollari borasidagi kamchiliklari ustida tinimsiz shug`ullanadi, mahoratini oshirish uchun turli obrazlarda charxlanishga xarakat qiladi. Har bir ishini oldindan rejalashtiradi.Ayni vaqtgacha Dilnoza Kubaeva sahnada o`zini erkin tutadi,qanday darjadagi rol berilishidan qat`iy nazar bajonidil,ushbu rolni talqin qilishga intiladi.

Ravshan Ermatov FIFA hakami, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan sport murabbiyi, El-yurt xurmati ordeni sohibi:

– Har bir inson unga ilk bora qalam tutqazgan muallimini bir umr yodida saqlab qolsa kerak. Bolalik chog`larimning eng gullagan davrlarida menga xayot maktabini o`rgatgan,olamni anglashda ko`maklashgan ustozimni chuqur ehtirom bilan xotirlayman. Toshkent shahrida joylashgan 115-maktabda bir necha yillar davomida o`quvchilarga bor mahoratini ko`rsatib, qalb qo`rini, ko`z nurini baxsh etib bilim berayotgan Flora Romazanova mening ilk o`qituvchimdir. O`g`il bola bo`lishimga qaramasdan a`lochi o`quvchilar safida turishga intilardim. Boisi, biz odamlarni ilk xayot ostonasida turgan onlarimizda tashqi dunyo bilan tanishtiruvchi, o`rtadagi ko`prik bo`luvchi shaxs ustozlarimizdir. Muallimlarimiz bizga imkon qadar bilim olgin deya undashadi vaholanki, “Ko`p kitoblar o`qish, insonni nafaqat ziyoli odam bo`lib shakllanishida komillik sari etaklaydi, hamda haqiqiy inson bo`lib ulg`ayishida katta ko`prik vazifasini o`taydi deb hisoblayman”.Men yoshligimdan sport turlaridan futbolga bo`lgan ishtiyoqim kuchli bo`lgani uchun etti yoshimdan boshlab, ma`naviy jihatdan turli qiyinchiliklarga qaramasdan oddiy va sport maktabida o`qishimga to`g`ri kelgan. Balki, men bolalik qilib sport maktabini tark etishim ham mumkin edi, ammo murabbiyim Temur Olimxodjaevning ko`rsatgan mehrlari, o`z farzandlaridek ko`rib, bolalarcha qilgan mehnatlarimni ardoqlagani tufayli sport maktabiga qattiq bog`lanib qoldim.Ayni vaqtda shunday natijalarga erishishimda ustozimning o`rni beqiyosdir.Xayotda hamisha kimdandir yaxshi amallarni o`rgansam, aynan o`sha inson men uchun ustoz hisoblanadi.

Dilnoza Kubaeva aktrisa, “Shuhrat” medali sohibasi:

– Nafis san`at liseyini tamomlaganimdan so`ng hech ikkilanmay sa`at oliygohiga xujjatlarimni topshirdim. Talaba bo`ldim. Eng asosiysi inson qaysi kasbni tanlamasin,unga shu kasbini mohir egasi bo`lishida yordam beruvchi ustozi muhim o`rin tutadi. Buni qarangki, oliygohda Munavvara Abdullaeva kabi mehribon, jonkuyar mehnatkash talabalarni qadrlaydigan murabbiyga ro`baro` bo`ldim. O`qish kunining birinchi soniyalaridanoq ustozimning etagidan mahkam tutdim. Hali hamon ular bilan har bir ishimni maslahatlashaman. Bilasizmi, ustozlarni deyarli bir-biridan farqi bo`lmaydi. Har bir muallim shogirdlarini kelajakda oydin kunlar ko`rishini istaydi. Munavvaropa oliygohda ustozlik qilish bilan bir qatorda, xuddi onam kabi yo`l-yo`riq ko`rsatardi. Ba`zida, ish yuzasidan qo`ng`iroq qilganimda soatlab, rol xususida kamchiliklar ustida ishlardik. Yordam so`raganimda hech qachon yo`q demaydilar. Ustozimdan kamchiliklarni tanqid qilish masalasida o`rnak olsak arziydi. U kishi har bir tanbehlarini chiroyli so`zlar bilan, insonni diliga ozor bermaydigan qilib izohlaydilar. Xamza nomidagi O`zbek milliy drama teatrida ham ustozlarim soni juda ko`p. Deyarli mendan yoshi katta barcha opava akalarimni o`zim uchun murabbiy deb hisoblayman.

Alisher Aliqulov rassom, “Shuhrat” medali sohibi:

– Ustoz deganda ko`z oldimda ulug` bir siymo gavdalanadi. Maktabning ilk kunlaridan boshlab menga kitob o`qishni, yaxshini yomondan ajratishni, ma`suliyatli inson bo`lishni o`rgatgan muallimimizlarimiz hamisha omon bo`lsin. Xayotda biror bir ishni mustahkam egallagunimizga qadar bizga har xil yo`nalishlarda saboq bergan odamlar ustoz hisoblanadi o`ylayman. Bolaligimdan tasviriy san`at sohasiga bog`lanib qoldim. Eng sevimli mashg`ulotim rasm chizish bo`lgan. Ayniqsa, tarixiy obrazdagi rasmlarni o`xshatib chizishga intilardim. O`z ustimda soatlab mashq qilardim.Ammo, kelajakda albatta rassom bo`laman deb o`ylamasdim, gumanitar fanlarga bo`lgan qiziqishim bo`lganligi tufayli shifokor bo`lsam kerak deb o`ylardim. Bilasizmi, 15-16 yosh bo`lgan davrlarimda borgan sari moy bo`yoqqa bo`lgan ixlosim ortib bordi va Benkov nomidagi Respublika rassomchilik kollejida o`qishga kirishga qaror qildim. Ushbu maskanda ustozim Vladimir Petrov san`at olamining men uchun ochilmagan qirralarini anglashga, o`z kasbim bilan chin yurakdan ishlashimga muxabbat uyg`otdi. O`qituvchim tasviriy san`atda rasm chizish jarayonida qo`llaniladigan barcha usullarni birma-bir muloyimlik bilan o`rgatardi. Ammo,men nafaqat oliygohda balki xayoliy murabbiylarimdan ham kasbim uchun kerak bo`ladigan ko`p jihatlarni o`zimga singdirdim. Masalan jahonga mashhur rassomlar Ispaniyalik musavvir Salvador Dali va Yan Matekaning ijodlarini chuqur egallashga xarakat qildim. Yan Matekaning tarixiy mavzudagi ijodiy asarlari chizilgan maxsus kitobni yillar davomida o`rganib chiqdim va yaratgan asarlarimda uning yo`nalishidan borishga xarakat qildim. Yillar o`tib 2007 yili Polsha davlatining Praga shahrida ijodiy safar bilan tashrif buyurdim va Yan Matekaning orignal asarlarini ko`rishga muvaffaq bo`ldim.

Dildora Bekjonova, jurnalist:

– Bolalik chog`larimdan oilamizda san`at muhiti shakllangandigi bois, ota-onam meni aktrisa bo`ladi deb o`ylashgan. Ammo vaqt o`tgan sari jurnalistika sohasiga bo`lgan ishtiyoqim ortib bordi. Albatta buni o`ziga yarasha sabablari bor. Ota-onam bilan birgalikda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida birga faoliyat yuritayotgan ustozlari Nasriddin Rustamovning oilalari bilan juda ahil edik. Nasriddin amakining qizlari tajribali suxandon Dildora Rustamovani o`z opamdek ko`raman. Ba`zan, uyga kelib soatlab oyna oldida, ular kabi so`zlashni,kamera oldida jurnalist o`zini qanday tutish kerakligini mashq qilib o`tirardim. Keyinchalik, jurnalist bo`lishga bir qarorga kelganimdan so`ng, Dildora Rustamova haqiqiy ustozimga aylandi. Har kuni ustozimdan men uchun ozgina vaqt ajratishlarini, kasbimizning o`ziga xos sirlarini o`rgatishini so`rardim. Dildora opam ham vaqtlari tig`iz bo`lishiga qaramasdan bor bilimlarini berardi. Ayni vaqtda xorijiy va milliy kinolarimizni dublyaj qilish jarayonlarida ham soatlab, Dildora opamni kuzatib boraman, kerakli narsalarni o`rganaman. Mana kun kelib o`zim ham dublyaj sohasida ish olib borishimga to`g`ri keldi, bu borada ustozimdan olgan saboqlarim qo`l keldi. Biz ayollar hamisha oqila va sabrli, muloyim, pazanda, mehribon bo`lishimiz lozim. Bu kabi jihatlarni ham onam bilan bir qatorda ustozimdan o`rnak olaman.Inson nimani niyat va maqsad qilsa, xarakatiga qarab amalga oshar ekan. Teleradiokompaniya oldidan o`tib ketayotgan vaqtimda, kelajakda albatta shu erda ishlayman deb dugonalarimga hazil qilardim. Mana kun kelib ushbu maskanda faoliyat yurityapman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar