— Turmush qurganimizga 5 yil bo`ldi. Hamon farzand ko`rolmayapmiz. Yaqinda er-xotin rezus faktor mutanosibligini tekshirtirdik. Menda rezus faktor manfiy, turmush o`rtog`imda esa musbat chiqdi. Eshitishimcha, bunday holatlarda homiladorlik yuzaga kelmas ekan. Davolashning imkoni yo`qmi?
A.Olimova, Toshkent shahri
Muyassar NAZIROVA, tibbiyot fanlari nomzodi:
— Homiladorlik yuzaga kelishi uchun ayol va erkakning qon guruhidagi rezus-faktor ko`rsatkichi bir-biriga mos kelishi kerak. Agar rezus manfiy bo`lgan ayol rezus musbat erkak bilan oila qursa va homilaning rezusi ham musbat bo`lsa, ayol organizmi antitanachalar ishlab chiqarib, homilani qabul qilmaydi. Rezus manfiy ko`rsatkich holatida ayol qonidagi antitanachalar miqdori yuqoriligi aniqlansa, ularni kamaytirishga doir muolaja bajariladi. Rezus musbatligida antitanachalar paydo bo`lmasa, homiladorlik yuzaga kelish ehtimoli mavjud sanaladi.
Tibbiyotda rezus manfiy ko`rsatkich bilan ham farzand ko`rish holatlari qayd etilgan. Buning uchun antitanachalar miqdorining ortishi nima sababdan yuzaga kelgani va uni kamaytirishga qaratilgan davo choralari ko`riladi. Muolaja yakunlangach, yana bir marotaba tekshiruvdan o`tib, so`ng homiladorlikni rejalashtirish mumkin.