AsosiyShou-biznes

Afzal RAFIQOV: “TELEVIDENIE DUBLYaJI DUBLYaJ EMAS — SINXRON TARJIMA!”

'Afzal RAFIQOV:  “TELEVIDENIE DUBLYaJI DUBLYaJ EMAS — SINXRON TARJIMA!”'ning rasmi

“Iste`dodli aktyor — sahnaning yagona shohi va hukmdori”, degandi teatr rejissyori, aktyor, pedagog Konstantin Stanislavskiy. "Darakchi" gazetasining "Kecha va bugun" loyihasining qahramoni aynan shunday ta`rifga munosib, O`zbekiston xalq artisti Afzal RAFIQOV. Aktyor ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

"Tarbiyam ota-onamga anchayin murakkablik tug`dirgan"

— Bolaligimni maktab vaqtlaridan boshlab, yaxshi xotirlayman. Ko`z oldimda qolgan manzaralarni esa qaysi vaqt ekanini qarindoshlarimdan so`rab bilganman. Hatto, bir yarim yoshligimdagi ayrim damlargacha eslar ekanman. Otam davlat xizmatidagi odam edi, onam uy bekasi bo`lgan. Oilada ikki o`g`il, ikki qizning to`ng`ichiman. Tarbiyam ota-onamga anchayin murakkab­lik tug`dirgan, chunki kasalmand bo`lganman. Onam meni katta qilguncha juda ko`p qiyin­ch­i­lik ko`r­gan. Ov­qat eyol­ma­ga­nim bois “O`­g`lim tuxumni yaxshi ko`radi”, deb uka, singillarimdan bekitib tuxum pishirib berardi. Onam meni oshxonaga olib kirardi-da, “Sen eguningcha, men eshikning tagida qo`riqchilik qilib turaman”, derdi (kuladi). Lekin ukam bilib qolib, “Bu o`g`lingizga tuxum berasiz, menga-chi?” deb xarxasha qilardi. Shu tariqa nihoyatda erkalikda voyaga etganman, lekin taltayib ketganman, deyolmayman. To`ng`ich farzand bo`lganim uchun o`ziga yarasha mas`uliyat, vazifalarim borligini his qilardim. Yoshlik inson xotirasida nihoyatda yorqin, go`zal manzaralar bilan saqlanib qoladi. Noxush voqealar esa vaqt o`tishi bilan sekin-asta xotira “daftari”dan o`chib ketaverarkan...

"Men otarchi emasman!"

— 1-2-sinflarni Bekobod shahridagi rus maktabida o`qiganman. 1957 yili otam­ni qayta Toshkentga ishga o`tkazishganida 34-maktabning rus sinfida o`qishni davom ettirganman. U maktab hozir ham ishlayapti. Tengdoshlarim orasida a`lochi edim. Matematika, fizika, geografiya, tarix, adabiyot, ona tili fanlari jonu dilim edi. Rus tilidan doim ikkinchi o`rinni berishardi. Sababini so`rasam, “Qanday qilib o`zbek yigiti rus tilini besh bahoga bilishi mumkin?”, deyishardi.

5-sinfda o`qib yurgan kezlarim rubob chalishga ishtiyoqmand bo`lganman. Shunda otam qiziqishimga befarq bo`lmay, orzuimni amalga oshirgan. Musiqa maktabidagi ustozlarim qobiliyatimni e`tirof etib, “O`zbekiston Davlat konservatoriyasiga hujjat topshir”, deyishgandi. Lekin san`at bilan muloqotim musiqa maktabini bitirishim bilan tugagan. 8-sinfni tamomlab, uydagilarning tanlovi bilan aviasiya texnikumiga samolyotsozlik mutaxassisligi bo`yicha 4 yil ta`lim olganman. Otam “Bir kasbni boshini tutsa, ishlasa mustaqil bo`ladi”, degan fikrda edi. So`ng mutaxassisligim bo`yicha zavodda ishladim.

Aviasiya texnikumini tamomlash arafasida gazetadagi avvalgi “Toshkent teatr va rassomlik san`ati istitutiga o`qishga kirmoqchi bo`lganlarning hujjatlarini qabul qilamiz”, deb yozilgan e`longa ko`zim tushgan. U erda yo`nalishlar ham yozilgandi, shunda kino va drama aktyori yo`nalishi e`tiborimni tortgan. O`sha kungacha aktyor bo`lib tug`ilish kerak, deb o`ylardim-da. Va aktyorlikka o`qisa bo`lar ekan, deya avvalgi fikrim o`zgargan. Shunda “Aktyor bo`laman!” deya oldimga katta maqsad qo`yganman. Lekin ikki yil hujjat topshirib, tarix faniga kelganda imtihondan o`tolmaganman. Birinchi yili institutga borib, abiturientlarning qo`shiq kuylab yurganini ko`rib, eplolmayman, deya qochib ketgandim. Bunga tortinchoqligim sabab bo`lsa kerak. Ikkinchi yili o`zimning nojo`ya xatti-harakatim oyog`imga bolta bo`lgan. Aniqrog`i, hay`at raisi — institut rektori “Qo`shiq kuylab bering”, deganida beixtiyor “Men otar­chi emasman!”, deb yuborganman. Rektorning jahli chiqib, imtihondan chiqarib yuborgan. O`shanda mahmadonaligim tutgan bo`lsa kerak-da (kuladi). Lekin asosiy fanlarni a`lo bahoga topshirgandim, biroq tarix fanidan o`tolmaganman. Uchinchi yili tarix fani domlasi “O`tgan yili shu fanni topshirolmagandi, bu yil tayyorlanib kelibdi”, deya maqtab, 4 baho qo`yib bergan. Kunduzgi o`qishga 1 ball etmay qolgan, lekin sirtqi bo`limga qabul qilinganman. O`zbekiston xalq artistlari Olmaxon Hayitova, San`at Devonov kursdoshlarim edi. Sirtqi bo`limda o`qib mahoratli aktyor bo`lolmayman-ku, deb teatr­ga ishga kirish haqida o`ylaganman. Shunda otam avvalgi Hamza teatrining direktori Iskandar Musabekovning oldiga olib borib, “O`g`lim aktyor bo`lish uchun harakat qilyapti. Biroq institutning sirtqi bo`limiga qabul qilishdi. “Teatrni ichida bo`lmasam, bu kasbni to`laqonli egallolmayman”, deyapti”, degan. Shu tariqa teatrga sahna ishchisi sifatida ishga qabul qilinganman. Ishga bo`lgan munosabatimni ko`rishgach, rejissyor yordamchisi vazifasiga o`tkazishgan. 1974 yili institutni tamomlaganimda ham aktyor sifatida ishga olishmagan. Shu yili rejissyor Bahodir Yo`ldoshevning “Qaroqchilar” nomli spektaklida o`ynagan rolim sabab, “Teatrda iste`dodli aktyor paydo bo`lyapti”, deb aktyor sifatida ishga qabul qilishgan. Ilk katta ishim — Brest qal`asining so`nggi posboni haqidagi “Ro`yxatlarda yo`q” nomli spektakldagi bosh qahramon leytenant Nikolay Plujnikov roli edi. Mana shu rolimdan so`ng hech kimda aktyor ekanimga shubha qolmagandi. Ketma-ket qiziqarli rollarning keti uzilmadi. Hatto truppa boshlig`i etib ham tayinlashdi. 1987 yilgacha samarali ijod qildik.

"Teatrda yuqumli "kasallik"” tarqalgandi"

— Teatr bu — jonli organizm. Demakki, uning kasallanishi tabiiy. Teatrda yuqumli “kasallik” tarqalgandi. Ba`zi o`rta yosh aktyorlar “Istalgan rolni o`ynash qo`limdan keladi”, degan manmanlikka berilib, izzattalab bo`lib qolgandi. Boisi ijodida siljish bo`lmagan va aybdor izlashga kelganda bosh rejissyor nishonga tushgan. Qisqasi, iste`dodini barcha tan olgan rejissyor Bahodir Yo`ldoshev haqiqiy ijodiy muhitni izlab, 1984 yili hozirgi O`zbek Davlat drama teatriga ishga o`tdi. Aktyor rejissyorga ishonmasa ishlagisi kelmaydi. Shu nuqtai nazardan teatrdagi 50 ta aktyordan 25 tasi O`zbek Davlat drama teatriga ishga o`tgan. Ular orasida men ham bor edim. Mashhur “Kelinlar qo`zg`oloni”ning televideniega yozib qolingan nusxasi ham o`sha teatrda o`ynalgan. Bu teatrda ham yomon ijod qilmadik. Biroq rejissyor Bahodir Yo`ldoshev 2000 yili teatrdan ketgach, 10 yildan keyin O`zbekiston akademik rus drama teatriga borib, shartnoma asosida rol o`ynab yurardim. Ochig`i, Bahodir Yo`ldoshev ustozim, ijodni boshlaganimdan beri birga ishlaganmiz. 9 ta o`z ishining ustasi bo`lgan aktyorni sahnaga chiqarib qo`ying, rejissyorsiz hech nima qilolmaydi. Bejiz, bosh rejissyor, deyilmaydi, aktyorlarni qovushtiradigan shu ijodkor! Afsuski, hozir ko`pgina teatrlarimizda bosh rejissyor yo`q. Iste`dodli rejissyorlar kamyob bo`lib qoldi. Dramaturglar-ku azaldan tanqis edi. Shuning uchun hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatrini “Laboratoriya”, deyishardi. Chunki asarlar sahnada pishardi. “Kelinlar qo`zg`oloni”ning asarini olib o`qisangiz, spektakldagi talqin bilan mutlaqo boshqa. Teatr — jamoaviy ijod. Uzoq yillar Bahodir Yo`ldoshevning yonida yurganimga qaramay, rejissyorlik juda noyob, murakkab kasb bo`lgani bois sira rejissyorlikka qo`l urmadim. Aktyorlikni o`rganish mumkin, lekin rejissyorlikning boshini tutish uchun Allohdan yuqtirilgan bo`lishi kerak. Asarlarni zo`r tahlil qiladigan, biroq sahnadagi aktyorlarni joy-joyiga qo`yishga kelganida no`noqlik qilgan qancha-qancha rejissyorlarni ko`rdim. Ijodiy muhitni yaratish bu rejissyorning vazifasi, busiz spektakl o`xshamaydi. Shu bois boshqa rejissyorga ishonolmayman. Qolaversa, Bahodir Yo`ldoshev ketgach, kunim faqat tadbirlarda qatnashishga qolib ketgandi.

2014 yili O`zbekiston akademik rus drama teatriga ishga o`tganman. Bu men uchun yangi qirrani ochishdek gap edi. Boisi spektakllar rus tilida o`ynaladi. Hali ancha yillar yangi rollar bilan tomoshabinlarni xushnud etish niyatim bor.

"Kinodagi birorta ishim o`zimga yoqmaydi"

— Kinodagi faoliyatimni ommaviy sahnalarda ishtirok etishdan boshlaganman. Rejissyor Zulfiqor Musoqov “Yaratganga shukr” filmiga shifokor rolini ijro etishga taklif qilgan, bu ilk rolim edi. So`ng rejissyor Habibulla Fayzievning “Alpomish”ida Boybo`rini ijro etdim. So`nggi o`ynagan salmoqli rolim bu — rejissyor Ravil Botirovning “Jannat qaydadur?” filmidagi domla. Ochig`ini aytaman, kinodagi birorta ishim o`zimga yoqmaydi. Kinodagi hal qiluvchi omil bu — chehra. Men esa unday chehra sohibi emasman. Balki bu imkoniyatlarimni real baholashdir. Aktyor sifatidagi ham baxtim, ham fojiam — tomoshabin meni o`ynagan rollarim uchun emas, balki ovozimni hurmat qiladi, shu orqali yaxshi ko`radi. Yillar o`tib, Afzal Rafiqovni ovozi orqali eslashsa kerak, degan o`yga tolaman. Har bir aktyorni bitta shohona roli bo`ladi. Meni esa bunday shoh rolim yo`q, uning o`rnini ovozim bosib ketgan. Lekin bu men uchun katta fojia emas.


"Hozirgi hind filmlariga ovoz bergim kelmaydi"

— 1968 yili Kinostudiyaning dublyaj qilinadigan xonasida kinomexanik bo`lib ishlaganman. Ovozlashtirish uchun tasmani qo`yib berardim, o`z davrining etuk ijodkorlari Razzoq Hamroev, Hamza Umarov, To`lqin Tojiev, Yoqub Ahmedov rollarga ovoz berishardi. O`shanda shu sohaga ishqim tushgan. Kunlarning birida yarim tunda “Mayor Vixr”(“Mayor Bo`ron”) nomli filmni ustoz san`atkor Hamza Umarov dublyaj qilayotgandi. Kutilmaganda leytenant roli chiqib qoldi. Yarim tunda aktyor topib bo`lmaydi. Rejissyor Eson aka “Menga qara, o`zbekcha gapira olasanmi? Tasvirga qarab, “Xo`p bo`ladi, janob polkovnik”, desang bo`ldi”, deb qoldi. Bitta urinishda o`xshatdim. Shunda Hamza aka “Yomonsan-ku, bittada o`xshatding”, deb mushkulini oson qilganimdan sevingandi. Teatrda ishlab yurganimda ustozlarga “Meni ham dublyajga olib boringlar”, deganman. Va ularning ko`magi bilan shu sohani ham egalladim. Sira “Ovozim zo`r”, degan xayolga bormagan ekanman. Aslida birinchi bo`lib ovozimni payqagan O`zbekiston xalq artisti Oydin Norboeva bo`lgan. “Ko`k eshik ortidagi ayol” spektaklida eshik ortida xotinini uradigan erkakning so`zlarini menga ayttirishardi. Shunda Oydin opa “Afzal, ovozing juda jozibador!” degandi.

Avvalgi sof dublyajda ekrandagi qahramonga qolipdek tushadigan ovoz qidirilardi. 1990 yili bu dublyaj inqirozga uchradi va bu soha televidenie­ga ko`chdi. O`shanda Oybarchin Bakirova, Hojiakbar Nurmatov, Rimma Ahmedova va meni dublyajga taklif qilishgan. Va to`rt kishi “Maxabxorat” nomli hind serialiga ovoz bergandik. “Televideniedagi dublyajda ishlayman”, deganlarga “Sohir ovoz sohibi Bahodir Muhammedov o`shanda dublyajga nega to`rt kishini tanlab olgan?” degan savolning javobini topsanglar ishlayveringlar, deyman. Javobini hech kim topolmadi. Bu savolning javobi juda oddiy, televidenie dublyaji dublyaj emas! Bu kadr ortidan sinxron tarjima, u erda aktyorning oldida turadigan vazifa mutlaqo boshqa. Shuning uchun bitta filmdagi barcha erkak yo ayol qahramonlarga ovozi tushadigan, tomoshabinning jig`iga tegmaydigan, “neytral”, universal maxsus ovoz kerak. Yuqorida sanalgan 4 ta aktyorning ovozi shunday edi. Ishonsangiz, mashhur “Morena Klara” serialiga Dilbar Ismoilova ikkalamizgina ovoz berganmiz. Bu serial tomoshabinga manzur kelgan. Dublyajda faol ishlay olish uchun albatta aktyor bo`lish shart! Roldan-rolga o`tishda malakasiz ish bitmaydi.

Rosti, hozirgi hind filmlarini ko`rolmayman, ularga ovoz bergim ham kelmaydi, mazmunan sayoz-da. Ochig`i, ularni ovozlashtirishga mablag` zarurligi majbur qiladi...

"Muxlislarning bu qiziqishini ochiq qoldiraman..."

— Aktyorning shaxsiy hayoti tomoshabin uchun sir bo`lishi kerak. Bu aktyor sifatidagi obro`mni ta`minlaydi. Chunki muxlis doim shaxsiy hududga qiziqadi-da, bu talabni ochiq qoldirish lozim (kuladi).


Lekin umumiy tarzda ayta oladiganim, 1970 yili ota-onamning tanlovi bilan uzoq qarindoshimga uylanganman. Shukr, Shohida bilan mazmunli hayot kechirdik. Uch o`g`il: Ahror, Sardor, Sarvarning ota-onasimiz, uchovini oilali qildik, hozirda 10 nabiraning buva-buvisimiz. Farzandlarim mening yo`limni tanlashmadi.


Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV

    Boshqa yangiliklar