O`zbekiston va Rossiya harbiy xizmatchilari hamkorligida o`tkazilayotgan maxsus taktik o`quv mashqlari doirasidagi tadbirlar bugun ham qizg`in kechdi.
Ikki davlat tog` o`qchi bo`linmalari komandirlari ko`zda tutilgan maqsad va vazifalarni ado etish uchun belgilangan hududni o`rganish, eng maqbul taktik harakat usullarini rejalashtirish, qaror qabul qilish, qo`llaniladigan qurol-yarog` va harbiy texnika vositalarini tayyorlash masalalarini muhokama qildilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston tomonidan mayor Muhammad Xoldorov, Rossiya tomonidan kapitan Nurali Shaxmanov komandirligida shartli noqonuniy qurollangan kuchlar joylashgan hududda razvedka ishlarini olib borish, ularning moddiy ta`minot, qurol-yarog` va harbiy texnikalariga shikast etkazish va yo`q qilish, garovga olinganlarni ozod qilish hamda buzg`unchi kuchlarni batamom yakson qilish bo`yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Bu vaqtda ikki mamlakat tog` o`qchi bo`linmalari harbiy xizmatchilari o`rtasida o`tochar qurollardan otish, tog` to`siqlari yo`lagidan o`tish, qurol-aslaha va tegishli anjomlar bilan uzoq masofaga marsh yugurish kabi yo`nalishlarda do`stona musobaqalar o`tkazildi. Kapitan G`iyos Jamolov hamda katta leytenant Sergey Baromko komandirligidagi bo`linmalar shaxsiy tarkibi o`rtasida kechgan 5 kilometr masofaga marsh yugurish, murakkab tog` to`siqlari yo`lagidan o`tish musobaqasi ayniqsa, yodda qolarli lahzalarga boy bo`ldi.