5 oktyabr kuni Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining sobiq talabasi, marhum Jasurbek Ibrohimov o`limi yuzasidan navbatdagi sud eshituvi bo`lib o`tdi.
Sud majlisi avvalida sudga raislik qiluvchi jurnalistlarda mazkur sud ishida qatnashayotgan guvohlarning ko`rsatmalarini so`zma-so`z taqdim etmaslik maqsadga muvofiqligini, bu sud ishigi ta`sir qilishi mumkinligini ta`kidlab o`tdi.
5 oktyabr kungi sud eshituvida navbatdagi guvohlar kollejning sobiq o`quvchisi Hayitboev Hurmat hamda 3-kurs talabasi Po`latov Muhammad (O`lmas)larning ko`rsatmalari tinglandi.
Sud ishiga ta`sir ko`rsatmaslik maqsadida guvohlarning to`liq ko`rsatmalarini taqdim etmaslikni joiz topdik.
Hayitboev Hurmatning ko`rsatmasidan:
145-maktab tomonga ketar ekanmiz, yo`l bo`yi ularni bu ishdan qaytarmoqchi bo`ldik. Garajlar orqasiga borganimizda ular bir-biriga yopishib ketdi... Bularning hammasi bir onda sodir bo`ldi, biz tushunmay qoldik. Qanday bo`lganini bilmaymanu, Jasur yiqildi uning ustiga Islom orqasi bilan yiqilib tushdi. Keyin yugurib borib Islomni itarib yubordim va Jasurni turgazdim... Jasur Islom tomonga yugurib bordi. Islom oyog`ini ko`tardi Jasur uning oyog`iga qoqilib ketdi. Hammamiz aralashib ajratishga harakat qildik. Men Jasurni qutardim. Jasur “Aka hammasi joyida, uyga borib yotaman” dedi... U doim hojatxonaga borgisi kelayotganini aytdi... Ular menga ikkisi ham bir, faqat Jasurni maktab vaqtidan beri bilaman. Jasurni qornida hech qanday iz ko`rmadim...
Po`latov Muhammadjon 18 yoshga to`lmaganligi bois uning qonuniy vakili sifatida onasi qatnashdi.
Po`latov Muhammadjon(O`lmas)ning ko`rsatmasidan:
“3 may kuni men darsga kech qoldim... Yo`lakdan Islom bilan Begzod o`tib ketayoganligini ko`rdim. Islomning yuzida qizarish va shishish borligini ko`rdim. Uning orqasidan bordim, u hayajonda yuziga Jasur urganligini va gaplashib olishga chaqirayotganligini aytdi. Jasur Islomni ko`rib, u tomonga yurib kelganini ko`rdim, u erda bo`lganlardan kimdir uni to`xtatib qoldi. 145-maktabga ketayotganda yo`l davomida Jasurni bir necha bor ko`ndirdik. Jasurning yoniga borib, nima bulgani haqida so`radim. Jasur bir kun oldin Dilshod bilan suhbatiga aralashib , kasal deb aytganligini, bu esa uning nafsoniyatiga tekkanini aytdi. Keyin gapini oxiriga etkazmay, oldinga yurib ketdi. Garajlar orasiga kirib borib, ular elektropodstansiya orqasiga o`tdi Jasur Islomning yuziga qo`li bilan zarba berdi. Islomdan qandaydir tovush chiqdi, qarasam ular erga yiqilayotgandi. Jasur Islomni bo`g`ayotganini ko`rdim va ularni ajratmoqchi bo`ldim. Bayzitov Temur meni ushlab qoldi. 3-kursdagi Hurmat Jasur bilan Islomni turgazdi. Islom ustini qoqib ketishni boshladi. Jasur unga qarab yugurdi, Islom buni ko`rib qo`l va oyogini ko`tarib o`zini himoya qildi.
Guvoh Po`latovga, Islom ketayotganida kim u tomonga baqirib Jasur yugurayotgani haqida ogohlantirdi degan savolga O`lmas darhol javob bera olmadi. Sud zalidan sudlanuvchining onasi unga O`lmasning o`zi baqirganini past ovozda “yordam” qilib aytdi. Sababi sudlanuvchi o`z ko`rsatmasida aynan O`lmas uni ogohlantirgani haqida ma`lum qilgandi. Sudya mazkur holat yuzasidan ayblanuvchining onasiga ogohlantirish berdi (tah.).
So`ng O`lmas, o`zini nima deganini eslolmasligini, lekin o`zi Islomni ogohlantirganini aytdi.
Sud davomida barchaning nima sababda ushbu holatga aralashganliklari so`ralganida, guvohlarning barchalari ushbu janjalni oldini olish maqsadlari bo`lganligini ta`kidlab turishdi.
5 oktyabr kungi sud majlisidan e`tiboran sudlanuvchi To`laganovga yana bir advokat qo`shildi.
Eslatib o`tamiz, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o`tkazilgan tergov natijalariga ko`ra, To`laganov I. O`zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`lgan qasddan badanga og`ir shikast etkazish) alomatlarini sodir etganlikda ayblanmoqda.
Navbatdagi sud majlisi 6 oktyabr kuni bo`lib o`tadi.