"Darakchi" gazetasining "Kino" loyihasi qahramonlari bolalikdan san`at sohasida tahsil olib, suratga olish maydonchalarida tajriba orttirishmagan. Ular shunchaki kerakli vaqtda kerakli joyda bo`lishgan, xolos...
Merilin Monro harbiy zavodda oddiy xodim bo`lib ishlagan. Uning ishchi sifatidagi surati jurnalda chop etiladi. Aynan ushbu rasm san`at vakillarining e`tiborini tortadi va samolyot qurilmalari bilan ishlovchi ishchining butun dunyoga tanilishiga sabab bo`ladi.
Ctiven Sigal aykido murabbiysi bo`lgan. Shogirdlaridan biri san`at vakillaridan edi. Kunlarning birida o`zini suratga olish maydonchasida sinab ko`rishni taklif etadi. Natijaga esa izoh shart emas.
O`n bir yoshli Natali Portman raqs darsidan so`ng pissaxonada o`tirganida uni fotosessiyada ishtirok etishga taklif qilishgan. Shu-shu Portman san`at olamida.
Bryus Uillis duduqlangani bois doim uning jig`iga tegishgan. Shunda bolakay “Yo omadsiz bo`lib qolaman yoki bunga chek qo`yaman”, deya o`z oldiga maqsad qo`yadi. Va maktabdagi teatr to`garagiga a`zo bo`ladi.
Mashina keta turib, yo`ldan adashgan havaskor musiqachi Uill Smit bir yo`lovchidan yordam so`raydi. U esa film ishlab chiqaruvchi eng yirik tashkilot “Warner Brothers Production”ning vise-prezidenti edi.
Kinostudiyada eshik almashtirayotgan duradgor Xarrison Fordni amerikalik kinorejissyor payqab qoladi.
Bolaligidan “Umid yulduzlari” festivalida qatnashib yurgan Munisa Rizaevani 2008 yil rejissyor Durdona To`laganova kinoga taklif qiladi. O`shanda u ilk bor rejissyor Yodgor Nosirovning “Hijron” filmida rol ijro etgan va tomoshabinlar nazariga tushgan.
O`zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili filologiyasi yo`nalishini tamomlagan Oydin Yusupova kino olamiga 17 yoshida rejissyor Rustam Sa`dievning “Ko`zlaring ma`yus” filmi orqali kirib kelgan. Bir fotografda Oydinning rasmini ko`rib qolgan ijodkorlar, “Rolga mos kelar ekan”, deya filmga taklif qilishgan. Aktrisa bo`lish baxti 800ga yaqin qizlarning orasida aynan Oydinga nasib etgan.
Tabiatan tortinchoq bo`lgan Shahzoda Matchonova omma e`tiboridagi kasb egasi bo`lishni niyat qilmagan. Shu bois Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o`qishga kirgan. Kunlarning birida “O`zbekfilm” rejissyori e`tiboriga tushib, fotosinovga taklif qilinadi. Va ota-onasi hamrohligida fotosinovga boradi. Biroq tashqi ko`rinishi rolga mos kelmagani uchun qayta chaqirishmaydi. Oradan ikki yil o`tib, rejissyor Zebo Navro`zova arxivda qolgan rasmlar orasidan aynan Shahzodaga e`tibor qaratadi. Va “Aprel-May” filmi Shahzodaning ilk debyut filmi bo`lgan.
“Men kinoni emas, aksincha kino meni tanladi”, degan fikrda bo`lgan Farrux Soipov aslida bolalikdan “Bulbulcha” bolalar xoriga qatnagan, yakkaxon sifatida konsertlarda ishtirok etgan. O`tish davrida ovoz o`zgargani bois, kuylashni tashlab qo`ygan. Rejissyor Rustam Sa`dievning aytishicha, u Farruxga pedagog Minavvara Abdullaevadan dars olishi kerakligini aytadi. Natijani esa uni “Kelgindi kuyov” filmida ko`rgansiz.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi