AsosiyShou-biznes

Tal`at SAYFITDINOV: "20 yoshgacha tug`ilgan kunimni nishonlamaganman"

'Tal`at SAYFITDINOV: "20 yoshgacha  tug`ilgan kunimni  nishonlamaganman"'ning rasmi

"Darakchi" gazetasining "Kecha va bugun" loyihasi qahramoni ustozi singari doira dovrug`ini dunyoga tanitgan, o`ta kamtarin, samimiy inson — O`zbekiston xalq artisti Tal`at SAYFITDINOV. 70 yoshli yubileyini nishonlash arafasida turgan ustoz san`atkor ortga nazar tashlab, quvonch va tashvishlarga boy hayot yo`lini yodga oldi...


"TIRIKChILIKNING AYBI YO`Q"

— 1946 yilning 11 oktyabrida Samarqand shahrining qoq markazida — Registon yonidagi Qozi Abdurasul mahallasida ziyoli oilada dunyoga kelganman. Otam Sayfitdin Tursunov 48 yil maktab direktori bo`lib ishlaganlar. Onam Lubatoy Tursunova tarix o`qituvchisi edilar. Oilada to`qqiz farzanddan uchtamiz hayot qolganmiz. Uch o`g`il, uch qizdan so`ng tug`ilgan opam va akamga “Umri uzoq bo`lsin”, deya Tursunpo`lat va O`lmas, deb ism qo`yishgan, men esa kenjatoyman.

Onam ko`p kasal bo`lgani bois u kishini ayash maqsadida hech bir ishga qo`l urdirmasdim. Otam non yo biror egulik olib kelishni tayinlasalar, nima bo`lishidan qat`i nazar doiradek chalib kelardim. Qiziqishim sabab, otam­dan doira olib berishni so`rasam, “Oilamizdan san`atkor chiqqan emas. Bizga o`xshab o`qituvchi bo`ling!” degan javobni olganman. Ota-onamga “Falon narsa olib berasiz”, deb talab qo`yib, injiqlik qilgan emasmiz. Ro`zg`orga foydam tegsin, degan maqsadda qovun-tarvuz va muzdan muzqaymoq tayyorlab sotardim. Mahalladagilar “Domla, o`g`lingiz tinib-tinchimas-da, aniq katta odam bo`ladi!” deyishardi. Oradan to`rt yil o`tib, opam uyga mehmonga kelganida otam doira olib bermayotganini aytsam, ikkita doira sovg`a qilgan. Shu bois opamni birinchi ustozim, deyman.

Yodimda, mahallamizda birgina qo`shnimizda televizor bo`lardi. 1957 yilda esa otam uyga televizor olib kelgan. Shunda san`at ustalarining konserti berilganida O`zbekiston xalq artisti Qahramon Dadaevning doira chalishiga maftun bo`lganman. O`shanda shu inson bilan uchrashishni niyat qilgandim.

BAXTLI TASODIFNING BAXTLI YaKUNI

— 38-maktabda a`lo baholarga o`qiganman. Boshlang`ich sinfligimda sinfdoshlar bilan portfelimizni katta daraxtning ustiga otardik-da, cho`milishga borardik. Dars tugash vaqtiga mo`ljallab, xuddi maktabdan kelayotgandek uyga kirib borardim. O`qituvchilar bu haqda otamga aytganidan keyin bu “hunar”larimni tashlab, yana o`qishga berilganman.

1960 yil 7-sinfni tamomlaganimda otamning o`zi Samarqand musiqa bilim yurtiga olib borganlar. Taqdirni qarang, shu yili “Bahor” davlat raqs ansambli Samarqandga gas­trolga kelgan. Konsert tugagach, beixtiyor sahnaga yugurib chiqqanimni bilaman, qo`lida elpig`ich tutgan Mukarrama Turg`unboeva “Bolajonim, qaerga ketyapsiz?” dedilar. Shunda “Sizni tanidim, Mukarrama Turg`unboevasiz”, desam “To`g`ri! O`zingiz kim bo`lasiz? Kimni izlayapsiz?” dedilar. Shunda Qahramon Dadaevni bir bor ko`rish istagim borligini aytdim. Qo`limdan tutib, grimxonaga olib kirdilar-da “Qahramon, Samarqandda ukang bor ekan”, dedilar. Avvaliga “Toshkentlik bo`lsam, Samarqandda qanday ukam bo`lsin?” deb turgan Qahramon aka meni ko`rgach, “Ie, xuddi o`zimga o`xshar ekan-ku! Keling, ukajonim! Doira chalasizmi?” dedilar-da, doirasini qo`limga tutqazdilar. Qochirimlar bilan doira chalsam, Mukarrama opa “Qahramon, xuddi o`zing-ku, “Bahor”ga olib ketamiz!” dedilar. Ayni damda musiqa bilim yurtida o`qiyotganim, tamomlagach, otam baribir Toshkentga ketishimga ko`nmasliklarini aytdim.

Shunda Mukarrama opa “Ertaga soat 12.00da bizni mehmonxonadan olib ketishga kelasiz, uyingizga mehmonga boramiz”, deb qoldilar. Ishonqiramay, “Rost aytyapsizmi?” degandim (kuladi). Uyga borib, ota-onamga ertaga Mukarrama Turg`unboeva bilan Qahramon Dadaev­ning uyimizga mehmonga kelishlarini aytsam, “Isitmang yo`qmi?” deb kulishdi. Bo`lgan voqeani aytib berganimdan so`ng otam onamga “Osh qilasizda unda”, dedilar. Bu xabar mahallaga shamol tezligida tarqalgan. Ertasiga aytilgan vaqtda mehmonxonaga borsam, “Bahor” ansamb­lidagilar avtobusda o`tirishibdi. “Chuv tushdim, konsertga ketishyapti, shekilli”, degan xayolda Mukarrama opaning oldiga borib qaerga ketishayotganini so`rasam, “Sizni kutib turgandik”, dedilar. Qisqasi, 50 kishini uyga olib keldim, palovxo`rlikdan keyin bir soatga yaqin konsert qo`yishdi. Mahalladagilar hatto tomga chiqib tomosha qilishgan.

Ketishayotganida Mukarram opa otamga “Domla, o`g`lingiz sahnabop, doirani yaxshi chalar ekan. Nasib bo`lsa, O`zbekistonning dovrug`ini butun dunyoga taratadi”, deganlarida otam rad etmadilar. Biroq “Toshkentda qarindoshimiz bo`lmasa, uy-joydan qiynalmaydimi?” deb so`radilar. Mukarram opa “Xavotir olmang, o`zimiz ham ota, ham ona bo`lamiz”, degandilar.

"BOShPANASIZ YuRGAN KUNLARIM HAM BO`LGAN"

— 1964 yil ota-onamning duosini olib, poytaxtga borganman. Ansamblda samarqandlik bir san`atkor ishlardi, shu kishinikida uch kun turgandim, “Shu erda yashashga o`rganib qolmasin”, deyishgan shekilli to`rtinchi kuni borsam, eshik ochishmagan (ko`ziga yosh oldi). Nima qilishni bilmay, goh aeroport, goh vokzalga borib tunardim. Filarmoniyaning oldidagi hammom xodimalariga xizmat haqqini berib, kiyimlarimni yuvdirib, dazmollatardim. Tonggi 10.00dan ish boshlanardi, kechki payt bo`shardik. Yarim tungacha Toshkentni aylanib, so`ng yana odatdagidek aeroport yo vokzalga tunashga borardim. Ma`lum vaqt befarzand bir ayolning uyida ham yashaganman. Mukarrama opa “Qaerda yashayapsan? Kamchiliging yo`qmi?” deb so`rasalar, “Do`stlarimnikida yashayapman, xavotir olmang”, deya qiynalganimni sezdirmasdim. Ota-onam “Sabrning tagi rahmon!” deb o`rgatishgandi-da.

Ustoz “Falon kuni uch oyga gastrolga ketamiz”, desalar mendan baxtli odam bo`lmasdi. Chunki boshpana, egulik degandek shart-sharoit bo`lardi-da. Yilning 7-8 oyi gas­trollarda o`tardi. Sira yodimdan chiqmaydi, Xorazmda gas­trolda yurganimizda, kutilmaganda ansambl­dagilar sovg`alar berib, “Tab­riklaymiz!” deyishsa deng. Nima bo`layotganini anglamay, hayron bo`lib tursam, “Tug`ilgan kuning bilan tabrik­laymiz!” deyishgan. O`sha kungacha biror marta tug`ilgan kunni nishonlash nimaligini bilmagan ekanman. Soddalikni qarang, “20 yoshga to`lganda shunaqa tabriklanarkan-da”, deb o`ylaganman (kuladi).

1967 yilda Mukarrama opaning sa`y-harakati bilan Oloy bozori yonidan ikki xonali kvartiraga ega bo`lganman.

"PEDAGOGLIKKA TAKLIF QILIShGAN"

— 1969 yil Mukarrama opaga O`zbekiston Davlat konservatoriyasida o`qish niyatim borligini aytganimda xursand bo`lgan. Tajribalarimni nazariy bilimlar bilan boyitganman. U erda Xayrulla Lutfullaev bilan tanishib qolganmiz. Tavsiyam bilan “Bahor” ansamblida ish boshlagan. 1964-1992 yillar mobaynida “Bahor” davlat raqs ansambli tarkibida dunyoning 110 ta davlatida ijodiy safarda bo`lganmiz. Keyin­chalik Xayrulla bilan hamkorlikda ishlagandik.

1995 yil “Bahor” davlat raqs ansamblidan nafaqaga chiqdim. O`zbekiston Davlat Konsertvatoriyasi va O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida dars berishga taklif qilishdi. Nafaqaga chiqsam, rafiqam bilan dam olish, qarindosh-urug`ga vaqt ajrataman, deb ahd qilgandim. Shu bois takliflarni rad etganman. Lekin O`zbekiston Davlat Konservatoriyasida dars beradigan shogirdlarim haftada ikki marta mahorat darsi uchun taklif qilib turishadi. Ustoz-shogirdlik an`anasi saqlanib qolgani bois doirachilar juda ahilmiz.

"OILA QURIShIM HAM BAXTLI TASODIF"

— Hayotim baxtli tasodiflarga limmo-lim. Ulardan yana biri — Mukarrama opaning ota-onam bilan maslahat qilib, boshimni ikkita qilgani. Kunlarning birida “Tal`at, o`g`limdeksan, jiyanim bor”, deb qolganlar. U kishini onamdek ko`rganim bois “Siz nima desangiz shu”, deganman. Keyin bilsam, Gulzora menga ko`ngil qo`ygan ekan,

“Bahor”da birga ishlardik-da. 1964 yilda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Gulzora bilan oila qurganmiz. Kuyov navkar Mukarrama opanikida yig`ilib, so`ng kelinning uyiga borganmiz, to`y ham ularnikida bo`lgan. Bazm tugagach, kelin-kuyov ikki xonali uyimizga yo`l olganmiz. Qaynota-qaynonamning yolg`iz kuyovi bo`lganim uchun o`g`ildek ko`rishardi. Ikki farzandimizni ham katta qilib berishgan. Sabr ortidan ikki xonali kvartira besh xonaga almashtirildi. 1995 yilda hovli-joy qildik. Shukr, baxtli hayot kechirmoqdamiz, qizimiz Asal va o`g`limiz Davlat — oliy ma`lumotli sharqshunos. 6 nabiraning buva-buvisimiz. Shukr, ularning ham to`ylarini ko`rish nasib qilyapti.

Mukarrama Turg`unboevaning mehri sabab doira ustasi va Qahramon Dadaevning shogirdi bo`lib tanildim, omadli ijodkor, baxtli oila boshlig`iman.


Bilasizmi?

● 1981 yil O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoniga sazovor bo`lgan.

● 1992 yil O`zbekiston xalq artisti unvoni sohibi bo`lgan.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Alisher XOLXO`JAEV

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar