6 oktyabr kuni Toshkent shahar Mirobod tuman Jinoyat ishlari bo`yicha sudda P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji talabasi Jasurbek Ibrohimovning o`limi yuzasidan navbatdagi sud majlisi bo`lib o`tdi.
Unda 2-son shahar bolalar jarrohlik klinik shifoxonasi bosh shifokorning davolash ishlari bo`yicha muovini Xasanov Farxod guvoh tariqasida so`roq qilindi.
Shifokorning ko`rsatmasidan:
“2017 yil 3 may kuni tunggi navbatchilikda edim, soat 22:30 larda travmatologiya qabul bo`limiga og`ir kelgan bemorni ko`rish uchun chaqirishdi. Bu vaqtda bemorni rentgentga tushirishayotgan ekan. Bemorni ko`rdim ahvoli juda og`ir edi. Uni to`g`ridan-to`g`ri Jonlantirish bo`limiga yotqizishni tavsiya qildim. Undan barcha bioximik tahlillar olishga kirishildi. Bemorda shok holati, holsiz, savollarga aniq javob bermasdan, qorindagi og`riqlar kuchli edi, rangi oqarib ketgan. Keyin shokka qarshi davo muolajalarini boshladik.
Ibrohimovga quyidagi tashhislar qo`yilgan: tanadagi og`ir qo`shma jarohat, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, tanasidagi ko`plab teri osti gematomalari va qon talashlar, ko`krak qafasi va qorin bo`shlig`i a`zolarining lat eyishi.
"Bola o`ziga kelganida og`ir holating nima bilan bog`liqligini so`radim, u “beton ariqqa yiqilib tushdim” deya javob berdi. Men unga holati yiqilib tushgannikimas deganimda, u yana shu gapni qaytardi va bu haqda tilxat ham yozib berishini aytdi. U onasiga ham huddi shu ma`lumotni berdi. Davo choralaridan keyin, 1 soat davomida analiz tahlillarini oldik, unda oshqozon osti bezining ezilishiga xos javob chiqdi, boshqa tahlil natijalari me`yorda chiqdi. Bemorga antibakterial, infuzion dezintaksikasion muolajalar o`tkazildi. Bola birinchi tushgan 7-shahar klinik shifoxonasida ko`krak qafasi va qorin bo`shlig`ining rentgeni qilingan, unda patologik o`zgarishlar, yorilgan joylar yo`q degan xulosa berilgan. UTTda ham qorin bo`shligi a`zolari tekshirilgan va patologik o`zgarishlar aniqlanmagan. Biz shifoxonada tekshiruvlarni qayta amalga oshirganimizda ichki azolarida lat eyish belgilarini ko`rdik. Muolajalardan so`ng bolaning ahvoli dinamikada biroz yaxshilandi, shok holatidan chiqarildi. Bola 4 may kuni MSKTga olib borildi, olingan xulosalarida ichki a`zolarning ezilishi va o`ng buyrakda lat eyish belgilari borligini aniqlandi. Keyin bemorning buyrak faoliyatini aniqroq tekshirish uchun ekskretor urogramma degan tekshiruv amalga oshirildi. Konsiliumda, konservativ muolajalarni va dinamik kuzatuvlarni davom ettirishga kelishildi. Dinamikada bolaning qornida og`riq kuchaygani sabab qo`shimcha lateropozisiya tekshiruvi o`tkazildi va qorinbushlig`i kovak a`zolarida patologik o`zgarish, ya`ni havo borligi aniqlandi. Bu esa Perritonitga olib keladi. O`sha kungi navbatchi jarroh Putovchenko Evgeniy tekshiruv natijasiga ko`ra, bolaga jarrohlik amaliyotini amalga oshirishga qaror qildi. Operasiyada bolaning 12 barmoqli ichagi yorilishi holati borligi aniqlandi. Amaliyotga nazar solsak, bu a`zolardagi operasiyalar juda og`ir hisoblanadi. Sababi o`sha joyga qo`yilgan chok jigar bezidan chiqayotgan o`t va oshqozon osti bezidan chiqayotgan ferment ta`sirida erib ketishi mumkin."
3 may kuni ko`rikdan o`tkazilganda quyidagilar aniqlangan: Sochidan peshona sohasiga o`tadigan joyida ko`karishlar, teri osti gematomalari, yuzida, bo`ynida, ko`krak qafasining oldingi tomonlarida, qornining oldi tomonida tuflining iziga o`xshagan izlar, terida qizarishlar, oyoq-qo`llarida shilinishlar.
Shifokor ko`rsatmasidan:
"...Qo`rqadigan narsamiz bor edi. Har qanday ichki a`zoda tikiladigan choklar beshinchi kunga borib ochilish ehtimoli bo`ladi. 5-kuni hammasi hal bo`ladi. Ming afsus, o`sha asorat kuzatildi. Etuk mutaxassislar tekshirishdi va maslahatlashildi. Bolani qayta tekshiruv paytida yana o`sha joyning ochilib ketishi hisobiga qorinda havo bo`shlig`i borligi aniqlandi. Shundan keyin yana birga operasiya qilishgan, jarohatni ochib bir-biriga yopishmagan ichak yana qayta tikilgan. Malakali professorlarning urinishi yana zoe ketdi, 5-kuni yana o`sha holat kuzatildi. 18 may kuni Jasurbekning ota-onasi o`z hohishlariga ko`ra, imkoniyati keng sanalgan Respublika shoshilinch tez yordam Markaziga olib o`tishdi. Bola o`zining yoshiga nisbatan yaxshi rivojlangan, fizik kuch-quvvati yaxshi, jismonan sog`lom va baquvvat, bo`yi-basti sportchilarga xos bola edi. Shuning uchun men bu bola bittama bitta urushsa bu holga kelmagan bo`lardi, o`zini hafa qilib qo`yadigan bola bittaga-bitta urushsa o`zini hech bo`lmasa olib qochib himoya qilishga qodir bola degan gumon qildim. Ichki organlarni joylashuvchiga kura, Jasur olgan jarohatni etkazish uchun juda kuchli zarba bo`lishi kerak, chunki lat egan organlar juda chuqur joylashgan va old tomondan kuchli himoyalangan. Bu jarohatni olish uchun siqilib umumrtqaga ezilishi kerak."
Abdullaeva Mopizat, 2-son shahar bolalar jarrohlik klinik shifoxonasida reanimasiya bulimi mudiri ko`rsatmasidan:
"Men asosan kunduz kuni faoliyat yuritganim sababli Jasurbekni 4 maydan qabul qildim. Bola kelib tushganidan boshlab, judayam tajribali shifokorlar va jarrohlar kuzatuvi ostida bo`ldi deb ayta olaman. Undan nima bo`ldi deb so`raganimda, qornim og`rib, uyga yugurdim va yiqilib tushdim dedi. Biroq og`riklari jarohatlari bunga mos kelmasdi. Og`rig`i juda kuchli edi. Jasurbek ohirigacha yiqilgani sababli shunday bo`lganini ta`kidlab turaverdi. Mashina urdimi deb o`yladik, to`g`risini ayt desak, yiqildim deb turaverdi. Bizga hech qanday voqea aytib bermadi. Ikki operasiyadan so`ng ham o`g`il bolaman, deb inkor etib turaverdi. Jasurbek judayam matonatli va kuchli bola edi... ...12 barmoq ichakni yorilishi, qorin parda ortiq qismi bor, unda peritonik belgilar namoyon bo`lishi qiyin. Agar qorin bo`shlig`ida yorilish bo`lsa darrov bilinadi. Diagnostikasi qiyin peritonit belgilar darrov namoyon bo`lmagan... ...12 barmoqdagi ichak muammolar bolalarda kuzatilmaydigan holat, bunday tashxisda bolani 60 foizgacha saqlab qolishning imkoni yo`q ekan."