O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Rossiya Federasiyasining Sochi shahriga jo`nab ketdi.
Avval xabar qilinganidek, majlisda MDHga a`zo mamlakatlar davlat rahbarlari ko`p qirrali hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishi, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi masalalar yuzasidan fikr almashishi, 2018 yilda Hamdo`stlikka raislik qiladigan davlat masalasini ko`rib chiqishi kutilmoqda.
Sammit yakunida MDHga a`zo mamlakatlar davlat rahbarlarining Oila instituti va an`anaviy oilaviy qadriyatlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha bayonoti, 2019 yilni Kitob yili, 2020 yilni 1941-1945 yillardagi ulug` Vatan urushida qozonilgan g`alabaning 75 yilligi yili, deb e`lon qilish haqida qaror, shuningdek, Hamdo`stlik mamlakatlari o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan boshqa hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz Sochi shahrida ikki tomonlama qator uchrashuvlar ham o`tkazishi ko`zda tutilgan.