O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi Chiqindilar bilan bog`liq ishlarni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Toshkent shahar hududiy inspeksiyasi xodimlari tomonidan Shayxontohur tumanida tezkor tadbir o`tkazildi.
Xususan, tumanning “Chaqar” mahalla fuqarolar yig`ini hududida, Beshyog`och va Yalonkor berk ko`chalari yonida, kollektor suvlari oqib o`tuvchi ariq bo`ylarida aholi tomonidan tashlangan shox-shabba va maishiy chiqindilar uyumi aniqlandi.
“Chaqar” MFY qarashli hududda jami 2 ta noqonuniy chiqindixona bartaraf etildi. Bunda 3 ta maxsus texnika, 12 ta ishchi kuchidan foydalanilib, qariyb 9 tonna chiqindi olib chiqib ketildi. Kollektor suvlari oqib o`tuvchi ariqning qirg`oq bo`ylari chiqindilardan batamom tozalandi, bu haqda Davlat ekologiya qo`mitasi Axborot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, yuqorida ko`rsatilgan manzilda “Shayxontohur-Maxsustrans” korxonasi tomonidan o`rnatilgan yakka tartibdagi konteynerlar hududdagi aholining noroziliklariga sabab bo`layotgani ma`lum bo`ldi. Ushbu holat yuzasidan Beshyog`och va Yalonkor berk ko`chalarida yashovchi aholi hamda “Chaqar” MFY faollari bilan yig`ilish o`tkazildi.
Bugungi kun talabi aholining ekologik madaniyatini oshirish, ayni chog`da, suv havzalarini sanoat chiqindilari bilan ifloslantirayotgan, atmosferaga zararli moddalar chiqarayotgan zavod-fabrikalar, tijorat tashkilotlari, xususiy korxonalar rahbarlari mas`uliyatini oshirishdan iborat. Bu ish bilan nafaqat tabiat muhofazasi sohasida ishlayotgan mutaxassislar, xodimlar, balki jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, ayniqsa, yoshlar faol shug`ullanishlari lozim. Ayniqsa, farzandlarimizga tabiatni asrash lozimligini qancha erta tushuntirsak, shuncha yaxshi. Oilalarda ulg`ayayotgan har bir yigit-qiz tabiat bu – bizning umumiy uyimiz, ertangi kelajagimiz ekanini anglamog`i darkor.






