1

ShAHRISABZDAN ChIQQAN HIND ShOIRI

Moziydan sado 12.10.2017, 15:24
ShAHRISABZDAN ChIQQAN HIND ShOIRI

Adabiyot tarixida yirik besh dostondan iborat “Xamsa” yozish nasib etgan to`rt shoirdan biri, hind-fors adabiyotining buyuk vakili Xusrav Dehlaviydir.

Asli ismi Yaminiddin Abul Hasan bo`lgan bu zot melodiy 1253 yilda Hindistonning Gang daryosi bo`yidagi Patyoli shahrida tug`ilgan. Uning otasi Amir Sayfuddin Mahmud asli Kesh (hozirgi Shahrisabz)dan bo`lib, mo`g`ullar istilosidan oilasini asrash uchun Hindistonga borib qolgan edi, onasi Davlatnozxonim esa hind qizi edi.

To`rt so`zdan bir she`r

Amir Sayfuddin Mahmud mo`g`ullarga qarshi janglardan birida halok bo`lgach, sakkiz yoshida otasiz qolgan Xusrav buvasi Imodulmulk qo`lida tarbiya topadi va o`z davrining bilimdon kishisi, zabardast shoir bo`lib etishadi.

Hikoya qilishlaricha Dehli hukmdori bir kun mashhur shoirlarni o`z huzuriga chorlaydi. Shunda bo`lajak shoirning ustozi Sad`iddin Muhammad bu yig`inga yosh Xusravni ham boshlab boradi va yig`ilganlarga uning favqulodda iste`dodi haqida gapiradi. Shunda bu erda hozir bo`lgan Xoja Izaddin degan mashhur shoir yosh Xusravni sinab ko`rish uchun unga “mo`y, urug`, o`q, qovun” degan to`rt so`z ishtirok etgan she`r tuzishni so`raydi. Xusrav bu so`zlardan:

Ikki zulfin har mo`yida bu xush sanam,

Yuzlab anbar urug`ini qilmishdir zam.

O`qday to`g`ri deya bilma dilin chunki

Qovun kabi uning tishi ichida jam,

degan to`rtlik to`qib yig`ilganlarning olqishiga sazovor bo`ladi.

Yaminiddin Xusrav Dehlaviy voyaga etgach, o`sha davr Dehli hukmdorlarining saroyida xizmat qiladi, shu bilan birgalikda yuksak mahorat bilan badiiy asarlar – g`azallar, qasidalar, tuyuqlar, ruboiylar va boshqa janrlardagi asarlarini yaratadi.

“Nazm o`rmonining arsloni”

U o`z asarlarida inson qalbining eng teran torlari – ezgu orzu-umid va hislarini nozik ramzu ishoralar bilan bayon etadi, uning she`rlari ajoyib obrazlar, o`xshatishlarga boy edi.

Alisher Navoiy Xusrav Dehlaviy ijodiga yuksak baho berib, uni “hind sehrgari” – “nazm beshasining g`azanfari, dardu ishq otashkadasining samandari va zavqu hol vodisining pokravi” deb ataydi.

Xusrav Dehlaviy bir necha she`riy devonlar, epik asarlar bilan bir qatorda besh she`riy doston – “Matla`ul anvar”, “Shirin va Xusrav”, “Majnun va Layli”, “Oynai Iskandariy” va “Hasht behisht”dan iborat bo`lgan buyuk “Xamsa”sini yaratadi. Shu bilan birlikda shoir musiqa sohasining ham etuk san`atkori hisoblangan.

“Eng baxtli odam shu...”

Ijodkor o`z kelib chiqishi borasida faxr bilan: “Turkiyi Hindustonam, hindaviy go`yam chu ob” (“Men Hindiston turkiylaridanman, ammo hind tilini suvday bilaman”), deb yozgan edi.

Shoir badiiy ijodning insoniy mas`uliyatini baland tutar edi. U o`z hikmatlaridan birida:

So`zlaringda bo`lsa fikru o`y yoniq,

Bo`lsin har so`zingda bir nuqta aniq,

deb ta`kidlagan edi. Yana bir baytida esa:

Zavqu shavqqa to`la yarim bet qog`oz,

Shavqsiz yuz kitobdan a`lo, sarafroz,

deb yozadi va badiiy asarning insonga albatta zavq berishi shartligini aytadi.

Xusrav Dehlaviyning ko`p she`rlari xalq orasida qo`shiq bo`lib ketgan edi. Hindistonning buyuk jamoat arbobi Javoharlal Neru shoirning qo`shiqlari haqida: “Uning qo`shiqlarini hozir ham tez-tez kuylab turadilar. Men olti yuz yil ilgari yozilgan va shu kungacha hammabop bo`lib, xalqning mehr-muhabbatiga sazovor bo`lgan bundan boshqa qo`shiqlarni bilmayman”, deb yozgan edi.

Shoir o`z hikmatlaridan birida:

Hayotda qoldirsa kim abadiy nom,

Eng baxtli odam shu, xullasi kalom,

deb yozgan edi. O`zbek va hind xalqlarining bu buyuk farzandi o`z ijodi bilan hayotda o`z nomini abadiy qoldirib ketdi.

Muxtor Xudoyqulov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1