AsosiyJamiyat

​TERROR TAHDIDIDAN OGOH BO`LAYLIK

'​TERROR TAHDIDIDAN OGOH BO`LAYLIK 'ning rasmi

Poytaxtimizdagi harbiy qismlardan birida “Diniy ekstremizmga qarshi kurash – barchamizning burchimiz” mavzusida ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi. Unda harbiy qism xizmatchilari, huquq-tartibot idoralari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qochoqlar rekord o`rnatishmoqda

Ta`kidlanganidek, bugun terrorizm, diniy aqidaparastlik, fundamentalizm singari illatlar hamon dolzarb bo`lib turibdi. Dunyoning turli nuqtalarida din niqobida ostida turli yovuz kuchlar o`z chirkin maqsadlarini amalga oshirish yo`lida murosasiz kurash olib bormoqdalar. Ular sodir etayotgan xunrezliklar oqibatida har kuni o`nlab begunoh insonlar nobud bo`layotir. Ular orasida norasida go`daklar, ayollar va keksalarning ko`pligi g`oyatda achinarlidir.

BMT ma`lumotlariga ko`ra, 2016 yilda butun dunyoda sodir etilayotgan urush va qonli mojarolar, iqtisodiy va ekologik omillar sababli o`z yurtidan bosh olib chiqishga yoxud yashash joyini o`zgartirishga majbur bo`lganlar soni 65 million kishidan oshib ketgan. Bu hatto Ikkinchi Jahon urushi yillaridagi qochoqlar sonidan ko`ra ko`proq.

Eng dahshatlisi, Islom nomidan sodir etilayotgan bu mudhish jinoyatlar muqaddas dinimizga dog` tushirishi barobarida, jahon miqyosida unga nisbatan salbiy qarashlarning shakllanishiga sabab bo`layotir.

Prezidentning muhim tashabbusi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev yaqinda BMT Bosh Assambleyasida so`zlagan nutqida ham bu masalaga alohida to`xtalib, jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini etkazish eng muhim vazifa ekanini, muqaddas dinimizni zo`ravonlik va qon to`kish bilan bir qatorga qo`yib bo`lmasligini ta`kidlagan edi. Tadbirda so`zga chiqqanlar Prezidentimizning ushbu nutqida ko`tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan fikrlarini bildirishdi.

–Ushbu nutq nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi, – deydi O`zbekiston Musulmonlari idorasi mas`ul xodimi Ilhom Ma`rupov. - Yurtboshimiz nufuzli minbardan turib, BMT Bosh Assambleyasining «Ma`rifat va diniy bag`rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qildi. Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta`lim olish huquqini ta`minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko`maklashishdan iborat. Yurtboshimizning mazkur taklifi va tashabbusi nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etgan ko`plab davlat va hukumat rahbarlari tomonidan qo`llab quvvatlangani alohida e`tiborga molikdir.

Harbiylar ham mustasno emas

Tadbirda bunday zararli oqimlarning ta`siridan harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolarini himoyalash xususida ham alohida so`z yuritildi. Zotan, ayni paytda tobora kuchsizlanib borayotgan “Islom davlati” (IShID) terroristik tashkilotining ko`pgina rahbarlari o`z vaqtida turli davlatlarning harbiy va siyosiy tuzilmalarida ishlashgan.

Jumladan bir paytlar qo`shni Tojikiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligida mas`ul vazifada ishlagan polkovnik Gulmurod Halimovning aynan mazkur jinoiy tuzilmaga qo`shilgani ham buning yaqqol dalilidir. Rossiya Mudofaa vazirligining xabar qilishicha, G. Halimov joriy yilning sentyabr oyida Suriyaning Dayr az-zor shahri yaqinida olib borilgan aksilterror operasiyalari chog`ida yo`q qilingan.

Albatta, bugungi kunda mamlakatimizda harbiy xizmatchilarni har taraflama rag`batlantirish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida hukumatimiz tomonidan barcha choralar amalga oshirilmoqda. O`z navbatida harbiylarimiz ana shu rag`bat va g`amxo`rlikka javoban yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi ta`minlash, Vatanimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo`shib kelishmoqda. Shunday bo`lsa-da, harbiylarimizning bu boradagi bilim va ko`nikmalarini oshirib, mafkuraviy immunitetini kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Tadbir samimiy, qiziqarli va o`zaro o`zaro muloqot ruhida o`tdi. So`zga chiqqanlar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarishdi.

O`z muxbirimiz

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar