Prezident Shavkat Mirziyoev Xorazm viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida Urganch shahridagi Yoshlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, deb xabar beradi O`zA.
«Biz bu kabi zamonaviy inshootlarni ko`plab qurishimiz mumkin. Lekin uning ichida qanday ta`lim-tarbiya olish, hunar o`rganish siz yoshlarning intilish va tashabbuslaringizga bog`liq. Xorazmlik yoshlar bu borada boshqalarga o`rnak bo`lishi kerak», dedi davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident turli sabablarga ko`ra to`g`ri yo`ldan adashib qolgan yoshlarni sog`lom hayotga qaytarishda ularning tengdoshlari yordam berishi kerakligini qayd etdi. Shundan so`ng, Shavkat Mirziyoev viloyatning bir guruh faol yoshlari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi. Ular orasidan 17 yoshli sportchi Shirinoyga davlat rahbari Spark rusumli avtomashinani sovg`a qildi.
Shironoy oddiy oila farzandi. Otasi quruvchi, onasi esa uy bekasi. Oiladagi e`tibor tufayli 10 yildan buyon sportning karate turi bilan shug`ullanib keladi. 2012 yilda O`zbekistonda o`tkazilgan jahon kubogida 2ta oltin medalni qo`lga kiritgan. 2013 yilda esa Yaponiyaning Tokio shahrida o`tkazilgan jahon chempionatida ham mutlaq g`olib bo`lgan. U bugungi kunda 3 karra jahon chempioni degan yuksak nom egasi.









