Iste`molchi sifatida axborotlarni bir necha daqiqalarda izlab topish, undan foydalanish, bir so`z bilan aytganda yangiliklarga bo`lgan ehtiyojni tez fursatda qondirish maqsadida bugun aholining katta qismi ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda.
Shuni inobatga olgan holda Davlat bojxona qo`mitasi yurtimizda va uning tashqarisidagi axborot foydalanuvchilariga yanada kengroq qulayliklar yaratish maqsadida Telegram xorijiy ijtimoiy tarmog`ida o`zining rasmiy yangiliklar kanalini ishga tushirdi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi Axborot xizmati xabar berdi.
Shu o`rinda telegram messendjeri haqida ikki og`iz so`z – telegram messendjeri internet foydalanuvchilarini o`ziga tobora jalb qilib borayotgan axborot dasturi hisoblanadi. Telegram orqali bir kunda 15 milliardga yaqin matnli xabarlar va mediafayllarni o`zaro almashish imkoniyati mavjud. Ma`lumotlarga ko`ra, hozirda messendjerning 100 milliondan ortiq foydalanuvchisi bor. Har kuni ushbu messendjerga 600 mingga yaqin insonlar a`zo bo`lmoqda.
Endilikda www.bojxona.uz saytida e`lon qilib borilayotgan yangilik, e`lon, va bojxona sohasiga oid me`yoriy-huquqiy hujjatlarning qisqacha anonsi va luar joylashtirilgan manzili qo`mitaning telegram ijtimoiy tarmog`idagi rasmiy axborot kanaliga ham joylashtirib boriladi. Yangilik bilan batafsil tanishmoqchi bo`lgan o`quvchi esa avtomatik tarzda DBQning rasmiy veb saytidagi havolaga o`tishi va o`zi uchun kerakli ma`lumotlar bilan to`liq tanishish imkoniyatiga ega bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasining telegram ijtimoiy tarmog`idagi manzili: https://t.me/customschannel.






