1

Yorug` kunlarda yuzlashmoq shukuhi

Jamiyat 30.01.2014, 18:28
Yorug` kunlarda yuzlashmoq shukuhi
Assalomu alaykum, aziz "Darakchi" mushtariylari!

Bir muddat tanaffusdan so`ng yana siz azizlar bilan g`oyibona diydorlashish baxtiga musharaf bo`lganimizdan benihoya mamnunmiz. Maqolaning salom bilan boshlangani bejiz emas. Aslida salom bu tinchlik, salomatlik, barqarorlik tilamoqdir. Salomlashishdan maqsad ham ana shu buyuk ne`matlarning bardavomligini tilashdan iborat.

Inson tabiati g`alati. Ko`p ne`matlarning qanchalik ulug` ekanini undan ajragach anglaydi. Keksayganda yoshlikda bekor o`tkazilgan oltin damlarni qo`msaydi. Betoblikda salomatlikning qadriga etadi. Notinch damlarda osoyishtalikning qanchalik bebaho ekanini tushunib etadi. Ochqagan paytda ko`ziga bir burda non oltindan aziz ko`rinadi. Tashnalik payti bir tomchi har qanday duru javohirdan qimmatli ekanini anglaydi.  

Faqat oqil va ogoh kishilargina bu ne`matlarni o`z vaqtida qadrlash lozimligini yaxshi biladi. Oramizda ana shunday yuksak aql va salohiyat egalari qanchalik ko`p bo`lsa, shuncha yaxshi...

Agar ogohsen sen...

Darhaqiqat, ogohlikda hikmat ko`p. Dunyoning turli nuqtalarida yuz berayotgan o`zgarishlar, voqea-hodisalarni uyingizdan bir qadam siljimasdan kuzatish imkoniga egasiz.

Bugungi davr, jarayon har birimizdan ogohlikni, tevaragimizda ro`y berayotgan yangiliklarga teran nigoh bilan boqishni, komil aql bilan xulosa chiqarishni, tinchlik, osoyishtalik, farovonlik naqadar ulkan ne`mat ekanini chuqur anglab etishni taqozo etadi. 

Xalqimizda “birni ko`rib fikr qil, birni ko`rib shukur qil”, “yomonni ko`rmaguncha yaxshining qadriga etmaysan” singari maqollari bejiz aytilmagan. Zotan, hamma narsa taqqosda namoyon bo`ladi. Zulmat bo`lmaganda yorug`likning, yovuzlik bo`lmaganida ezgulikning qadr-qimmati qolmagan bo`lur edi. 

Dunyo voqealarini  sinchiklab kuzataylik, turli mojarolar, nizolar, kelishmovchiliklar, qonli to`qnashuvlar, muammolar ildiziga nazar solaylik. Bu yurtimizda yashayotgan, o`zini shu  Vatanga daxldor deb bilgan har bir inson qalbida shukronalik, faxru iftixor tuyg`usini uyg`otishi, ozod va obod yurtimizga muhabbat hissini yanada mustahkamlashi muqarrar.

Aziz onlar qadri

Kungi kecha fayzli dasturxon atrofida, yaqinlarimiz davrasida ezgu niyatlar bilan yangi yilni qarshi olgandik. Qarangki,  2014 yilning birinchi oyi ham ortda qolibdi. Bir qarashda vaqt shu qadar shiddat va shitob ila oldinga intilayotgandek.

Mashhur olim Albert Eynshteyndan olamshumul Nisbiylik nazariyasini soddaroq qilib tushuntirib berishni so`raganlarida shunday degan ekan: “Azob iskanjasda o`tgan bir lahza ham xuddi yillardek uzun tuyuladi, baxt va quvonch to`la kunlar esa, ko`z ochib yumgunchao`tib ketadi”.

Ehtimol hayotimizdagi farovonlik, fayz-baraka, quvonchli kunlarning ko`pligi sababli vaqt ham bizga tezlashgandek tuyular? Bugungi kunda urush, notinchlik, talofatlar, halokatlar hukm surayotgan mintaqalar ahli uchun ham vaqt shu qadar tez o`tayotgandek tuyularmikin?

O`tgan bir yilga nazar tashlaylik. Shu bir yil ichida yurtimizda qanchadan qancha o`zgarishlar ro`y berdi. Minglab ta`lim-tarbiya muassasalari, shifo maskanlari, turar-joy binolari foydalanishga topshirildi. Xalq xo`jaligining turli tarmoqlarida keng qamrovli yutuqlar qo`lga kiritildi. Mamlakatimizda iqtisodiy o`sish sur`atlari saqlanib qolmoqda. O`tgan yil yakunlari bo`yicha yalpi ichki mahsulotning o`sishi sakkiz foizni tashkil etganining o`zi fikrimizning yaqqol isbotidir.

O`tgan yilda sport, madaniyat, ta`lim, fan sohalarida ham muayyan yutuqlar qo`lga kiritildi. Ayniqsa yoshlarimizning turli yo`nalishlarda o`z kuch va salohiyatini yaqqol namoyon etayotgani quvonarli hol. O`tgan yil so`ngida o`tkazilgan “Yurt kelajagi”, “Kamalak yulduzlari” singari yirik tanlovlarda yoshlarimizning bu boradagi intilishlari yanada yorqinroq ko`zga tashlandi. “E`tirof-2013” san`at va madaniyat yo`nalishida faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz ijodi va faoliyatini munosib taqdirlashda muhim omil bo`ldi. 

Holbuki, o`tgan bir yil ichida olam necha bor turlandi. Hali-hanuz jahon iqtisodiyotida o`sish sur`atlari u tezlashgani yo`q,   uning rivojlanishida xatarlar saqlanib qoldi. O`nlab mamlakatlar moliyaviy inqiroz asoratidan qutala olmadi. Ishsizlik, siyosiy beqarorlik, milliy va irqiy nizolar, tabiiy ofatlar, urush va xunrezliklar o`tgan 2013 yilda ham dunyo mehvarini chetlab o`tmadi. 

Ana shunday sertashvish, shiddatli bir davrda yangi yilni xush kayfiyatda, ezgu orzu umidlar, izlanishlar bilan qarshi olgshanimiz barchamizning baxtimiz bo`lsa kerak.

Biz qaerda yashayapmiz?

Milliy qonunchiligimizda, xususan, Bosh qomusimizda ham barcha fuqarolarning teng huquqli ekani, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat`iy nazar qonun oldida teng ekani qayd etiladi.  Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik barcha uchun kafolatlanadi. Har kim o`z sha`ni va obro`siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joy daxlsizligi huquqiga ega. Har bir inson xohlagan dinga e`tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e`tiqod qilmasligi mumkin. Har bir shaxs mulkdor bo`lishga haqli. Bu ro`yxatni yana davom etirish mumkin. Zotan, bunday huquq va erkinliklar xalqaro huquqning umum e`tirof etilgan me`yorlariga ham to`la-to`kis mos keladi. Biz yuqoridagi tamoyillarning amaldagi ifodasini kundalik hayotimizda ham yaqqol ko`rishimiz mumkin. 

Yurtboshimiz ta`biri bilan aytganda, mamlakatimizda inson islohot uchun emas, islohotlar inson uchun xizmat qilayotir. Yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, turli diniy konfessiyalar vakillari bir oila a`zolaridek ahil-inoq hayot kechirmoqda. O`zbek xalqining bag`rikengligi turli e`tiqod va madaniyatlarga hurmat bilan qarashi boshqa millat hamda elat vakillari tomonidan chuqur samimiyat bilan e`tirof etilmoqda. 

Hozirgi kunda mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub 2 223 diniy tashkilot, Konstitusiyamiz kafolatlab bergan teng huquqlilik asosida demokratik, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo`lida yagona oila singari birlashganlar. Ta`lim muassasalarida yoshlarning ta`lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Shifo maskanlari aholining salomatligini saqlash uchun xizmat qilayotir. Huquq va tinchlik posbonlarining hushyorligi va sergakligi  sabab Vatanimizda tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik muhiti  hukmron. Dunyoning ko`plab mintaqalarida zo`ravonlik, sinfiy kamsitishlar, milliy, irqiy, diniy tengsizliklar hukm surayotgan bir paytda...

Inson erki dahlsizdir

Istiqlolning ilk yillaridan boshlab, o`lkamizda inson huquqlari ustuvorligini ta`minlash, sud-huquq tizimini takomillashtirishi, jinoiy jazolarni liberallashtirishga jiddiy e`tibor qaratildi O`zbekiston ko`plab xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a`zosiga aylandi. 1992 yilning 2 martidan buyon Vatanimiz bayrog`i BMTning peshtoqida mag`rur hilpirab turibdi.  Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi O`zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin qo`shilgan birinchi xalqaro hujjat sanaladi. O`tgan davr ichida mamlakatimiz inson huquqlari bo`yicha 70 ortiq huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar ishtirokchisiga aylandi va ayni kunda bu hujjatlar ijrosiga juda katta e`tibor qaratib kelinayotir.

Joriy yil boshida mamlakatimizda o`lim jazosi bekor qilinganiga olti yil to`ldi. Holbuki, bugungi kunda ham dunyoning o`nlab mamlakatlarida bu jazo usulidan voz kechilgani yo`q. Har yili ko`plab davlatlarda minglab insonlar turli darajadagi jinoyatlari uchun “qonun nomi bilan” turli usullarda qatl etilmoqda.

Hozir  Er yuzidagi 68 ta mamlakatda bu jazo turli jinoyatlar uchun qo`llanib kelinmoqda. Dunyoda “sehrli diyor”, “demokratiya beshigi” kabi jarangdor nomlar bilan ta`riflanadigan AQShning bir qator shtatlarida  bu jazo usuli saqlanib turibdi.  

Tinchlikka ko`z tegmasin

Suhbatimizni be`jiz salomdan, ya`ni tinchlik-xotirjamlikdan boshlamadik. Tinchlik bor ekan, ko`nglimiz xotirjam, har kuni ertalab emin-erkin ishga, o`qishga otlanamiz. Tinchlik barqaror ekan, yurtimizning turli hududlarida obodonchili, bunyodkorlikishlari bardavom. Osoyishtalik hukmronki, farzandlarimiz zamonaviy ta`lim maskanlarida ta`lim olib, ilm-fan cho`qqilarini egallashmoqda, fan san`at va sport sohalarida mislsiz yutuqlarni qo`lga kiritishmoqda. Yurtimiz osoyishta ekan, har kuni bayram, har kuni shodiyona. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan mehmonlar mamlakatimizdagi ahillik, barqarorlik va taraqqiyotga havas bilan qaramoqda. 

Yurtimiz tinch, ko`nglimiz xotirjam, qalbimizda shukronalik hissi jo`sh urarkan, biz, tahririyat xodimlari ham har hafta Sizning xonadoningizga g`oyibona, eng qaynoq xabarlar, dilkash suhbatlar, qiziqarli, ajoyib va g`aroyib yangiliklar, rang-barang sahifalar ila kirib boraveramiz!

"Darakchi" tahririyati

"Darakchi" gazetasi 2014 yil 1-son

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1