31.01.2014 11:06
2013 yilda 181 ta yangi transport yo`nalishi ochildi
Agentlikning mas`ul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan tadbirda istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida avtotransport xizmatlari bozorida bozor munosabatlari va sog`lom raqobat muhitini shakllantirish uchun zarur sharoitlar yaratilgani ta`kidlandi, deya [url=http://uza.uz/oz/society/30606/]xabar beradi O`zA.
Buning samarasida yo`lovchi tashish tizimi yil sayin rivojlanib borayotir. Masalan, 2000 yilda mamlakatimizda ikki mingga yaqin yo`lovchi tashish yo`nalishlari mavjud bo`lgan bo`lsa, 2013 yil yakunida ularning soni 4280 ni tashkil qildi.
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ushbu yo`nalishlarni yanada rivojlantirish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda turli yo`nalishlarning bandligi va aholining yo`lovchi tashish transportidan foydalanish bo`yicha ehtiyojini muntazam o`rganib bormoqda. Natijada o`tgan yil mobaynida rejalashtirilgan 95 yo`nalish o`rniga 181 yangi yo`nalish ochildi. Ularning katta qismi qishloq joylarda tashkil etildi. Ta`kidlash joizki, foydalanilayotgan yo`nalishlarning 97,9 foizi tender savdolari orqali joylashtirildi. Bu esa avtotransport xizmatlari bozorida barcha tashuvchilar uchun sog`lom raqobat muhitini rivojlantirish va teng sharoit yaratishga yordam beradi.
Aholiga transport xizmatlari ko`rsatayotgan korxonalarda avtotransport vositalarini yangilashga ham katta e`tibor berilmoqda. Buning natijasida 2013 yilda Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan 528 yangi «Isuzu» avtobuslari lizing asosida sotib olindi va ayni paytda ular mamlakatimizning barcha hududlarida aholiga xizmat ko`rsatmoqda.
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi mutaxassislarining ma`lum qilishicha, Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi reja-jadvaliga asosan 2013 yilda avtotransport sohasidagi 34 korxona va tashkilot faoliyati tekshiruvdan o`tkazilgan. Ichki ishlar vazirligining Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va Davlat soliq qo`mitasi bilan birgalikda noqonuniy faoliyat ko`rsatayotgan sub`ektlarni aniqlash bo`yicha qo`shma reydlar o`tkazilmoqda.
Matbuot anjumanida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari rahbarlari, mutaxassislarining malakasini oshirish, ularga maslahat yordami ko`rsatishga doir tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ham ta`kidlandi. Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytarildi.





