Bugun Toshkent shahar Mirobod tumani Jinoyat ishlari bo`yicha sudi Borovskiy kollejining marhum talabasi Jasurbek Ibrohimov bo`yicha majlisni davom ettirdi. Unda Davlat ayblovchisi Akromov Baxtiyorning sudlanuvchi To`laganov Islombekka nisbatan qanday jazo qo`llanilishi to`g`risidagi qarorini eshitdi.
Davlat ayblovchisi Akromov Baxtiyor so`zlaridan:
“Davlatimizning bosh vazifalaridan biri inson haqida g`amxo`rlik qilishdir. Binobarin O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida inson omili, uning shaxsiy huquq va erkinliklari qat`iy mustahkamlanib qo`yilgan. Chunonchi, Konstitusiyamizning 18-moddasida O`zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo`lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar qonun oldida tengligi qayd etilgan bo`lsa, 19-moddada Fuqarolarning Konstitusiya va qonunlarda mustahkamlab qo`yilgan huquq va erkinliklari dahlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo`yishga hech kim haqli emasligi belgilangan. Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasida esa insonning yashash huquqi va qadr-qimmati, ozodligi va xavfsizligi sha`ni va obro`yini himoya qilish kabi huquqlari mustahkamlangan. Ushbu xalqaro huquqiy me`yorlar O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ham asosiy negizini tashkil qiladi. Shuni ta`kidlash joizki, shaxsning huquq va erkinliklari sud-huquq sohalarining me`yorlari bilan himoya qilinadi. Insonning hayoti va sog`ligi shaxsning bebaho boyligi sanaladi va uning bu boyliklardan mahrum etilishi yoki ularga shikast etkazilishi shaxs uchun katta fojea hisoblanadi. Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi bo`lib, unga tajovuz qilish eng og`ir jinoyat hisoblanadi. Qasddan badanga og`ir shikast etkazish, buning oqibatida jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`luvchi og`ir jinoyat bo`lib, unga qarshi kurash olib borish huquq tartibot organlarining asosiy vazifasi sanaladi. Inson hayoti va fuqarolarning yashash huquqlariga qaratilgan izchil sa`yo-harkatlarga qaramasdan ayrim kimsalar insonlarning yashash huquqiga qarshi qaratilgan jinoyatlarni sodir etmoqdalar. Ana shunday shaxslardan biri temir panjara ortida o`tirgan sudlanuvchi To`laganovdir. Bugun biz To`laganovga nisbatan bo`lgan jinoyat ishini ko`rib chiqib, yakunlash arafasida turibmiz. Jinoyat ishi hujjatlariga ko`ra, To`laganov o`rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida Ibrohimovning bosh qorin va hayot uchun muhim boshqa sohalariga qo`l va oyog`i bilan urib, hayot uchun xavfli bo`lgan ko`plab jarohatlar etkazgan. Sud majlisida Islom To`laganov unga e`lon qilingan ayblovga iqror emasligini qayd etib o`tgan bo`lsada, uning aybi jabrlanuvchi va guvohlarning bergan ko`rsatmalari, shifoxonalarda jabrlanuvchi Ibrohimov nomiga yuritilgan kasallik tarixi hujjatlari, sudga oid tibbiyot ekspertiza xulosasi, O`zbekiston Respublikasi Oliy va O`rta maxsus ta`lim vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosali, Alieva tomonidan taqdim etilgan jinoyat ishi bo`yicha ashyoviy dalillar, komissiyaviy sudga oid tibbiyot sudga oid tibbiyot ekspertiza xulosasi, sudga oid biologik ekspertiza xulosasi, tibbiy ma`lumotlar va boshqa hujjatlar bilan to`liq o`z tasdig`ini topgan. Dastlabki tergov organlari tomonidanTo`laganovning aybi O`zR Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-qismi “D” bandi bilan to`g`ri malakalanib, baho berilgan. Unga nisbatan jazo tayinlashda uning shaxsini sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyati, jazoni og`irlashtiruvchi va engillashtiruvchi holatlarni inobatga olish lozim bo`ladi.”
Davlat ayblovchisi sudlanuvchi Islombek To`laganovni O`zR Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-qismi “D” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, O`zR Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga asosan unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlashni, ushbu jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o`tashni belgilashni so`radi.
Mazkur sud ishi 26 oktyabr kuni o`z ishida davom etadi. Unda tomonlarning advokatlarining muzokaralari bo`lib o`tadi.