AsosiyJamiyat

Amnistiya asosida ozod etilganlarning keyingi taqdiri qanday kechadi?

Shu kunlarda ko`plab yurtdoshlarimiz Konstitusiyamizning 21 yilligi munosabati bilan e`lon qilingan amnistiya asosida jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda...
 
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatining Amnistiya to`g`risidagi Qarori  ijrosini ta`minlash maqsadida Toshkent shahar hokimining tegishli  qarori qabul qilindi.

Qarorda asosiy e`tibor ozodlikka chiqarilgan shaxslarga moddiy va maishiy jahatdan yordam ko`rsatish, qisqa muddatlarda ularning hujjatlarini tiklab, yashash joylaridan ro`yxatdan o`tkazish, shuningdek kasallikka chalingan shaxslarni davolash muassasalariga joylashtirish, ish bilan ta`minlash, zarur holda qayta kasbga o`qitish, nogiron, nafaqa yoshiga etgan shaxslarga o`z vaqtida nafaqa tayinlash, voyaga etmaganlarni ota-onalarining yoki homiylik organlarining nazoratiga topshirish, shuningdek, bu tadbirlarni amalga oshirishda tegishli xizmatlar va jamoat tashkilotlarining hamkorligini ta`minlashga qaratilgan.

Toshkent shahar hokimining qaroriga ko`ra, har bir tumanda ichki ishlar, sog`liqni saqlash idoralari hamda ijtimoiy moslashish markazi mas`ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzildi. Ular tomonidan ozod etilgan har bir shaxs ro`yxatga olinib, belgilangan vazifalar yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
 
Habibulla Bekmirzaev:
– 2013 yil 7 dekabr kuni amnistiyaga asosan, jazodan ozod qilinib, ota-onam bag`riga qaytdim. O`shanda onamning suyunganini aytmaysizmi? Uning quvonchini ko`rib jazodan ozod etilganim nafaqat o`zim uchun, balki ota-onam, yaqinlarim uchun ham nihoyatda quvonchli voqea bo`lganligini his etdim.

Uyga qaytgach, Mirobod tumani hokimlgi tomonidan yordam puli berildi.  Ko`p o`tmay Politexnika kollejiga talabalik safiga yana qayta qabul qilindim. Shu o`rinda Politexnika kolleji rahbari Nargiza Po`latovaning menga ko`rsatgan yordamini ham alohida ta`kidlab o`tishni istardim. Ayni paytda 3-bosqich talabasiman. Kelajakda Yurtboshimizning, ota-onamning ishonchlarini oqlab, el-yurtimga halol mehnatim bilan xizmat qilaman deb va`da beraman.

Tohir Talipov:

— Yaqinda amnistiya farmoni asosida jazodan ozod etildim. Elim, oilam, mahalladoshlarim meni kechirib, iliq kutib olishdi. Hamza tuman hokimiyati esa, o`z vaqtida ishga joylashishimga yordam berdi. Men o`zimga bildirilgan ishonchdan, g`amxo`rlikdan minnatdorman. Hamma ham xato qiladi. Lekin xato qilgan odamni kechira olish, uning to`g`ri yo`lga tushib olishiga yordam berish faqat mardlarga xos fazilatdir. Men jazoni o`tash muassasasida yo`l qo`ygan xatolarim haqida ko`p o`yladim va qattiq pushaymon bo`ldim. Birdan-bir orzuim-tezroq ozodlikka chiqish va adashgan yo`limni to`g`rilash edi. Faqat menga ishonishsa, meni kechirishsa bas, derdim. Xudoga shukr orzuim ushaldi. Amnistiya sharofati bilan muddatdan oldin ozod etildim. Endi oilam, bolalarimga bosh bo`lish, mahalla-ko`y xizmatini qilish imkoniga egaman.

Botir Abdulazizov:
— Gaplarimni balandparvoz deb bilmang. Ozodlikka chiqqan kunim dunyoga qayta keldim, desam mubolag`a bo`lmaydi. Buni boshi toshga tegib, ko`zi kech ochilgan bir inson sifatida aytayapman. Erkinlikda, oilang davrasida sog`-salomat yashashning o`zi bir baxt ekan. Mana shu baxtga yana erishdim. U yoqdan kelishim bilan davlatimiz tomonidan ajratilgan moddiy yordam puli berildi. Ko`p o`tmay ish bilan ta`minlandim. Hozirda Shayxontohur tumanida joylashgan 76-maktabda xo`jalik ishchisi bo`lib ishlayapman. Amnistiya farmoni asosida jazodan ozod qilinib, yaqinlarim bag`riga eson-omon qaytganim qilgan xatolarimni tuzatish uchun berilgan imkoniyatdir. Endigi vazifam ana shu imkoniyatdan to`g`ri foydalanib, oilam, xalqim oldida yuzim yorug` bo`lishi uchun xizmat qilishdir.

Eslatib o`tamiz, Amnistiya to`g`risidagi Qaror 11 ta banddan iborat. Uning 1-bandiga asosan ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to`lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlat fuqarolari 8-bandda nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda jazodan ozod etiladi.

Amnistiya to`g`risidagi mazkur Qaror uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan; o`ta xavfli residivist deb topilgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni o`tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga; shuningdek, o`lim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan shaxslarga nisbatan tadbiq etilmaydi.

Amnistiya to`g`risidagi Qaror e`lon qilingan kundan, ya`ni 2013 yil 13 dekabrdan kuchga kirdi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.

[right]"Darakchi" gazetasi, 2-son [/right]

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar